“Spektakl taqdiridan doim hadikda bo‘lganmiz”. “Temir xotin”dagi Qo‘chqor aka – Muhammadsolih Yusupov bilan suhbat

Jamiyat 11:30 / 27.04.2023 20781

– Muhammadsolih aka, avvalo mana shu tashrif haqida, O‘shda “Bobur” nomidagi o‘zbek akademik drama teatrining qayta ochilishi haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

– Bugun hammamiz uchun, ikki qardosh xalqning san’atsevar muxlislari uchun quvonchli kun. Teatr ishlab turgan joyda madaniyat bo‘ladi, ma’naviyat taraladi. Davlatlararo munosabatlarni mustahkamlashda ham san’atning o‘rni beqiyos.

Davlatimiz rahbarining mazkur teatrni to‘liq qayta qurib, qirg‘izistonlik qardoshlarga taqdim qilishi, bu dargohda ikki davlat san’at ustalarining hamkorlikdagi loyihalarini namoyish etishlari tahsinga sazovor. Bugungi tashrif bahona juda ko‘p qadrdonlar bilan ham uchrashdik, miriqib suhbatlashdik.

– Istaymizmi, yo‘qmi, siz bilan suhbatda “Temir xotin” spektakli haqida savol berilmay qolmaydi. Umuman bu spektakl nega aynan Farg‘ona teatrida sahnalashtirilgan va unda Qo‘chqorvoy obraziga sizning tanlanishingiz tarixi qanday?

– Adib Sharof Boshbekov “Temir xotin” p’yesasini yozgandan keyin uni Farg‘ona teatri jamoasi oldida o‘qib bergan. Hammaga yoqib, shu yerda sahnalashtirishga qaror qilingan. Men ham tinglab turib, “Qo‘chqorvoy rolini menga berishsa, o‘ynagan bo‘lardim” degan niyat tug‘ildi. Lekin rollar bo‘lingan ro‘yxatda mening ism-sharifim chiqmadi. Rejissyorimiz Olimjon Salimovga bu haqda aytganimda “Muhammadsolih, men ham bu haqda o‘ylagandim. Ammo dramaturg Sharof aka bu fikrni ma’qullamadi. “Men Qo‘chqorvoyni ozg‘in, qoramtir, ezgin qiyofadagi inson deb tasavvur qilganman. Muhammadsolih semizgina yigit ekan, bu rolga to‘g‘ri kelmaydi” deb aytdi”, deya javob berdi.

Sharof aka joylashgan mehmonxonaga o‘zim bordim va shunday dedim: “Sharof aka, hamma qo‘chqorlar ham qora, ozg‘in bo‘lavermaydi-ku. Oppoq, to‘la qo‘chqorni ham boshqalar qatori bir sinab ko‘ring. Agar yoqmasam, shu onda o‘zim chetga chiqaman” dedim. Sharof aka gaplarimga kulib, rozilik berdi.

Sinovlar boshlanganda qarasam, Qo‘chqorvoyni olishga besh kishi da’vogar, men eng oxirgisiman. Bitta-bitta repetitsiya qila boshlashdi, hammaga bittadan ko‘rinish berishgan. Menga kelganda ko‘rsatib berdim. Darrov yana bir sahna ko‘rinishida sinab ko‘rishdi. Keyin boshqalarni to‘xtatib qayta-qayta sinay boshlashdi. Shunda mendan oldingi da’vogarlar hammasini tushunib qolishdi. Biri hatto ovoz chiqarib “E, bu rolni biz o‘ynamasligimiz aniq bo‘ldi”, deb baqirib chiqib ketdi.

Sahnalashtirdik, keyin televizorda ko‘rsatildi. “Navro‘z” uzluksiz marafoni qayta ko‘rsatilganida esa butun respublika ko‘rdi. Shu tarzda qayerga borsam Qo‘chqorvoy bo‘lib ketdim. Shundan beri Qo‘chqorvoy aka, yoki “Toshkentga sayohat”dagi boy obrazini eslab Boy ota deb chaqirishadi. Mashhurlik qiziq-da, meni biror marta “GAI” to‘smagan, ko‘rib qolishsayam “Ha, Qo‘chqor aka”, deb salom berishadi. Muxlislarning boriga shukr.  

Keyinchalik Sharof Boshbekov intervyularidan birida “Men Muhammadsolih Yusupovni Qo‘chqorvoy rolida umuman tasavvur qila olmagandim. Ammo spektakl sahna yuzini ko‘rganidan keyin undan boshqa Qo‘chqorvoyni tasavvur qila olmay qoldim” degandi.

– Namoyishlar chog‘idagi qiziq voqealarni eslaysizmi? Bu asarda og‘ir ijtimoiy-siyosiy muammolar ko‘tarilgan, buning uchun to‘siqlar bo‘lmaganmi?

– “Temir xotin” spektakli shu qadar dovruq qozondiki, bir kunda to‘rt martalab namoyish etildi. Endi ikki soatdan ortiq davom etadigan spektaklda bosh rolni kuniga to‘rt marta o‘ynashni tasavvur qiling. Bu sog‘ligimga ta’sir qilmay qolmadi, yuragimda muammolar boshlandi. Davolandim, lekin sahnadan uzoqlashmadim.

Gastrolda edik, “Temir xotin” namoyishi ketayotgandi. Eslasangiz unda bir sahna bor – Qo‘chqorvoy chimildiqqa kirib, Alomatni “Alomatxon, buyoqqa keling, buyoqqa keling!” deb chaqiradi. Keyin Alomat kiradi, Qo‘chqor unga qo‘l uzatsa, Alomat uni ko‘tarib uradi. Shu Alomat meni ag‘darib tashlagan sahnada birdan yuragimning mazasi qochdi, qattiq og‘ridim. Ranglarim oqarib, gapira olmaganimni ko‘rib, darhol pardani yopishdi va “Tez yordam” chaqirishdi. Shifokorlar kelgunicha tashkilotchilar tomoshabin qarshisiga chiqib ahvolim og‘irligi, agar o‘zimga kelsam, qolganini ham o‘ynab berishimni e’lon qilishdi. Tomoshabinlar tarqalmay kutib turishdi.

Kelgan shifokor meni tekshirib, sahnaga chiqishni qat’iyan man qildi. Vaziyatdan chiqish uchun o‘sha birinchi sinovlarda Qo‘chqorvoyga da’vogarlik qilgan aktyorlardan biri dublyor sifatida sahnaga chiqarildi. U ozg‘in, novcha, qoramag‘iz yigit edi. P’yesaga ko‘ra Alomat uni ag‘darib tashlashi, u sahnaga otilib chiqishi kerak. Oppoqqina, dum-dumaloq Qo‘chqor kirib ketib, qoramtir, uzun Qo‘chqor otilib chiqqanini ko‘rgan tomoshabinlardan biri o‘rnidan turib “Iye, bu haqiqiy hisori Qo‘chqor ekan-ku”, deb hammani kuldirgandi.

To‘siqlarga kelsak, garchi oshkoralik zamoni bo‘lsa-da, hali ittifoq davri edi. Spektakl taqdiridan hamisha hadikda bo‘lganmiz. Shu davrda Moskvaga gastrolga bordik. “Yosh tomoshabinlar teatri”da “Temir xotin” bir marta namoyish etilishi rejalashtirilgandi. Ammo shu darajada ko‘p muxlislar kelgandiki, teatr direktori yana bir marta namoyish uyushtirishimizni so‘ragan. Shu tarzda bu asar Moskvada ham muvaffaqiyat qozongan.

– Yoshlarga ham kasb sirlaridan saboq berayotganingiz, Farg‘ona san’at bilim yurtida alohida fakultet tashkil qilganingiz haqida ham so‘zlab bersangiz.

 – O‘sha vaqtlarda Farg‘onadagi teatrimizga yosh kadrlar kelmay qoldi. Hamma Toshkentda qolib ketish harakatida bo‘lardi. Shunda o‘zimizning san’at bilim yurtida “Aktyorlik san’ati” yo‘nalishida fakultet ochish g‘oyasi tug‘ildi va ruxsat olish uchun vazirlikka keldim. Kimga uchrashishni bilmay tursam bir kishi “Ha, Muhammadsolih, nima qilib yuribsiz?” deb so‘rashib qoldi. “Shunaqa, yo‘nalish ochib, yoshlarga bilganimni o‘rgatsam degandim. Ruxsat berisharmikin?” dedim. U kishi kuldi va xonasiga olib kirdi. Bilsam, rosa odamiga uchrabman. Madaniyat vazirining o‘quv ishlari bo‘yicha yordamchisi Karim Tursunmurodovich ekan. Menga bilim yurti direktoridan vazir nomiga xat olib kelishni tayinladi va yordam berishini bildirdi.

U paytlar Farg‘onaga har soatda samolyot bo‘lardi. Darrov uchib borib, direktorimizdan xat tayyorlatib oldim va shu kunning o‘zida ortga qaytdim. Kelsam Karim aka endi eshigini qulflab chiqib ketayotgan ekan. Mendan “Siz haliyam ketmadingizmi?” deb so‘radi. “Borib keldim, Karim aka, mana xat”, deb javob berdim.

“E qoyil, siz shunaqa tezkorlik bilan ish bitirib kelibsiz, men ham shunaqa tezkorlik bilan hal qilaman”, deya darhol vazirdan rozilik olib chiqib berdi. Keyin o‘quv dasturlarini tuzdik va shu tarzda 1996 yili san’at bilim yurti tarkibida “Aktyorlik san’ati” yo‘nalishi tashkil etildi. 2019 yildan buyon esa “Ijod” teatr studiyasi xususiy teatr sifatida ishlab kelyapti.

Mana qariyb 30 yildirki yoshlarga teatr sirlarini o‘rgatyapman. Shogirdlarim orasida qobiliyati bilan o‘rnini topganlari juda ko‘p va men bundan xursand bo‘laman.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: