Surxondaryoda tez yordam shifokorlari sinov tariqasida elektroskuterlardan foydalanishni boshladi

Jamiyat 16:38 / 18.05.2023 18948

Surxondaryo viloyatida tez yordam shifokorlari sinov tariqasida elektroskuterlardan foydalanishni boshlagan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Respublika tez tibbiy yordam markazi Surxondaryo viloyati filialiga bir kunda o‘rtacha 3000 dan ziyod chaqiriq kelib tushadi. Murojaatlarning aksariyati 17:00 dan tungi 01:00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘iga to‘ri keladi.

«Bunday tig‘iz paytda bemorlarga o‘z vaqtida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega. Shu bois viloyat "Tez yordam" xizmatida bu masalaga yechim sifatida elektroskuterlardan foydalanish yo‘lga qo‘yildi.

Elektroskuterlar zamonaviy tez yordam mashinalari kabi qulayliklarga ega bo‘lmasa-da, tirbandliklar va harakatlanish qiyin bo‘lgan joylarda oson yura oladigan transport vositasi sanaladi.

Bu esa shifokorlarning belgilangan manzilga kechikmay yetib borishi va og‘ir bo‘lmagan bemorlarga o‘z vaqtida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishiga xizmat qiladi», deyiladi xabarda.

Shifokorlarga berilgan elektroskuterlarda maxsus chemodan bo‘lib, unda bemorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishi uchun barcha dori vositalari va uskunalari bor.

Qayd etilishicha, chaqiruv bo‘yicha borgan feldsher vaziyatga qarab ish tutadi. Agar bemorning holati qoniqarli bo‘lsa, unga o‘zi yordam ko‘rsatadi va tavsiyalarini beradi. Mabodo bemorning ahvoli og‘ir bo‘lsa, zudlik bilan tez yordam brigadasini yordamga chaqiradi.

Ko‘proq yangiliklar: