Tanishlarimdan biri kasalxonaga tushib qoldi. Undan hol-ahvol so‘rash uchun borsam ikki kishilik palatada yoshi elliklarga borgan kishi bilan birga yotgan ekan.
Tanishim bilan u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirar ekanman, hamxonasi ham suhbatimizga qo‘shildi. Gap asnosida uning nima darddan davolanayotgani bilan qiziqdim.
«Kasalim nimaligini o‘zim bilmayman. Shifokorlar ham aniq tashxis qo‘ya olmayapti. Doimiy holsizlik va bosh og‘rig‘idan qiynalaman. Dardimni eshitgan odam borki yaxshiroq ovqatlanish, kuchliroq, vitaminlarga boy taom yeyish haqida gapiradi. Ishtaham yaxshi, ovqatlanishim ham joyida. Biroq yeganim tanamga yuqmaydi. Bu nomi yo‘q kasallikning kelib chiqish sababini faqat o‘zim bilaman», dedi.
Shundan so‘ng u odamning shifokorlar ham topa olmayotgan kasalga nima sabab chalinganiga qiziqdim.
«Vaqtingiz bo‘lsa aytib beraman, shunda siz ham meni bu dardga nima yo‘liqtirganini tushunib olasiz» dedi haligi odam. Qiziquvchanligim sabab uning hikoyasini eshitishga ishtiyoqim ortdi va vaqtim bemalol ekanini aytgandim, hikoyasini boshladi:
«Bolaligimda otam viloyatdagi do‘konlarni mahsulot bilan ta’minlovchi tashkilotda ishlardi. Oilamizda hamma narsa oshiqchasi bilan turar, yeb-ichishda kamchilik bo‘lmagan. Mustaqillikdan keyin otam nafaqaga chiqdi. Men ham maktabni bitirdim.
O‘sha paytda otam mahallamizdagi aholiga un, yog‘ kabi kundalik mahsulotlar sotiladigan do‘konni olib ishlatmoqchi bo‘ldi, biroq ololmadi. Magazinchining tuman matlubot jamiyatida ishlovchi «tanka»si kuchli ekan.
Oradan ko‘p o‘tmay iqtisodiy qiyin davrlar boshlandi. Magazin peshtaxtalari butunlay bo‘shab qoldi. Shu paytlarda hukumat aholiga un va yog‘ kabi kundalik zarur mahsulotlarni arzonroq narxda qat’iy o‘lchov bilan yetkazib berish tartibini joriy qildi.
Shundan so‘ng magazinni ishlatishdan naf qolmadi shekilli ko‘p o‘tmay magazinchining o‘zi otamning oldiga keldi. U magazinni olishni taklif qildi:
«Avvalroq magazinni ber deganingizga rad etgandim. Endi oling deb o‘zim keldim. So‘nggi paytlarda magazin peshtaxtalarida hech narsa qolmadi. Faqat sigaret, sovun va yana bir ikki xil narsa bor xolos. Asosiy ishim aholiga arzon narxlarda beriladigan un va yog‘ni tarqatish bo‘lib qoldi. RayPOdagilar (tuman matlubot jamiyatlari shunday atalardi) og‘ir shart qo‘yyapti, men bunga rozi bo‘lolmayman».
Uning aytishicha, RayPOdagilar aholiga arzon narxlarda beriladigan un va yog‘ning bir qismini qimmatroq narxda bozorchilarga sotishni reja qilishgan. Magazinchilar ma’lum haq evaziga har oy ular to‘ldiradigan hujjatlarga qo‘l qo‘yib tursa bo‘ldi ekan.
«Bu ishning boshlanganiga ancha bo‘ldi. Avvallari xalqning haqidan kamroq olishardi, chidab kelayotgandim. Endi nafslari hakalak otib, ko‘proq hissa olib qolishmoqchi. Men hamqishloqlarimning rizqiga chang soladiganlarga sherik bo‘lolmayman. Viloyatda ishlagansiz, shunga bu shartni sizga qo‘ya olishmaydi deb o‘yladim», dedi u.
Shundan so‘ng otam RayPOdagilar bilan kelishib, magazinni menga olib berdi. Avvalgi magazinchi otamga aytgan gaplar menga biroz ta’sir qilgan, shu sababli RayPOdagilar bilan qay tariqa kelishib ishlash masalasi oldimda ko‘ndalang turgandi.
Otamga bu haqda aytgandim, «Qora qozonim qaynab tursin desang, aytganini qilib ishlayverasan. Bo‘lmasa magazinni sendan tortib olib boshqaga berib yuborishadi» dedi.
Shu tariqa oldingi magazinchi ko‘nmagan shartga otam ko‘ndi va men RayPOdagilarning «sherigiga» aylanib, hamqishloqlarimning haqini tuya qila boshladim.
O‘sha paytda markazdan (Toshkent nazarda tutilmoqda) har bir oilaga bir oyda iste’mol qilinadigan un va yog‘ning o‘rtacha miqdori belgilangan, hududlarda aholiga o‘sha tartib bo‘yicha tarqatilardi.
Tuman matlubot jamiyati mutsaddilari barcha magazinchilarga «Falon tonna un va yog‘ olib aholiga tarqatdim» qabilida to‘ldirilgan hujjatlarga qo‘l qo‘ydirishardi.
So‘ng magazinlarga me’yorda belgilangan mahsulotning bir qismini berishar, qolganini bozorlarda noqonuniy un va yog‘ sotuvchi odamlarga qimmatroqqa pullashardi.
Eng qizig‘i, RayPOdagilarning bunday noqonuniy ishlarini barcha tegishli tashkilotlar, jumladan soliqchilar ham bilardi. Taxminimcha ma’lum bir haq evaziga barchasi ko‘z yumishardi.
O‘sha paytlarda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgani un va yog‘ning erkin savdosi taqiqlangan, ular faqat RayPOga qarashli magazinlar orqali sotilishi belgilangandi.
Katta ehtimol bilan soliqchilar bozorlarda un va yog‘ sotadiganlardan ham «haq yeyishar» va bir o‘q bilan ikki quyonni urishardi.
Otamning kelishib ishlayverasan degan gapidan so‘ng RayPO rahbarlari qanday shart qo‘ysa ko‘nib ishlashga majbur edim.
Bozorda un va yog‘ qimmat bo‘lgani uchun magazinga bu mahsulotlar kelgan kun mahalla arini ini qo‘zg‘alganday bo‘lardi. Barcha zambilg‘altak va idish bilan magazinga oshiqardi. Un va yog‘ni har bir oiladagi odamning soniga qarab kilogrammlab tortib berardim.
O‘shanda xalqqa tegishli mahsulotning bir qismi RayPO tomonidan urib qolingani uchun odamlarga berilayotgan un va yog‘ ko‘pga yetmasdi.
Qolaversa o‘zbekning nimasi ko‘p, ma’rakasi ko‘p, mehmon kutishi bor, biz tarqatayotgan «payok» odamlarning ehtiyoji uchun yetmasdi. Odamlar baribir o‘zlariga arzon narxda yetkazilishi lozim bo‘lgan un va yog‘ning bir qismini bozordagilardan qimmat narxga olishga majbur bo‘lishardi.
O‘sha paytda xalqning haqi tuya qilinganiga vijdonim qiynalganmi? Endi ish boshlagan kezlarimda bir muddat RayPOdagilarning hamtovog‘iga aylanib noqonuniy ish qilayotganim uchun vijdonim sal qiynaldi.
Biroq keyinchalik hammasi xuddi shunday bo‘lishi kerakday hech narsani o‘ylamay qo‘ydim. Undan keyin esa o‘zimning ham nafsim hakalak otdi.
Magazinda ishlay boshlaganimga 4-5 yil bo‘lib qolgan kezlarda ham un va yog‘ni o‘lchab sotardik. O‘shanda RayPOdagilar ajratayotgan hissa ko‘zimga kam ko‘rina boshladi. Shundan so‘ng o‘zimga beriladigan un va yog‘dan ham ma’lum qismini olib qolib, bozordagilarga yashirincha sotishni reja qildim.
Magazinga un va yog‘ kelganda odamlarga bu safar o‘tgan galgidan kam berilganini va miqdor biroz kamaytirilishini aytdim. Shu paytgacha e’tiroz bildirmagan hamqishloqlarim bu safar ham indashmadi va vaziyatni «ko‘pga kelgan to‘y» qabilida baholashdi. Bu esa menga juda qo‘l keldi.
Birinchi marta yigirma qop un va 200 kilogram yog‘ «orttirib» bozorchilarga pulladim. Foyda yaxshi bo‘ldi. Shundan so‘ng bu ishni odat qildim.
Bu orada markazdan aholiga arzon narxda tarqatiladigan un va yog‘ miqdorini biroz ko‘paytirishdi. RayPO ham menga beriladigan miqdorni oshirdi. Biroq men oshirmadim va avvalgidan ko‘proq foyda qila boshladim.
O‘sha paytda boshqa qishloqlardagi magazinlarda men tarqatayotgan miqdordan ko‘proq un va yog‘ tarqatilar, buni eshitgan ayrim hamqishloqlarim mendan gumon qila boshlashdi.
Biroq «qo‘lga tushmagan o‘g‘ri o‘g‘ri emas» deyilganday qilayotgan ishimning «isini chiqarmaganim» uchun hech kim meni ayblay olmasdi. Lekin tez-tez nega un va yog‘ni boshqa magazinchilardan kam berayotganim haqida so‘rashardi. O‘shanda RayPO berganini tarqatayotganimni aytib qutulardim. Bu gapimga kimdir ishonar, boshqasi ishonmasdi.
O‘sha paytda odamlar betimga qarab hech narsa demagan bo‘lsa-da, orqamdan so‘kar, ayollar qarg‘ar ekan. Buni keyinroq bildim.
Bir marta qishloqda o‘tkazilgan ma’rakalardan birida mendan sal narida o‘tirgan odamlar un va yog‘ tarqatish mavzusini muhokama qilishardi.
«Hammasini magazinchimizning o‘zi qilyapti. Qo‘shni qishloqning magazinchisi un va yog‘ni biznikidan ko‘proq tarqatyapti. Chunki ular ancha «zakunchi», magazinchi ulardan qo‘rqadi. Biz indamaymiz, shu uchun magazinchimiz bilganini qilyapti. Ilohim ko‘pning haqi teshib chiqsin. Boshi balodan chiqmasin», dedi kimdir. Boshqalar omin deyishdi.
Shundan keyin ham orqavarotdan bunday qarg‘ishlarning ko‘pini eshitdim. Biroq qalbim qorayib bo‘lgandi shekilli, ular ta’sir qilmas va noqonuniy ishlarimni to‘xtatmasdim.
Shu tariqa o‘n besh yilcha magazinchilik qildim va sog‘ligimda muammolar kelib chiqa boshladi. Doimiy ravishda holsizlik, quvvat kamligi tufayli ortiq ishlay olmadim va magazinni topshirdim. O‘shandan buyon shu dard bilan yashab kelyapman.
Vaqt o‘tib odamlarning turmush darajasi oshdi. Ko‘p o‘tmay un va yog‘ning narxi erkin bozorga qo‘yib yuborildi. RayPO va uning tarkibidagi magazinlar ham tugatildi. Biroq mening gardanimda ko‘pning haqi osilib qoldi. Endi xohlasam ham ularni qaytara olmayman.
Bugun darddan ham ko‘ra, menga azob berayotgan narsa hamqishloqlarimning ko‘zlariga qaray olmasligim bo‘lyapti. Nazarimda hamqishloqlarimning haqini yeb kelganim uchun jazoimni olyapman».
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.