Hatto ko‘tarib yursa bo‘ladi - avtomobil sanoatidagi noodatiy 8 mashina (fotojamlanma) 

Fan-texnika 18:25 / 28.04.2023 80293

Avtomobillarni seriyali ishlab chiqarish boshlangandan beri ushbu sanoat deyarli har 10 yillikda katta o‘zgarishlarni boshidan o‘tkazib keladi. Ma’lum bir davr modellari qaysidir jihatdan bir-biriga o‘xshaydi. Masalan, tashqi tomoni, texnik xususiyatlari, imkoniyatlari va qaysidir jihatlarning yetishmasligi tarafidan ham bir-birini qaysidir nuqtalarda takrorlaydi. Quyida o‘zining noodatiyligi, bir qarashda g‘alatiligi bilan ajralib turgan avtomobillar haqida hikoya qilinadi.

BMW Isetta 300

Isetta BMW kompaniyasini vaqtida bankrotlikdan qutqarib qolgan. Raqobatchi kompaniyalar ko‘proq qimmat mashinalar chiqarish bilan band bo‘lib turgan vaqtda BMW arzonroq segmentga e’tibor qaratib, Isetta’ni sotuvga chiqaradi. Ko‘rimsizgina model 1956—1962 yillarda 161 ming 728 dona ishlab chiqarilgan. Dvigatel hajmi atigi 0,3 litr bo‘lib, 13 ot kuchini bergan. Mashinada atigi bitta eshik bo‘lib, u ham bo‘lsa kuzovning old qismida edi va rul bilan birga qo‘shilib ochilardi. Unga 2 kishi o‘tirishi mumkin edi. Maksimal tezligi soatiga 85 km bo‘lgan, xolos. 

Mohs Ostentatienne Opera Sedan 

Mohs kompaniyasi xo‘jayini Bryus Mohs ushbu modelni aslida haqiqiy lyuks segmentidagi sedan qanday bo‘lishi kerakligini boshqalarga ko‘rsatish, bildirish maqsadida yaratadi. Shu boisdan ham ishlar konseptni yaratishdan nariga o‘tmagan. Model 1967—1979 yillarda 6-7 nusxada ishlab chiqariladi, xolos. Dvigatel hajmi 5 litr bo‘lib, 193 ot kuchiga ega bo‘lgan. Unga 5 kishi o‘tirishi mumkin edi. Uning asosiy o‘ziga xosligi — eshiklarning yo‘qligi edi. Mashina ichiga faqat yuqoriga ochiladigan orqa bagaj orqali kirish mumkin edi. Ochilgan vaqtda pastga qizil material bilan qoplangan zina haydovchi va yo‘lovchini kutib oladi. 

Axiam-Mega MultiTruck 

Fransuz kompaniyasi Axiam-Mega avval boshdan ixcham avtomobillar hamda kvadrosikllar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lgan. Biroq 2010 yilga kelib avtokonsern mashina saqlash hamda kichik guruhlarni tashish xarajatlarini kamaytirish istagida bo‘lganlar uchun yengil yuk tashuvchi — MultiTruck’ni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Haqiqatan, mashina tejamkorligi bilan birga ko‘rinishidan juda g‘alati edi. 

Mazda R360 

R360 — Mazda kompaniyasi tomonidan seriyali ishlab chiqarilgan birinchi model. 1960—1966 yillarda 65 ming dona ishlab chiqarilgan. Dvigatel hajmi 0,35 litr bo‘lib, 16 ot kuchini bergan. Mashina avtomat uzatmalar qutisi yoki mexanik uzatmali ko‘rinishida taqdim etilgan. Vazni esa 380 kg tosh bosgan. Saloniga 4 kishini sig‘dira olgan. Maksimal tezligi soatiga 80 km bo‘lgan. Model orqali Mazda o‘zining moliyaviy imkoniyatini ancha yaxshilab olgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin yapon mahsulotlari eksportiga cheklov qo‘yilgandi. Ushbu cheklov bekor qilinganidan keyin R360 modeli nafaqat mahalliy bozorda, balki xorij bozorlarida ham yaxshi sotilgan. 

Russo-Baltique Impression 

2002 yilda A:Level atelesi ruslarning taniqli “Russo-Balt” markasini qayta tiklashga qaror qiladi. “Russo-Balt” savdo belgisi sohibi Viktor Taknov ushbu loyihaga 2 mln dollar sarmoya qiladi. Atele esa o‘z nomini Russo-Baltique’ga o‘zgartiradi. Russo-Baltique Impression’ning yagona nusxasi 2006 yilda taqdim etiladi. U nemis kompaniyasi German GErg GmbH bilan hamkorlikda yaratiladi va Jyenevadagi avtoko‘rgazmada ommaga namoyish etiladi. Mashina tashqi ko‘rinishi bilan XX asr 40-yillaridagi modellarni eslatib yuborardi. 

Daihatsu Midget II 

Yaponlarning ushbu modeli ishlab chiqarilgan birinchi yilda 80 ming nusxada sotilgan. Biroq u omadli modellar qatorida turmaydi. U zaxira g‘ildiragi kuzovning old qismida joylashgani va bu bilan karkidonni eslatib yuborishi bilan ajralib turgan. 1993 yilda Tokiodagi avtoko‘rgazmada taqdim etiladi, biroq seriyali ishlab chiqarish oradan 3 yil o‘tib boshlanadi. Jihozlanishidan kelib chiqib, 2 o‘rindiqli yoki faqat haydovchi uchun mo‘ljallangan pozitsiyalarda xaridorlarga taklif etilgan. Dvigatel hajmi 0,65 litrga teng bo‘lib, 30,5 ta ot kuchini bergan. Maksimal tezligi soatiga 50 kmni tashkil qilgan, xolos. 

Peel P50 

Buyuk Britaniya avtomobilsozlaridan g‘alati ixtiro — Peel P50. Bir eshikli va birgina haydovchi uchun o‘rindiq. Vazni bo‘lsa atigi 59 kg. 4,2 ot kuchiga ega mashina 100 kmga bor-yo‘g‘i 2,8 litr benzin sarf qilgan. Maksimal tezligi esa soatiga 61 kmga yetishi mumkin edi. 2010 yilda Peel kompaniyasi P50 ning elektrda harakatlanadigan modelini cheklangan miqdorda ishlab chiqardi. 

Twike 

Twike Germaniya va Shveytsariya avtomobilsozlari tomonidan hamkorlikda yaratilgan. Uni gibrid deb atash mumkin. Boisi u elektrdan tashqari odam yordamida ham harakatlanishi mumkin edi. Mashina saloniga o‘rnatilgan pedal orqali 246 kilogrammli mashinani haydovchi bemalol harakatlantirishi mumkin. Ishlab chiqaruvchilarga ko‘ra, mashinani harakatlantirish davomida haydovchi jismoniy mashq bajargandek bo‘ladi va yaxshigina qizib oladi, shu boisdan ushbu modelga isitish tizimining keragi yo‘q. 2 kishini o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan Twike soatiga 85 km tezlik bilan harakatlanish imkoniyatiga ega. O‘rnatilgan batareyalaridan kelib chiqib, to‘la quvvat bilan 50 dan 300 kmgacha masofani bosib o‘tish mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: