“Matematikani o‘rganish orqali odam muammolarga o‘zgacha qarashni boshlaydi” – olimpiadachi yosh matematiklar bilan suhbat

Jamiyat 15:25 / 02.05.2023 20994

Maktab o‘quvchisi hayotini o‘zgartirib yuboradigan, ularga keng imkoniyatlar eshigini ochuvchi nufuzli musobaqalardan biri – xalqaro olimpiada. Fizika, kimyo, biologiya fanlari qatorida har yili matematikadan ham ko‘plab mamlakat o‘quvchilari o‘rtasida olimpiada o‘tkaziladi. O‘zbekiston 1997 yildan beri xalqaro matematika olimpiadasida qatnashib keladi. Shu vaqtgacha terma jamoa 10 ta kumush va 30 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan, ammo oltinni olish hali hech kimga nasib qilmagan.

2023 yilgi xalqaro matematika olimpiadasi 2-13 iyul kunlari Yaponiyaning Chibo shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi ham ishtirok etadi. Olimpiadaga boradigan yosh matematiklarning tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishish maqsadida Kun.uz muxbiri Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi Anvarbek Rahmatov hamda Xorazm viloyati Urganch shahar 6-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 11-sinf o‘quvchisi Behzod Maqsudov bilan suhbatlashdi.

Anvarbek Rahmatov: Onam o‘qituvchi bo‘lgan. Maktabda eng qiziqqan fanim matematika bo‘lgan. Qolgan fanlar orasida qiyin fan ekanligi uchun ham matematika qiziq bo‘lgandir balki. Keyin Qorako‘ldagi maktabga o‘qishga kirganman. 7-sinf vaqtlarim, ya’ni 2019 yilda xalqaro olimpiadaga tayyorlanib, musobaqalarda qatnashishni boshlaganman. O‘shanda Janubiy Afrikada IMC (International math competition)da oltin medal olib kelganmiz. Shu narsa olimpiadada qatnashib, medal olishga harakat qilishga turtki bo‘lgan.

Xalqaro matematika olimpiadasiga har yili saralash bo‘ladi. 9-sinfdan beri shu saralashda qatnashishni boshlaganman. 9-sinfda o‘ta olmaganman. Keyin 10-sinfda shu saralashdan o‘tib, o‘tgan yilgi Norvegiyada bo‘lgan olimpiadada qatnashib kelganmiz. Bu men uchun yaxshi tajriba bo‘lgan.

Birinchi marta olimpiadada qatnashib medal ololmagach, hozirgacha yaxshiroq natija ko‘rsatish uchun tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

Behzod Maqsudov: Matematikaga qiziqishimga bobom sababchi bo‘lgan. O‘qish-yozishni bilmasdim, bog‘cha vaqtida bobom ko‘paytirish jadvalini yodlatib, hisoblashni o‘rgatgan. Shuning hisobiga boshlang‘ich sinfda ham matematika bilan muammom bo‘lmagan. Eng yaxshi biladigan fanim matematika bo‘lgani uchun 5-sinfda shu fandan olimpiadaga borishga qaror qilganman. U yerdagi mendan yuqoriroq bilimga ega bolalarni ko‘rib, ular bilan bahslashishga, o‘z ustimda ishlashga harakat qilganman.

5-6-sinfda shahar, viloyat olimpiadasidan u yog‘ini o‘ylab ko‘rmaganman. 7-sinfda xalqaro musobaqaga saralashdan o‘tib, Janubiy Afrikadagi musobaqaga borib keldik. Shundan so‘ng xalqaro olimpiadaga qiziqishim yanayam ortdi, ayniqsa, u yerdagi atmosfera, qilayotgan natijangizga bo‘lgan e’tiborni ko‘rib.

Hozir tayyorgarlik jarayoni juda yaxshi, chunki tayyorlanishimiz uchun Rossiyadan o‘qituvchi olib kelishgan. U bilan juda ko‘p yaxshi narsalarni o‘rganyapmiz. Men bilmagan savollarga javob berib, egallash qiyin bo‘lgan bilimlarni bera olyapti.

Anvarbek Rahmatov: Katta olimpiadada kattaroq natija ko‘rsatish uchun ko‘proq masala yechish kerak. Matematikani o‘rganish orqali odam muammolarga ham o‘zgacha qarashni boshlaydi.

Olimpiadani olib qarasak, o‘zining qo‘lidan nima kelishini his qiladi. Misol uchun: “O‘zbekistondagi yoki dunyodagi qanchadir inson qilolgan ishni qila olaman”, deb ham o‘ziga bo‘lgan ishonchni orttirishi mumkin. Kelgusida boshqa ishlar bilan shug‘ullangan taqdirda ham bajargan ishini maksimal ravishda yaxshi qilib berish kerakligini anglaydi.

Behzod Maqsudov: Menimcha, fanlarning ichida hayotga kerakli va inson miyasiga foydali fan — matematika. Chunki yosh bolaning o‘ylashi va muammoga yechim topishi uchun matematikadan yaxshiroq qurol bo‘lmasa kerak. Matematika – faqat javob topish emas, balki javobga eng oson yo‘l bilan yetib borish. Bu narsa hayotda juda ko‘p joylarda kerak bo‘ladi.

Xalqaro matematika olimpiadasida birinchi marotaba qatnashishim. Bu olimpiada eng nufuzlisi bo‘lgani uchun hayajon va katta mas’uliyat bor. To‘g‘risi, dars tayyorlayotgan vaqtda hayajon yoki bosim unchalik sezilmaydi. Lekin darsdan chiqib, uyga borib, o‘zingiz bilan qolgan vaqtingiz qandaydir hayajon, bosim his qilsa bo‘ladi. Buni endi yo‘qotib bo‘lmasa kerak.

Anvarbek Rahmatov: To‘g‘risi, hozirda olimpiadaga qatnashishdan unchalik hayajonlanmayman. Iyunda jamoamiz bilan Xitoyda ham tayyorgarlik ko‘ramiz. Olimpiadaga borishdan 20 kuncha oldin xitoylik mutaxassislar bilan tayyorgarlik bo‘ladi. Oldimizga shu olimpiadada hech bo‘lmasa medal olish kerak degan maqsadni qo‘ydik. O‘tgan yili eplolmadik, endi shu yil yanayam qattiqroq kurashishga kirishdik. Qatnashish maqsad emas, qo‘ldan kelgancha yaxshiroq natija ko‘rsatish kerak. 

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi,

Tasvirchi Asror Almurodov.

Ko‘proq yangiliklar: