“Oila qurish uchun Xitoyda o‘qish imkoniyatidan voz kechgandim” – Janubiy Koreyada grant yutgan qiz hikoyasi

Jamiyat 14:55 / 07.05.2023 39282

Shahodat Murodova “Mikrofon qizlarda” loyihasining navbatdagi qahramoni bo‘ldi.

Orzularga boy va mashaqqatli bolalik

Jizzax viloyatidanman. Oilada ikki qizmiz. Bolaligim orzularga to‘la bo‘lgan. Birinchi shifokor bo‘lishni, keyinroq esa telejurnalist bo‘lishni orzu qilganman. Adabiyot, she’riyatga muhabbatim baland edi.

Bolaligim biroz qiyin o‘tgan. Men hali ikki yosh paytim dadam avtohalokat tufayli vafot etgan. Singlim ham bu payti juda kichik edi. Bizni otamning ota-onasi – bobo-buvim katta qilishgan. Ular yoshi kattaroq bo‘lgani va hech qayerda ishlamaganliklari sababli oilamizda moddiy qiyinchiliklar ham bo‘lib turardi. O‘qishga borishim uchun yo‘lkira topilmay qolgan paytlar ham bo‘lgan. Biroq bobo-buvimning (Alloh rahmatiga olsin) o‘qishga muhabbat qo‘yishimizda hissalari juda katta bo‘lgan. Ular bizni o‘qishga rag‘batlantirishgan, tezroq turmushga berib yuborish haqida emas, avvalo, ilmli bo‘lib yo‘limizni topib olishimiz haqida o‘ylashgan.

O‘rta ta’limni tugatgach, Toshkentdagi Sharqshunoslik universitetining Xitoy tili filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirganman. Jurnalist bo‘lish orzum hali ham qat’iy edi, lekin abituriyent paytim “Jurnalist bo‘lish uchun aynan jurnalistikada o‘qish shartmas, xorijiy tillarni bilish, ilmli bo‘lish bilan yaxshi jurnalistga aylanish mumkin”, degan gapni eshitganman va ayni shu fakultetni tanlaganman. Shartnoma asosida o‘qiganim sababli darsdan keyin kontrakt pulimni ishlab topish uchun o‘quv markazlarida xitoy tilidan dars berardim.

“Xitoyga ketish imkonidan voz kechganman...”

O‘qishni bitirib Jizzaxga qaytib borganman, bu orada bo‘lajak turmush o‘rtog‘im Janubiy Koreyada magistraturani tugatib, ishga joylashib oila qurish uchun O‘zbekistonga qaytib kelgan. Facebook orqali meni ko‘rib, uyimizga sovchi jo‘natgan va uchrashuvda bir-birimizga ma’qul bo‘lganmiz. Biroq men Xitoyda o‘qish uchun Konfutsiy grantini yutib olgandim va o‘sha paytda o‘qishga ketish uchun hujjat ishlari bilan yurgandim, vizam ham tayyor bo‘lgandi. Turmush o‘rtog‘im esa “Xitoyga ketmang, Koreyaga olib ketaman, o‘sha yerda o‘qiysiz, sharoit qilib beraman”, degandi. O‘sha payt oldimda ikkita tanlov qolgan: Xitoyda o‘qish orzum edi, grantim bor, buni tanlaymi yoki oilali bo‘lib, Koreyada yangi hayot boshlashnimi deb ikkilanganman va oilani tanlab, to‘yga rozilik berdim.

Koreyada yangi hayot

Koreyaga kelgach, dastlab, til bilmaganim uchun ancha payt uyda o‘tirib qoldim. Do‘kondan narsa sotib olishga ham qiynalardim hatto. Yangi muhitga moslashishdagi qiyinchiliklar sabab stressga tushdim, 2 yilcha farzandli ham bo‘lmadik. Holatimni ko‘rgan turmush o‘rtog‘im menga o‘qishim kerakligini, hammasi iziga tushishini aytib, o‘zi uyda koreys tilini intensiv tarzda o‘rgatdi. Shundan so‘ng Koreyada mashhur bo‘lgan grant dasturi – GKS (Global Korea Scholarship)ga hujjat topshirdim va intervyularni koreys tilida topshirganim ham qo‘l kelib, grant yutib oldim. Bu grant dasturi o‘qishning barcha xarajatlarini qoplaydi, bundan tashqari, oyiga 900-1000 dollar atrofida stipendiya beriladi, sug‘urta pullari qoplab beriladi.

Ayni grant g‘olibi bo‘lganim aniq bo‘lgan payti farzand kutayotganimizni ham bilgandik. Grant talablarida homiladorlar, yosh bolalilar o‘qishi mumkin emas deyilgan qoida bor edi. Lekin baxtimga men hujjat topshirgan yili ayni shu qoida chiqarib tashlangan ekan.

Lekin men topshirgan ta’lim dasturi qoidasiga ko‘ra, magistraturada o‘qish boshlanishidan oldin talaba Koreyaning qaysidir shahriga bir yillik til kursi ta’limi uchun jo‘natiladi. Men ham magistraturam Seul shahrida bo‘lsa-da, til kursi ta’limi uchun boshqa shaharga borishimga to‘g‘ri kelgan. Turmush o‘rtog‘im esa Seul shahrida ishlaydi.

Qizimiz tug‘ilganda ham turmush o‘rtog‘im bilan alohida yashardik, uning chillasi chiqishi bilanoq o‘qishimni davom ettirish uchun bog‘cha izlashga tushganmiz. Har kuni ertalab tongdayoq qizimni bog‘chaga qoldirardim. Tush vaqtigacha o‘qish, so‘ng qizimni olib uyga qaytardim. Darslarimni qizim uxlagan payti tayyorlardim. Turmush o‘rtog‘im esa faqat dam olish kuni yonimizga kela olardi. Shu tarzda men til kursini tugatgunimgacha qizim 5-6 oylik bo‘lib qoldi. Hozir yana Seulda birgalikda yashayapmiz.

Magistraturani Sukmyon ayollar universitetida siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar fakultetida o‘qiyapman.

Til o‘rganish

Hozirgacha jami 4 ta tilni: koreys, xitoy, ingliz va rus tillarini bilaman.

Til o‘rganish uchun alohida texnikani tavsiya qilolmayman, lekin o‘z ona tilini yaxshi bilgan va xotirasi ustida ishlagan odamga til o‘rganish ancha oson bo‘ladi.

Koreyadagi hayot

Koreyada yosh ona uchun sharoitlar yaxshiligi sabab bola parvarishida unchalik ko‘p qiyinchiliklarga duch kelmaganman, lekin qizim bilan alohida yashaganimiz, o‘qishlar qiyinligi uchun boshida ancha qiynaldim. O‘qishni eplab ketishimda turmush o‘rtog‘imning qo‘llab-quvvatlovi, rag‘bati kuchli bo‘ldi. 

Hozirgi kunda o‘qish va farzand tarbiyasidan tashqari Instagram tarmog‘ida o‘z shaxsiy sahifamni yuritaman. Bu men uchun ham hobbi, ham maqsadim yosh bolali onalar ham turmush o‘rtog‘ining qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘qishi, xohlaganlariga erishishi mumkinligini ko‘rsatishdan iborat.

Koreyada narx-navo ancha baland. Shuning uchun grant dasturlari asosida o‘qish xorijlik talabalar uchun qulayroq. Biroq shartnoma asosida o‘qiyotgan talabalarda ham darsdan tashqari ishlash imkoniyati bor. Ham o‘qib, ham ishlab o‘z kunlik xarajatlarini o‘zlari ko‘tarayotgan o‘zbekistonlik talabalar ham juda ko‘p. Faqat migratsiya qoidalariga rioya qilish talab etiladi.

Koreya ta’limida meni eng hayron qoldirgan narsa hamma narsani onlayn tarzda bajarish imkoni yaratilgani bo‘ldi. Masalan, davomatdan ham telefondagi maxsus dastur orqali o‘tiladi, uyga vazifalar ham doim elektron topshiriladi. Talabalarning mustaqil fikrlashiga katta e’tibor beriladi.

Koreyada ta’lim olayotgan yosh bolali onalar juda ko‘p. Ular hamma narsaga, o‘qishga, ishga ulgurishga harakat qilishadi. Ularning harakatchanligiga havasim keladi.

Koreya bog‘chalari haqida

Koreyada bog‘chalar juda tartibli va ishonchli: davlat va xususiy bog‘chalarga bo‘linadi. Koreya fuqarolari uchun davlat bog‘chalari tekin, lekin chet elliklar uchun pulli. 3 yoshdan boshlab xorijlik fuqarolar ham bolasini davlat bog‘chasiga tekinga berishi mumkin. Lekin xuddi O‘zbekistondagidek davlat bog‘chalariga navbatlar ko‘p. Hozir qizim koreys davlat bog‘chasiga boradi, lekin xorijlik fuqaro bo‘lganimiz va qizimiz 3 yoshga to‘lmagani uchun bog‘chaga oyiga 500 dollar to‘laymiz.

Koreyada chetdan kelib yashayotgan yosh oilalar uchun asosiy qiyinchilik narx-navo bilan bog‘liq. Bu yerda narxlar nisbatan yuqori. Lekin er-xotin birgalikda ishlasa, bemalol oilaviy yashashga ham imkon topish mumkin. Taxminan o‘rtacha 2-3 ming dollar atrofida daromadi bo‘lsa, yosh oilalar yaxshi yashashi mumkin.

Zilola G‘aybullayeva, Maqsuda Abduqayumova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: