“Otamiz borligini his qilmay ulg‘ayyapmiz” - migrantlarning bolalari

Jamiyat 21:50 / 26.04.2023 28560

Mahfuza, 23 yosh, Navoiy viloyati:

— Qishlog‘imizda har uch xonadonning biridagi erkaklar musofirchilikda. Yo‘lkiralar qimmatligi, ishlab turgan ishini yo‘qotmaslik uchun hadeganda kelib-ketishlari muammo. Mana, 11 yildirki ota-onam xorijda. Meni, singlim va ukamni buvimning qaramog‘ida qoldirishgan. Bundan 5 yil avval, ya’ni 18 yoshimda u yerdan ukam va singlimni olib ijaraga chiqib ketishga majbur bo‘ldim.

Bu harakatimni hamma qoraladi. Ota-onam ham boshida ruxsat berishmadi. Lekin to‘g‘ri tushunishlarini va butun mas’uliyatni zimmamga olishni aytdim. Chunki yetarlicha sabab bor edi. Onamning ukasi – tog‘amda menga nisbatan g‘alati holatlar sodir bo‘la boshladi. Holi qolganimizda tegajog‘lik qilardi. Bir necha marta ogohlantirdim, urishdim – foydasi bo‘lmadi. O‘z sha’nimni o‘zim asrashim kerakligini tushundim.

Ota-onamning o‘rtasiga sovuqchilik tushirmaslik uchun buni ularga ayta olmadim va ijaraga chiqishni to‘g‘ri deb bildim. Faqat onam kelganda buni yotig‘i bilan tushuntirdim. Hozir ham o‘zimni xavfsiz his qilmayapman. Qurayotgan uyimiz bitishiga oz qoldi, kontraktimni esa o‘zim ishlab to‘lashga harakat qilaman. Faqat ota-onam yonimizda bo‘lishsa bo‘ldi.

Asadbek, 19 yosh, Namangan viloyati:

— 1-sinfga chiqayotgan yilim dadam Rossiyaga ketdi. Boshida bir yilda bir marta kelib turardi. Keyinchalik bu muddat cho‘zildi. Mana, 4 yildirki, kelmayaptilar. Shu yil boraman, kelasi yil boraman deb ishdan ortmayaptilar.

Dadam bizni moddiy tomondan ham juda to‘la-to‘kis ta’minlaganlarini bilmayman. Chunki ketganlaridan beri onam bilan pul masalasida tortishib qolishlarini sezaman. Onam otam yuborgan pullarni yetkaza olmayotganliklarini aytib janjal qilganlarini eshitaman.

O‘zimni dadamga keraksizday his qilardim, hozir bunga ko‘nikdim. Lekin ukalarimda shunaqa bo‘layotganini sezaman. Negadir oila deganda ko‘z oldimga faqat onam va ikkita ukam keladigan bo‘lib qolgan. Sababi biz otamiz borligini his qilmay ulg‘aydik. Hademay uylanaman, lekin oilada erkak kishi maqomi, ota qanday bo‘lishi kerakligi haqida tushuncham yetarli emas, deb o‘ylayman. Yaxshi oila boshlig‘i bo‘lishga harakat qilaman deyman-u, buning uchun nima qilishni bilmayman.

Nasiba, 38 yosh, Qashqadaryo viloyati:

— 13 yildirki turmush o‘rtog‘im xorijda ishlaydi. Ketganida bir o‘g‘limiz bor edi. Hozir qizimiz ham bor. Orada bir yilda bir oyga kelib ketadi, ba’zida 2 yilda ham kelishi mumkin. Bolalarimiz katta bo‘layotgani sari yonimda uning yo‘qligidan qiynalaman. Chunki bolaga oilada otaning borligi katta ahamiyatga ega ekan. Ayniqsa ma’lum muddatlarda, ya’ni o‘tish davrida otasining qadri juda bilindi. O‘g‘lim bu davrda juda asabiy, jizzaki bo‘lib qoldi. O‘zini doim haq deb biladigan, o‘zicha nimanidir isbotlashga harakat qiladigan, boshqalarning, ayniqsa mening fikrlarim bilan hisoblashmaydigan o‘smirga aylandi. Maktabda urishmagan o‘qituvchisi, yoqalashmagan bolasi qolmadi. Har qancha harakat qilmay, tilini topolmayapman, qattiqroq gapirsam, uydan qochib ketib kuydiradi.

Otasi hali qaytmoqchi emas, chunki endigina uy qurib bitkazib, ko‘chib chiqdik, hali mashina olishimiz kerak. “Shunga yarasha pul to‘plab, keyin qaytaman” deydi. Lekin u qaytguncha o‘g‘lim butunlay o‘zgarib, hayotini izdan chiqarib qo‘ymasa edi deb qo‘rqaman. Tezroq kelib bolalar tarbiyasida yordam bersa deyman-u, tirikchilikni ham o‘ylab ikkilanib qolaman.

***

YUNISEF o‘tkazgan “Migratsiyaning bolalarga salbiy ta’siri” deb nomlangan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ko‘plab muhojir oilalarning (45 foiz) kamida ikki nafar farzandi vasiylar qaramog‘ida qolishadi. Ushbu bolalarning deyarli 63 foizi onalari bilan yashaydi, chunki muhojir otalar ko‘proq ishlab, oilalariga ko‘proq pul yuborishadi.

O‘smirlar va bolalar psixologi Rozaliya Gabdulhaqovaga ko‘ra, ota-onalarning migratsiyasi bolalarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ularning uzoqdaligi bolada xavotir hissini uyg‘otadi, ular o‘zlarini baxtsiz his qilishadi. Bolalarda xotirjamlik yo‘qolib, yelkalaridagi mas’uliyat ortgani ularning kayfiyatiga ta’sir qiladi. Otasi olisga ketib onasi bilan yashayotgan bolalar ham o‘zlarini asosiy himoyachisiz qolgan deb bilishadi.

“Bolalarning qiynalishiga sabab onalarining qiynalayotganini ko‘rish ham bo‘ladi. Chunki bu onalar o‘zlari ishlamasalar ham, ham ona, ham ota vazifasini bajarayotgan bo‘lishadi. O‘z jufti yonida bo‘lmagani uchun xotirjamlik his qilmaydi. Oilani boshqarish ayolning tabiatiga mos bo‘lmagani uchun onaga oson bo‘lmaydi. Turli muammolar, ruhiy holatlar ichida ona bolasidan ko‘proq javobgarlikni his qilgan holda psixologik javobgarlik talab qiladi. Buni ko‘rgan bola onasini ayab ertaroq katta bo‘lgisi, pul topgisi, o‘z muammolarini o‘zi hal qilgisi keladi va bu jizzakilikni keltirib chiqaradi. Ayni shu paytda otaning yonida emasligi, asosiy himoyachining yo‘qligini his qilishadi.

Ba’zi otalar bolalarning ta’minotiga pul yubordim, bo‘ldi deb o‘ylashadi. Onalar esa musofirchilikda yurgan odamni hadeb bezovta qilavermay deb ba’zi muammolarni ularga aytishmaydi. Telefon orqali suhbatlarda ham ko‘pincha odatiy hol-ahvol so‘rash va yuborilgan pullar hisobi haqida gaplashiladi”, – deydi psixolog Rozaliya Gabdulhaqova.

Uzoqda turib farzandlarga mehrni yetkazish uchun nima qilish kerak?

Ruhshunosga ko‘ra, bolalar bilan bog‘liq muammolar, ularning maktabdagi hayoti, o‘qishdagi o‘zgarishlari haqida ota bilan muntazam suhbat qilinishi kerak.

“Albatta, bu otadan ham toqat, vaqt, e’tibor talab qiladi. Bu paytda otaning reaksiyalari juda muhim. Agar bunga muammo deb qaralsa, unga yechim izlash va topish mumkin. Virtual tarzda ham otani oila hayotiga aralashtirish kerak.

Shu o‘rinda ota-onaning o‘zaro munosabati ham bolaga katta ta’sir ko‘rsatadi. Ular masofa uzoqligi sabab bir-birlaridan uzoqlashishsa, faqat moddiy ehtiyoj tug‘ilgandagina gaplashishsa, bolada nosog‘lom fikr uyg‘otadi.

Oilada har kuni hamma uchun qulay bo‘lgan ma’lum bir paytni mo‘ljallab, ota bilan onlayn suhbatlar uyushtirish kerak. Shunda bola xuddi otasi yonida ekanini, ularga befarq emasligini his qiladi. To‘liq oilada o‘sayotgan bolalarday otasi bilan bir dasturxon ustida o‘tirganday bo‘ladi, yo‘qotishlar kamayadi.

Onalar ham tushunishlari kerakki, onaga qanchalik qiyin bo‘lmasin, buni bola tushunmaydi. Bolaga otasi uzoqdaligini his qildirmaslik ulardagi yukni yengillatadi. Bolada asabiylik kamayib, xotirjamlikka erishadi”, deydi bolalar psixologi.

Bola huquqlari to‘g‘risida konvensiyada “Bolaning shaxsiyati to‘liq va uyg‘un rivojlanishi uchun u baxt, mehr va muruvvat to‘la oilaviy muhitda o‘sishi shart”, deb belgilangan. Buni inobatga oladigan bo‘lsak, shunday ruhiy bosim bilan ulg‘aygan bolalarning jamiyatda tutadigan o‘rnidan xavotir oladigan payt kelgan.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: