9 may kuni Kun.uz'da Chilonzor tumanida joylashgan 178-maktabning o‘qituvchisi rahbarligidagi 4-sinf o‘quvchisining onasi tomonidan kaltaklangani haqidagi surishtiruv e’lon qilingandi.
Shundan so‘ng, Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati Kun.uz muxbiriga holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ma’lumot berdi.
“Yetkazilgan tan jarohatining og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchiga sog‘liqning qisqa muddat buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohati yetkazilgani aniqlangan. Tergov jarayonida barcha vajlar tekshirilib, yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, – deydi poytaxt IIBB matbuot kotibi Nilufar Isaxanova.
Shuningdek, hozirda bu holat Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining ham nazoratiga olingani aytilmoqda.Unga ko‘ra, o‘qituvchi tomonidan Chilonzor tuman IIO FMB ga murojaat qilingan. Ayni vaqt huquq-tartibot xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.
"Tegishli tashkilotlar yuyqoridagi holat bo‘yicha befarq emas. O‘rganish ishlari olib borilmoqda va yakunlari bo‘yicha batafsil ma’lumot beriladi",– deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Chilonzor tumanidagi maktablardan birida bo‘lgan bu mojaro o‘quvchi qizlarning o‘zaro kelishmovchiligi va yig‘-yig‘lar sabab yuzaga kelgani aytilgandi.