Samarqandda ikki ayolning bachadoni olib tashlandi: bu ularning qismatimi yoki shifokorning xatosi?

Jamiyat 19:17 / 02.05.2023 34344

Kun.uz’ga ma’lum qilinishicha, tuman tibbiyot birlashmasida akusher-ginekolog bo‘lib ishlab kelayotgan Xayriniso Parmonova 2023 yilning 17 aprel kuni Past Darg‘om tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan Go‘zal Muhammadiyevaga tibbiy xizmat ko‘rsatgan. Ayolning farzandi kesarcha kesish yo‘li bilan dunyoga kelgan. Biroq operatsiyadan so‘ng onaning ahvoli yomonlashgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Muhammadiyevaning o‘zi ham ushbu shifoxonada hamshira bo‘lib ishlab kelgan. Bola operatsiya yo‘li bilan dunyoga kelgach, unda qon ketish kuzatilgan. Natijada u yana operatsiya stoliga yotqizilgan. Bu safar butunlay ayolning bachadoni olib tashlangan. Hozir u shifoxonaning jonlantirish bo‘limida, ahvoli og‘ir.

Go‘zal Muhammadiyevaning qarindoshlari nega bir yil avval Parmonovaning xatosi bilan shunday holat sodir bo‘la turib ham unga bu vazifa ishonib topshirilayotganidan norozi. Shifokorga xizmat tekshiruvi tayinlanishi, uning xatti-harakati va amaliyoti to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lganini bilishni istashmoqda.

Muhammadiyeva shifoxonaning jonlantirish bo‘limida yotgani sababli u bilan suhbatlashishning imkoni bo‘lmadi. Ayolning yaqinlariga ko‘ra, u shu vaqtga qadar uch marta ona bo‘lgan va operatsiyaga ehtiyoj sezmagan. Bu safar ham farzandini o‘zi dunyoga keltirmoqchi bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, akusher-ginekolog Xayriniso Parmonova 2021 yilda ham jarrohlik amaliyotida ishtirok etadi. U mas’ul bo‘lgan bemor – L.Aliyevaning holati og‘irlashib, natijada homila ona qornida nobud bo‘ladi. Shundan so‘ng jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, ayolning bachadoni olib tashlanadi.

Jabrlanuvchining opasi Maqsuda Parmonovaning aytishicha, singlisining birinchi homilasi bo‘lgan. U shifoxonada operatsiya qilingach, ahvoli og‘irlashgan va bachadoni olib tashlangan. Homila ham nobud bo‘lgan. Natijada ayol bir umr farzand ko‘rolmaydigan holatga kelib qolgan. Ushbu voqea ortidan oilada ham jiddiy muammolar paydo bo‘lgan, turmush o‘rtog‘i bilan ziddiyat yuzaga kelgan.

L.Aliyevaning yaqinlariga ko‘ra, akusher-ginekolog X.Parmonova holatni bosti-bosti qilishga ham urinib, pul taklif qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tuman sudining 2022 yil 15 dekabrdagi qarori bilan Parmonova ushbu holat uchun bir yil muddatga tibbiyot muassasalarida moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etiladi. Shuningdek, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga undirish sharti bilan ikki yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanadi.

Umuman, qanday holatlarda onaning bachadonini olib tashlashga to‘g‘ri keladi?

Past Darg‘om tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining onalik va bolalik bo‘yicha o‘rinbosari, oliy toifali akusher ginekolog Komila Muqimovaning aytishicha, ona bachadonini olib tashlash holati tibbiyotda kuzatilib turadi. Rejali holatlarda bemorning yaqinlari doim ogohlantiriladi va ularning roziligi olinadi. Biroq shoshilinch holatlar ham bo‘lib turadiki, bemorning hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Mana shunday vaziyatlarda bemorning yaqinlarini ogohlantirishning imkoniyati bo‘lmaydi ba’zan.

Muqimova hamkasbi haqiqatan ham xato qilgan-qilmagani bo‘yicha yakuniy xulosa qilishga hali ertaligi, asl holat sud-tibbiy ekspertizasi yoki gestologik tekshiruvdan so‘ng to‘liq ma’lum bo‘lishini qo‘shimcha qildi. 

Muassasa bosh vrachi Dilfuza Kamolova akusher-ginekolog Parmonovaning bunday operatsiyalarni o‘tkazishga salohiyati yetarli, deb hisoblashini bildirdi.

Xayriniso Parmonova ayni paytda muassasada akusher-ginekolog bo‘lib ishlash barobarida nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun ham mas’ul hisoblanadi. U ushbu bo‘limda “bo‘lim boshlig‘i” vazifasida ishlab kelyapti. 2022 yil dekabr oyidagi sud qaroriga ko‘ra, Parmonova bir yilgacha mansabdorlik lavozimida ishlamasligi kerak. Bosh vrach Kamolovaning izoh berishicha, Parmonovaga yuklatilgan bo‘lim boshlig‘i vazifasi lavozim hisoblanmas ekan.

Parmonova bilan bog‘liq bu ikki holat tasodifmi yoki ikki onaning achchiq qismati. Harqalay, jabrlanuvchilardan biri akusher-ginekolog Parmonova ayollarni operatsiya qilayotganidan norozi bo‘lsa, boshqasi uning amaliyotlari nechog‘lik malaka bilan amalga oshirilganiga shubha bildiryapti. Shifokorning xatti-harakati yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlanishini talab qilmoqda.

Mazkur holat bo‘yicha yuqori turuvchi muassasalardan munosabat kutib qolamiz.  

Isomiddin Po‘latov,

Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: