Yunusoboddagi mahallada ajrimlar ko‘paygani uchun mahalla nomi o‘zgarishi mumkin

Jamiyat 16:59 / 28.04.2023 40588

Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi Yo‘layriq mahallasi nomini Obihayot deb o‘zgartirish taklif etilyapti.

Tuman hokimligi bu borada Geografik obektlarni nomlash bo‘yicha Toshkent shahar komissiyasiga murojaat qildi.

Toshkent shahar hokimligi, shundan kelib chiqqan holda, poytaxt aholisini bu masalada o‘z fikrini bildirishga taklif qildi.

Mahalliy aholi 28 apreldan 12 maygacha Yunusoboddagi Yo‘layriq mahallasi nomini Obihayotga o‘zgartirish taklifiga munosabat bildirishi mumkin. Fikr-mulohazalar quyidagilar orqali qabul qilinadi:

  • og‘zaki ravishda +998-71-210-04-13 telefon raqami orqali (ish kunlari soat 09:00 dan 17:00 gacha);
  • yozma ravishda xat yuborish orqali (100060, Toshkent shahar Chilonzor tumani Islom Karimov shohko‘chasi 51-uy pochta manziliga);
  • elektron shaklda geonom@digitaltashkent.uz elektron pochtasiga xat yuborish orqali.

Qayd etish kerak, Toshkent shahar hokimligi oxirgi yillar ichida birinchi marta mahalla nomini belgilash bo‘yicha bunday keng qamrovli ravishda aholi fikrini o‘rganyapti.

Mahalla nomini nega o‘zgartirish taklif etilyapti?

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining e’loniga bu masaladagi hujjatlar ilova qilingan. Unga ko‘ra, “Yo‘layriq” MFYda o‘tgan yig‘ilishda mahalla nomini Obihayot deb o‘zgartirishga qaror qilingan. Natijada MFY raisi mahalla nomini o‘zgartirish bo‘yicha tuman hokimiga iltimosnoma jo‘natgan.

28 mart kuni tuman hokimligida majlis o‘tkazilgan. Unda Yunusobod hokimi, Geografik obektlarni nomlash bo‘yicha tuman komissiyasi raisi Bahodir Abduvaliyev va komissiya a’zolari ishtirok etgan.

Majlisda hokimning aytishicha, bu mahalla 1987 yildan 2016 yilgacha Shodlik deb nomlangan. Lekin mahalla nuroniylari mahallaning o‘ziga xos tarixi borligini, qadimda Buyuk ipak yo‘li karvonlari Yo‘layriq nomli karvonsaroyda to‘xtab o‘tgani, bu karvonsaroy ularning fikricha mahalla hududiga yaqin joyda joylashganini ta’kidlashgan. Shu tariqa, mahallaning o‘sha vaqtdagi raisi H.Yunusov hamda “sanoqli mahalla faollari va keksalar fikri bilan”, mahalla nomi tarixiy ahamiyat kasb etishi uchun Yo‘layriq deb o‘zgartirilgan.

“Lekin Yo‘layriq mahallasida hozirgi kunga kelib yosh oilalar o‘rtasida ajralishlar va har xil nizolar bo‘layotgani ushbu nom qo‘yilgani bilan bog‘liq deya, mahalla fuqarolari tomonidan e’tiroz bildirilmoqda”, – degan Bahodir Abduvaliyev.

Hokimning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari J.Nabiyevga ko‘ra, mahallaga u yoki bu nomning berilishi oilalardagi ajrimlarga ta’sir qilishi “kishini o‘ylantiradi”. Ikkinchi tarafdan, Nabiyevning so‘zlariga ko‘ra, Yo‘layriq karvonsaroyi tumandagi hozirgi Yunusobod ko‘prigi yonidan Amir Temur va Ahmad Donish shohko‘chalari kesishgan joyda bo‘lgan. Bu joy esa mahalla hududidan deyarli yarim chaqirim uzoqlikda bo‘lib, boshqa mahalla hududiga to‘g‘ri keladi.

“Mahallalarga geografik nom berishda uning o‘tmishi, aholi va yoshlar uchun kelajakda qanchalik ahamiyat kasb etishini o‘rganib, so‘ng to‘g‘ri nom berish kerak”, – degan u.

Majlisda mahalla raisi A.Karimov ham so‘zga chiqib, bu masala MFY yig‘ilishida ko‘rib chiqilgani va yig‘ilish ishtirokchilari yangi nomni bir ovozdan ma’qullaganini aytgan.

Shundan keyin tuman hokimligidagi majlisda Yo‘layriq mahallasi nomini Obihayot deb o‘zgartirish taklifi ma’qullangan va tegishli xulosa olish uchun Geografik obektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha Toshkent shahar komissiyasiga murojaat qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: