«Maltus tuzog‘i» O‘zbekistonga ham xavf soladimi?

Jamiyat 18:42 / 23.04.2023 57009

O‘zbekiston aholi soni jadal o‘sib borayotgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga borib mamlakat aholisi 40 millionga, 2040 yilda esa 50 millionga yetishi mumkin. Ammo, O‘zbekistonda yer, suv resurslari, tabiiy boyliklar chegaralangan, ularning miqdori yildan yilga kamayib bormoqda. Bunday sharoitda iqtisodiyotning aholini boqishga qurbi yetadimi? Mamlakat «Maltus tuzog‘i»ga tushib qolmaydimi?

---------------------------------

XXI asrga kelib dunyo aholisi soni geometrik progressiyada o‘sishni boshladi. Biroq, uni ta’minlaydigan yer, suv resurslari, tabiiy boyliklar miqdori chegaralangan. Agar aholi soni o‘zini-o‘zi ta’minlay oladigan darajadan oshib ketsa nima bo‘ladi? Ana shunday holat yuz berganda mamlakat «Maltus tuzog‘i»ga tushib qolishi mumkin. Bu juda xavfli holat va undan chiqib ketish ham oson bo‘lmaydi.

«Maltus tuzog‘i» nima?

«Maltus tuzog‘i» (ing. Malthusian trap) – sanoatdan oldingi jamiyatlarga xos davriy takrorlanuvchan holat bo‘lib, aholining o‘sishi yakunda tuproq unumdorligi (yer resurslari) bilan chegaralangan oziq-ovqat ishlab chiqarish o‘sishidan oshib ketishini anglatadi. Boshqacha aytganda, aholi soni ma’lum bir ko‘rsatkichga yetganidan so‘ng, oziq-ovqat taqchilligi yuzaga keladi. Bunga sabab – mavjud resurslar (yer, suv va boshqalar) chegaralangani. Bu holat birinchi marta 1798 yilda britaniyalik olim Tomas Maltus tomonidan tavsiflangan.

Sanoatdan oldingi, qadimgi jamiyatlarda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish o‘sishi ham, aholining katta qismi turmush sharoiti yaxshilanishi ham kuzatilmagan. Aksincha, odamlar ochlik chegarasiga yaqin sharoitda yashagan. Bundan tashqari, aholi zichligi kritik nuqtaga yetganda odatda urushlar, epidemiyalar yoki ocharchilik kabi halokatli holatlar yuz bergan. O‘z navbatida, bu aholi depopulyatsiyasiga, uning soni qisqarishiga olib kelgan.

Chorvachilik bilan shug‘ullanadigan qabilalar chorva mollari soni aholi sonidan ham tezroq o‘sishi mumkinligiga qaramay, ekologik imkoniyatlarning maksimal chegarasiga juda tez yaqinlashgan. Bu chorvani boqish uchun zarur bo‘lgan tabiiy yaylovlarning cheklangan maydonlari tufayli yuz bergan. Oqibatda bu ko‘chmanchilarning qishloq xo‘jaligi hududlariga muntazam bosqinchilik harakatlarini yuzaga keltirgan.

Halokatli depopulyatsiyaning zamonaviy misoli sifatida Afrikaning aholi soni ko‘p bo‘lgan Ruanda davlatini keltirish mumkin. 1994 yilda millatlararo adovat va zo‘ravonliklar oqibatida bu mamlakatda milliondan ortiq odam halok bo‘ldi, 20 foiz aholi qochqinga aylandi.

Sanoatdan oldingi jamiyatlarda aholi o‘sish sur’atlari har doim texnologik o‘sish sur’atlaridan (demak, oziq-ovqat ishlab chiqarish sur’atlari o‘sishidan ham) ancha yuqori bo‘lgani sababli, aholi jon boshiga oziq-ovqat ishlab chiqarish hajmi ancha tez (taxminan har 25 yilda) ochlik chegarasigacha tushib ketgan. Shu sababli bunday jamiyatlar vaqti-vaqti bilan «Maltus tuzog‘i» o‘ljasiga aylangan.

«Maltus tuzog‘i»dan chiqish yo‘li bor, buning uchun oziq-ovqat ishlab chiqarishning o‘sish sur’ati yoki YaIM o‘sish sur’ati aholi sonining o‘sish sur’atlaridan doimiy ravishda yuqori bo‘lishi talab etiladi.

O‘zbekistonda vaziyat qanday?

O‘zbekiston aholi soni jadal o‘sib borayotgan, rivojlanayotgan mamlakatlardan biri – yiliga taxminan 1 mln kishiga ko‘paymoqda.

Ammo, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining o‘sish sur’atida pasayish tendensiyasi kuzatilyapti.

Misol uchun, O‘zbekiston aholisining eng yuqori o‘sish sur’ati 1962 yilda qayd etilgan – 3,98 foiz (aholi soni 10 mln). Shundan beri bu ko‘rsatkich pasayib bormoqda va 2021 yilda 1,65 foiz miqdorida qayd etilgan (aholi soni 35 mln).

Prognozlarga ko‘ra, bu tendensiya davom etadi va O‘zbekiston aholisi 51 mln kishiga yetgach, kamayishni boshlaydi.

Qayd etish joizki, 2008 yildan buyon O‘zbekiston aholisining o‘sish sur’atida jiddiy tebranishlar kuzatilmayapti va bu ko‘rsatkich 1,5–1,7 foiz oralig‘ida qayd etilmoqda.

O‘zbekistonda YaIM ko‘rsatkichlari

Yalpi ichki mahsulot (YaIM) – makroiqtisodiy ko‘rsatkich bo‘lib, bir yil davomida mamlakat hududida iqtisodiyotning barcha sohalarida ishlab chiqarilgan tovarlar, ko‘rsatilgan xizmatlarning bozor qiymati. U milliy valutada yoki birja kursi bo‘yicha xalqaro valutada hisoblanishi mumkin.

O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 2021 yil yakuniga ko‘ra 69,2 mlrd dollarni tashkil qilgan. Uning o‘sish sur’ati 7,4 foiz miqdorida qayd etilgan.

1991-1995 yillarda YaIM pasayishi kuzatildi. 1992 yilda uning ko‘rsatkichi eng katta – 11 foizga pasayib ketdi. O‘zbekistonning YaIM ko‘rsatkichi 1996 yildan buyon faqat o‘sib kelmoqda. Eng yuqori o‘sish sur’ati 2007 yilda kuzatildi – qariyb 9,5 foiz.

YaIM va aholi sonining o‘sish sur’atini taqqoslash orqali «Maltus tuzog‘i» bilan bog‘liq vaziyat haqida tasavvurga ega bo‘lish mumkin.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston 1992-1995 yillarda ushbu «tuzoqqa» tushib qolganini ko‘rish mumkin.

Sovetlar ittifoqi tarqalib ketishi, oqibatda iqtisodiy aloqalar uzilib qolishi bilan bog‘liq vaziyatda O‘zbekiston 3-4 yil davomida bu tuzoqdan chiqa olmagan. Bu yillarda YaIM sur’ati aholining o‘sish sur’atidan past darajada bo‘lgan.

Shuningdek, 2020 yilda ham O‘zbekiston «Maltus tuzog‘iga» yaqinlashib qolgan edi. Ammo bu ma’muriy cheklovlar bilan bog‘liq bo‘lgan koronavirus pandemiyasi davriga to‘g‘ri keldi. Cheklovlar olib tashlanishi bilan YaIM o‘sish sur’ati tezda oldingi darajaga qaytib oldi.

«Maltus tuzog‘i» bilan bog‘liq dunyodagi vaziyat

«Maltus tuzog‘i»dan barqaror saqlanish jamiyatni modernizatsiya qilish jarayonida yoki natijasida amalga oshirilishi mumkin (masalan, XIX asr oxirida Yevropada sanoat inqilobi paytida yoki erta SSSR davridagi jadal sanoatlashtirish davrida).

Biroq, bunda boshqa «modernizatsiya» tuzoqlari paydo bo‘lishi – ortiqcha ishlab chiqarish inqirozi, ishsizlik, kapital jamg‘arish jarayonida ijtimoiy tengsizlik chuqurlashishi, o‘z navbatida bular ijtimoiy nizolar, inqiloblar va fuqarolar urushiga olib kelishi mumkin.

Yuqori urbanizatsiyalashgan sanoat va postindustrial jamiyatlarda tug‘ilish darajasi ancha past (avlodlarning oddiy almashinuvi darajasida) bo‘ladi va qishloq xo‘jaligi texnikasi, o‘g‘itlar, murakkab sug‘orish komplekslari qishloq xo‘jaligi samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Natijada, oziq-ovqat ishlab chiqarish hajmini ko‘paytiradi («yashil inqilob»).

Hozirgi vaqtda rivojlangan mamlakatlarda aholining 3-4 foizi butun mamlakatni boqishga qodir. Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi va boshqa chora-tadbirlar jamiyatdagi ijtimoiy keskinlikni yumshatish imkonini beradi.

Shu sababli, hozirgi kunda dunyoning aksariyat davlatlari «Maltus tuzog‘i»dan chiqishga muvaffaq bo‘lgan (uchinchi dunyoning ba’zi mamlakatlari, birinchi navbatda tropik Afrika bundan mustasno).

Afrika va Yaqin Sharqdagi mamlakatlarda yuz berayotgan demografik portlash va buning oqibatida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar tanqisligi, yoshlar o‘rtasidagi ommaviy ishsizlik ushbu mintaqalarda mahalliy mojaro va inqiloblar, shuningdek, Yevropa migratsiya inqirozining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi.

Nurmuhammad Said

Ko‘proq yangiliklar: