Bugun nafaqat tijorat, hatto xizmat ko‘rsatish sohasida nasiya savdo juda avj oldi. Qonunan taqiqlanmagan bunday savdo turi uzoq qishloqlarda joylashgan kichik do‘kondan tortib, millionlab dollar aylanma mablag‘ga ega bo‘lgan yirik tadbirkorlar o‘rtasida ham urfga kirib bo‘lgan.
Aksariyat hollarda bunday savdo notarius orqali qonuniylashtirib qo‘yilmaydi va har ikki tomonning lafziga ishonib, qarz daftarga qayd etib qo‘yiladi.
Biroq keyingi yillarda do‘kondorlarning, ulgurji savdogarlarning ishonchini suiiste’mol qilish, nasiyaga olingan narsalarning pulini aytilgan vaqtda bermaslik yoki umuman bermaslik birmuncha avj oldi.
Hamyurtimiz tomonidan elektron pochtamga yuborilgan quyidagi maktub ham shu mavzuda ekan.
«Esimni taniganimdan boshlab savdo sohasi men uchun qiziqarli soha bo‘lib kelgan. Doim mahallamizda kichkina bo‘lsa ham o‘z do‘konim bo‘lishini va unda insof bilan savdo qilib, qora qozonimni qaynatish bilan birga mahalladoshlarim og‘irini yengil qilishni o‘ylardim.
Keyinchalik orzum ushaldi, garchi birovning do‘konini ijaraga olib ishlatgan bo‘lsam-da, do‘kondor ham bo‘ldim. Biroq bu ish men o‘ylaganimdan ancha murakkab ekan.
Bir necha oy do‘kondorlik qilgach, asablarni kemiruvchi bu ishdan hafsalam pir bo‘ldi. Endi hatto kimdir mahallamda butun boshli do‘konni sovg‘a qilsa ham do‘kondorlik qilmasam kerak. Buning sabablarini quyida tushuntiraman.
Esimda, mahallamizdagi ilk do‘kon 1990-yillarining boshida, mustaqillikning ilk yillarida ochilgan edi. Oradan bir necha yil o‘tib ularning soni 3–4 taga yetib qoldi.
O‘tgan yillar mobaynida o‘sha do‘konlarning har birida kamida 5-6 nafardan, ba’zilarida undan ham ko‘p odam do‘kondorlik qilishga ulgurdi.
Do‘konlarni eng avval egalari ishlatishdi. Oradan bir-ikki yil o‘tar-o‘tmas negadir ular do‘konlarini boshqalarga ijaraga berishga o‘tishdi. Bir kam dunyo deyilgani shu bo‘lsa kerak – kimdir do‘kondor bo‘lishni orzu qiladi, kimdir esa undan qutulishni.
O‘sha paytda men va do‘kondorlikni orzu qilib yurgan boshqa mahalladoshlarim darrov o‘sha do‘konlarni ijaraga olishga shoshildik. Nihoyat men ham do‘kondor bo‘ldim. Ammo bu ish uzoqqa cho‘zilmadi.
Ijaraga olgan do‘konimni bor-yo‘g‘i olti oy ishlatdim va egasiga qaytardim. Boshqalar ham negadir uzoq vaqt do‘kondorlik qila olishmadi.
Biroq do‘konlar hech qachon bo‘sh qolib ketmasdi. Do‘kondorlik qilib boyib ketish haqidagi umidlari chilparchin bo‘lgan bir odam do‘konni topshirar ekan, tirikchilik tashvishidagi boshqa bir da’vogar uni qabul qilib olardi.
Do‘kondor bo‘lmoq ham, uni egasiga qaytarib bermoq ham oson bo‘lib qoldi. Topshiradigan odam do‘kondagi mahsulotlarni xatlab chiqadi va hammasini yangi do‘kondorga narxlab topshiradi. U o‘sha zahoti savdoni boshlab yuboraveradi.
Ammo yangi «tadbirkor» ham ko‘pga bormaydi. Bir yil o‘tar-o‘tmas do‘konni egasiga qaytarish payiga tushadi. Do‘kon yana boshqa odamning qo‘liga o‘tadi. Jarayon shu tariqa bugungi kungacha davom etib kelyapti.
Oxirgi shunday voqea kecha bo‘lib o‘tdi. Biri topshirdi, ikkinchisi qabul qildi. Oxirgi paytlarda bu jarayonga do‘konning egasi aralashmay ham qo‘ydi.
Oylik ijara narxi aniq. Do‘konning egasi ijara pulini vaqtida olib tursa bo‘ldi, qolgani bilan ishi yo‘q. Eski va yangi do‘kondor o‘zaro kelishib olaveradi.
Mahallamizdagi do‘konlarda nega tinimsiz qo‘nimsizlik ro‘y beradi? Nega ularni hech kim uzoq yillar eplab ishlata olmadi? Buni hozir tushuntiraman.
Mahallada hamma bir-birini yaxshi taniydi. Buning ustiga ko‘pchilik o‘zaro qarindosh. Bunday holatda do‘kondorning oldiga bir mahalladoshi yoki qarindoshi qarzga narsa so‘rab kelsa, u yo‘q deya olmaydi.
Do‘konlar ilk ochilgan paytlarda chamamda hali odamlarda insof, vijdon kabilar hozirgidan ko‘proq edi. Odamlar faqat majbur bo‘lsa do‘konlardan qarzga narsa olardi, unda ham 2-3 kunga.
Kimdir qarzni aytgan vaqtida olib kelib bersa, yana kimdir do‘konchi uyiga qidirib borganida berardi. Hech bo‘lmasa qo‘liga pul tushgandan qarzni uzishga shoshilardi.
Esimda, boshida qarz daftar tutmasdik. Odamlarning lafziga ishonardik. Aksariyat odamlar bu ishonchni suiiste’mol qilmas va qarzni vaqtida qaytarishga harakat qilardi. Keyinchalik vaziyat tamomila o‘zgarib ketdi.
Vaqt o‘tgan sayin odamlardan insof qochdi, qarzdan, birovning haqidan qo‘rqmay qo‘yishdi. Do‘konlardan bir paytlar faqat imkoni yo‘qlar qarzga narsa olsa, keyinchalik boshqalar ham shu yo‘lga o‘tishdi.
Avvaliga odamlar qarzni noilojlikdan biroz kechiktirib to‘lagan bo‘lsa, keyinroq hatto do‘konchi uyiga so‘rab borsa ham bermaydigan bo‘ldi. Buning ustiga bir do‘kondan qarz bo‘lsa, «kirsam qarzni qistaydi», deb yonidagi boshqa do‘kondan qarzga narsa oladigan bo‘ldi.
Shu tariqa barcha do‘konlarda qarz daftarlari paydo bo‘ldi. Oxir-oqibat ayrim kishilarning «muborak ism-shariflari» mahalladagi barcha do‘konlarning qarz daftariga birin-ketin yozildi.
Bora-bora do‘konlardan qarzga narsa olishda tortinish, uyalish, xijolat bo‘lish xislatlari ham yo‘qoldi. Odamlar puli bo‘lsa ham qarzga narsa oladigan bo‘ldi. Qarzni qistagan do‘kondorlarga qarata «Olasan-da, shu pulingni», deyishga o‘tishdi.
Shu orada do‘kondorlardan biri «Zora mahalla ahli begona odamdan qarzga narsa so‘rashga xijolat bo‘lsa», deb boshqa joydan begona odamni sotuvchi qilib olib keldi.
Ammo mahalladagilar ham anoyi emas, o‘sha sotuvchi bilan bir oyga yetmasdan oshna, og‘ayni bo‘lib ketishdi. To‘rt yoki besh oy ishlagan «begona» sotuvchi ikki oylik maoshiga rozi bo‘lib, kamiga yana do‘kondordan qarz bo‘lib ishdan bo‘shab ketdi.
Aytishlaricha do‘kondor uni ishdan bo‘shatish paytida «Men senga hech kimga qarzga narsa berma, degan edim-ku!» deb rosa baqiribdi. Unda ham ayb yo‘q. Mahalla ahli do‘kondan qarzga narsa olishini unga aytmaydi. Sotuvchi o‘rab bergan narsalarni qo‘liga olgach «yozib qo‘y, olasan», deb chiqib ketaveradi. Shunday paytlarda u bechora ham nima qilsin, chorasiz qolaveradi.
Esimda, ancha pul sarflab do‘kon qurgan va unda ilk bor o‘zi savdo qilgan mahalladoshimiz ikki yilga yetmay do‘konni ijarachiga topshirayotganda ikki-uchta qarz daftarni xaloyiqqa ko‘rsatib, «Mening bor-yo‘g‘im shu daftarlarda», degandi.
Ertasi kuni u uyma-uy yurib qarzdorlardan pullarini undirmoqchi bo‘ldi. Biroq bu ish katta muvaffaqiyatsizlik bilan tugadi.
Ayrimlar bergan uch-to‘rt so‘mni aytmaganda sobiq do‘kondor qarzdorlardan daftarlarida yozilgan summaning o‘ndan birini ham yig‘a olmadi. Bir necha kun o‘tib u yana pul yig‘ishga chiqdi. Baribir natija bo‘lmadi.
Shundan so‘ng xaloyiqqa qarab «Men endi hech kimnikiga pullarimni so‘rab bormayman. Olib kelib berganlarning Xudo xayrini bersin. Bermaganlardan rozi emasman», dedi va daftarlarni odamlarning ko‘z o‘ngida namoyishkorona yoqib yubordi.
Ehhe, undan keyin ham mahalla ahli bir necha marta «qarz daftarlarni yoqish marosimi»ga guvoh bo‘ldi. Qarz daftarlarini yoqmasdan saqlab qo‘yganlar ham bor ekan. Ana o‘shalardan birini, u ham ilk do‘kondorlardan edi, yaqinda qarz daftarlarini varaqlab o‘tirgan holda ko‘rdim.
«Uka, bilasanmi, so‘m yangi chiqqan yilllarda odamlarga do‘kondan qarzga berib yuborgan pullarimni hisoblab ko‘rdim. Hammasini yig‘sam hozir bitta tuzukroq paypoq ham bermas ekan. Mana qara, o‘sha paytda bir qop unni 50 so‘m sotgan ekanman. Endi 50 so‘mga bir dona gugurt ham bermaydi. O‘zi qarz daftarlarini vaqtida yoqib yuborganlar to‘g‘ri ish qilgan ekan. Ko‘rmaydi ham, kuymaydi ham.
Bechorani nima deb yupatishimni bilmasdim. U esa gapirishda davom etardi:
Lekin men bu daftarlarni bekorga saqlab qo‘yganim yo‘q. Ko‘p narsalarning bir paytlar necha pul sotilgani, keyingi yillarda ularning narxi qanchaga oshganini bilaman. Xohlagan narsangni qachon, necha pul bo‘lganini so‘ra, men aytib beray. Pulimiz yangi chiqqanda go‘sht 5 so‘m, dollar 7 so‘m, bir qop un 40-50 so‘m edi. Yana nimaning narxini aytay?»
Uning oldida ko‘p o‘tira olmadim. Bechora qarz daftardagi pullarni hisoblayverib, «tom»i kirdi-chiqdi bo‘lib qolibdi.
«Qarzdorlar nima bo‘ldi?» deysizmi? Ularni jin ham urgani yo‘q. Aksariyati uy-joyini sozlab olgan. Tagida mashina, yil oralatib to‘y-ma’raka qilib turibdi.
Biroq do‘konlarning har biridagi qarz daftarlarida ularning nomlari hanuzgacha turibdi. «O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas» deganlaridek, ayrimlari hozir cho‘ntagida yetarli puli bo‘lsa ham hanuzgacha do‘kondan qarzga narsa oladi. So‘ng do‘kondor so‘rab qolsa vaqtini kechiktirib, urush janjal bilan qaytaradi...
Tunov kuni do‘konlardan birida janjalning ustidan chiqib qoldim. Mahalladagi do‘konlarning barchasini ishlatib ko‘rgan va hozir so‘nggi do‘konga kelib qo‘nim topgan do‘kondor keyingi yillarda boyigan mahalladoshim bilan dahanaki jang qilyapti.
«Yangi boy» do‘kondorga qarab «Kelib-kelib sendan qarz bo‘lamanmi? Og‘zingga pul bilan uraman, yirtilib ketadi» derdi.
Do‘kondor esa «Oyog‘ingda yirtiq kalish bilan «bolalarim och, u-bu narsalardan berib tur» deb oldimga yig‘lab kelganing esingdan chiqdimi? O‘sha qarzlarni berganing yo‘q, mana daftarimda turibdi», deb javob qaytarardi.
Ma’lum bo‘lishicha, «yangi boy» narsa olishga kirganda do‘kondor eski qarzlarni so‘ragan. Bu unga og‘ir botgan va janjal boshlagan. Oxirida «izzat-nafsi toptalgan» boy do‘kondorning yuziga bir hovuch pulni otib chiqib ketdi.
Do‘kondor pullarni yig‘ib sanab ko‘rdi-da «Nomard, shuncha gap ham ta’sir qilmadi. Bu pul qarzning yarmiga ham yetmaydi. Endi qolganini o‘lsa ham bermaydi» dedi.
Keyingi kun o‘sha do‘konga kirsam yana janjal. Mahalladagi yana bir yangi boy «sendan qarzim yo‘q, men qarzga narsa olmayman» derdi.
Do‘konchi esa «Aka, anu kuni kelib, pulim uyda qolib ketibdi, keyin beraman deb 200 ming so‘mlik narsa oldingiz. Qarz daftarga yozmoqchi bo‘lganimda yozma, ertaga beraman, dedingiz. Mana endi oradan ikki hafta o‘tgach qarzim yo‘q deb turibsiz», derdi yig‘lamsirab.
Shu payt do‘konda bo‘lgan xaridorlardan biri «Aka, o‘sha kuni men ham shu yerda edim. Do‘konchi to‘g‘ri aytyapti, qarzga narsa olib, yozdirmay chiqib ketdingiz. Keyin kelib bergan bo‘lsangiz bilmadim, biroq o‘sha kuni bermadingiz», dedi.
Bu gapni eshitgan boy «Pullarni bergandim, seni esingda bo‘lmasa meni esimda. Ma, sen to‘y, qaytib do‘koningga kirganim bo‘lsin», dedi-da, bir hovuch pulni do‘kondorning betiga otib ketdi. Bechora do‘kondor mulzam bo‘lib qoldi.
Endi tushunib yetgandirsiz, nega mahallada do‘kon ochib tezda bu ishni to‘xtatganimni. Menga asabbuzarlik va janjalli ish kerak emas. Och qornim, tinch qulog‘im».
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.