Prezident qaroriga muvofiq, 2023 yil 1 apreldan respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kW-coatgacha) quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilishi belgilangandi.
Dasturga ko‘ra, yil oxirigacha 37 mingta xonadonga quyosh panellarini o‘rnatish reja qilingan.
Umumiy quvvati 50 kW-soatgacha bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarga o‘z iste’molidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga davlat budjetidan 1000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Davlat soliq qo‘mitasi “Soliq” mobil ilovasida “Quyoshli xonadon” xizmati ishga tushirilganini ma’lum qildi.
“Subsidiya har oyda “Soliq” mobil ilovasi orqali hisobot oyidan keyingi oyning 25 sanasiga qadar fuqarolarga to‘lab beriladi”, - deyiladi qo‘mita xabarida.
Quyosh panellarini o‘rnatgan jismoniy shaxslar subsidiya olish uchun nima qilishi kerak?
- Soliq mobil ilovasining “Quyoshli xonadon” bo‘limi tanlanib, Face ID orqali ro‘yxatdan o‘tiladi;
- So‘ngra xizmatdan foydalanish tugmasi bosiladi;
- Ochilgan oyna qatoridan xonadon kadastr raqami tanlanganda hududiy elektr tarmoqlari avtomatik paydo bo‘ladi;
- Shundan so‘ng, iste’molchi hisobraqami kiritiladi va ariza yuboriladi;
- Ariza hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan ko‘rib chiqilib, tasdiqlangach, foydalanuvchi qabul qilingan va uzatilgan elektr energiyasi o‘rtasidagi farq bilan, subsidiya uchun ro‘yxatdan o‘tgan xonadonlari, tushumlari farqi, oylar kesimida subsidiya ma’lumotlari bilan tanishishi mumkin;
- Subsidiya oy yakunida jismoniy shaxs tomonidan iste’mol qilingan va yagona elektr energiyasi hajmi o‘rtasidagi tafovutdan kelib chiqib hisoblanadi.
Quyosh panelidagi ortiqcha elektr toki va subsidiyalar qanday hisoblanadi?
Xonadonga o‘rnatilgan quyosh panellari iste’molga yetadiganidan ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqarsa, davlat uni kafolatli ravishda sotib oladi. Buning uchun quyosh paneli raqamli hisoblagichga ulanadi va davlat bilan jismoniy shaxs o‘rtasida hisob-kitoblar avtomatik ravishda ro‘y beradi.
Masalan, oy davomida fuqaro elektr tarmog‘idan 100 kW-soat elektr energiyasini olsa, o‘rnatilgan panellar esa aytaylik 500 kW-soat tok ishlab chiqardi. Agar oy yakunlari bo‘yicha fuqaro tarmoqqa uzatgan tok miqdori tarmoqdan olingan tok miqdoridan ko‘p bo‘lsa, ana shu o‘rtadagi ijobiy farqning har bir kW-soati uchun davlat 1000 so‘mdan subsidiya to‘laydi.
Agar quyosh panellari kattaroq bo‘lib, o‘rtadagi ijobiy farq 200 kW-soat bo‘lsa, subsidiya o‘z-o‘zidan 200 ming so‘m, 500 kW-soat bo‘lsa, subsidiya 500 ming so‘m bo‘ladi. Uy uchun mo‘ljallangan eng kichik quyosh panellari odatda 3 kilovattlik bo‘ladi. Davlat esa 50 kilovattgacha quvvatdagi panellar uchun xonadon egalariga subsidiya to‘lashga tayyorligini bildirgan. Albatta, umumiy tarmoqqa uzatiladigan elektrning maksimal cheklangan miqdori tarmoqning texnik imkoniyatlariga bog‘liq.