May oyida Samarqandda O‘zbekiston - Germaniya xalqaro tibbiyot forumi o‘tkaziladi

Jamiyat 14:10 / 28.04.2023 15286

26 aprel kuni sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Germaniya federativ respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Tilo Klinner bilan muloqot o‘tkazdi. 

SSV matbuot xizmati xabar berishicha, uchrashuvda tibbiyot sohasi bo‘yicha ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirish, o‘zaro hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. 

Xususan, ayni paytda Germaniyaning Frayburg, Sharite, Hannover xalqaro neyroilmiy hamda Robert Kox oliygohlari bilan onkologiya, neyroxirurgiya, kardioxirurgiya, telemeditsina yo‘nalishlarida hamkorlik davom ettirilmoqda. 

Germaniyaning KfW banki bilan O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash muassasalarini modernizatsiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, muqobil energiya manbalarini ishga tushirish va tibbiy ta’lim bo‘yicha umumiy qiymati 175 mln yevroga teng 7 ta investitsiyaviy hamda grant loyihasi amalga oshirilmoqda.

Jumladan, «Reproduktiv salomatlik, onalik va bolalikni muhofaza qilish» loyihasi mamlakatimizda ixtisoslashgan pediatriya xizmatini yaxshilashga qaratilgan.

«Sil kasalligiga qarshi kurash» grant loyihasining 5 va 6-bosqichi Respublika ixtisoslashgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda hududiy silga qarshi dispanserlarni zamonaviy jihoz va asbob-uskunalar bilan ta’minlashni ko‘zda tutadi.

Qolaversa, hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida teleradiologiyani joriy etish, sog‘liqni saqlash sohasiga raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi shifo maskanlarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, Termizda tibbiy ta’lim hamda malaka oshirish dasturini modernizatsiya qilishga doir loyihalar ham mavjud. 

Bundan tashqari, Germaniyaning Sharite va Robert Kox universitetlari klinikalari bilan hamkorlikda «Robert Kox – Ibn Sino» tibbiyot fondi tashkil etilib, uning doirasida tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirish, telemeditsina yordamida mahorat darslari qamrovini oshirish, xorijiy investitsiyani jalb qilish belgilangan. 

Muloqot davomida shu yilning 26-27 may kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston — Germaniya xalqaro tibbiyot forumi o‘tkazilishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

«Ta’kidlanganidek, ushbu nufuzli tadbir orqali ikki davlat o‘rtasida sog‘liqni saqlash, tibbiy ta’lim, farmatsevtika, IT, xalq tabobati kabi qator yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro tajriba almashish va sohaga daxldor qo‘shma korxonalar yaratish imkoniyatlarini o‘rganish maqsad qilingan», deyilgan SSV matbuot xizmati xabarida.  

Ko‘proq yangiliklar: