Insoniyat ikki yirik urushni boshdan kechirdi. Birinchi va Ikkinchi jahon urushi kulfatlaridan azob chekmagan xalq qolmadi. Barcha xalqlar adabiyoti va tarixida o‘zining la’natli izini qoldirgan bu urushlar o‘zbek adabiyotida ham yetarlicha yoritilgan. Ko‘plab asarlarda insoniyatga urush keltirgan psixologik, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, maishiy zararlar batafsil qalamga olingan.
Shunday asarlarning biri Nazar Eshonqulning “Urush odamlari” qissasi bo‘lib, unda urushning ayanchli oqibatlari bir oila misolida ko‘rsatib berilgan. Ammo bunday oilalar qanchani tashkil etishini tasavvur qilish qiyin.
Syujyet:
Oila rahbari Normat – polvon barvasta, oriyatli, halol yigit. Uning Anzirat ismli ko‘rkam ayoli va ikki – Xolmat va Xojar – farzandi bor. Nima bo‘ladi-yu, shu urush boshlanib qoladi va Normat polvonni ham xizmat safiga qo‘shib qo‘yadi. U bir necha yil qon kechadi va nihoyat joni omon holatda uyiga qaytadi. Ammo bir oyog‘ini urushda qoldirib keladi. Normatning oyog‘idagi jarohat uning ruhidagi jarohat oldida hech narsa emasdi. Urush asorati uning pahlavon kelbatini nimjongina jussaga; yigit holini keksaygan basharaga almashtirib qo‘ygandi.
Qishlog‘iga qaytgach bir muddat garangsib yurgach uning ruhida birmuncha yaxshi o‘zgarishlar sodir bo‘la boshlaydi. Yashashga, mehnat qilishga ishtiyoq uyg‘onadi. Urushda to‘kkan qonlarini endi mehnati bilan tozalashga, yuvishga ahd qiladi. Ammo tez orada urushning yana bir zarbasi uni esankiratib qo‘yadi. Xotini Anziratning homiladorligi, ya’ni Normat urushdaligida eriga xiyonat qilganligi ayon bo‘ladi.
Normat butun qishloq oldida xotinini o‘lasi qilib do‘pposlaydi, osmoqchi bo‘ladi, o‘zi esa telba holatiga borib yetadi. Oqibatda Anziratning homilasi nobud bo‘ladi, o‘zi esa ko‘p qon yo‘qotishi natijasida ancha vaqtgacha holsiz yotib qoladi.
Aslida voqea shunday bo‘lgandi: Normat urushga ketgach, ma’lum muddatdan so‘ng undan qoraxat keladi. Anzirat erini sevardi. Ko‘p qayg‘urdi. Lekin endi uning gardanida ikki bolani boqish, ham otalik, ham onalik qilish mas’uliyati turardi. Urush oqibatida qishloqlarda yo‘qchilik, tanqislik va ochlik hukm surardi. Kuni bo‘yi mehnat qilgan xalq kechalari och yotishga majbur bo‘lardi. Anziratning holatini aytmasa ham bo‘ladi.
Bir kuni Xojar qattiq betob bo‘lib qoladi. Isitmalab hush-behush alaxsiy boshlaydi. Tabib unga tovuq sho‘rva ichirish kerakligini aytadi. Ammo Anziratga tovuq topish katta muammo edi. Ularga unda-bunda mehribonlik qilib yurgan, o‘zining uzoq qarindoshlik maqomini qoyillatib bajarayotgan qishloq raisi Mirzaquldan yordam so‘rab boradi. Mirzaqul darrov bitta tovuq toptirib keladi va ertasiga Halil otboqarning uyiga borsa, yana bitta tovuq berishini aytadi.
Tovuq sho‘rvadan keyin Xojar o‘ziga kela boshlaydi. Ko‘nglida hech qanday xavotiri yo‘q Anzirat otboqarning kimsasiz va tashlandiq uyiga boradi. U yerda uni Mirzaqul kutib oladi va Anziratga zo‘rlik yo‘li bilan erishadi. Bu hol ko‘p marta takrorlanadi. Oradan biroz vaqt o‘tgach Normat polvon tirik qaytib keladi...
Normat xotinini kaltaklagach uydan chiqib ketadi va ikki o‘g‘lidan ham qoraxat olgan, ikki kelini bilan qolgan orkash Biydi ammasinikida yashay boshlaydi. Kunduzlari tog‘ga chiqib ketib ov qiladi, ba’zan kunlab tog‘da qolib ketadi. Shunday vaqtlarning birida u Mallaboyning xonadoniga borib qoladi. Mallaboy ham urushga borgan, qaytsa xotini zamona zayli bilan boshqa er qilib ketgan va shu orqali bolalarini ochlikdan saqlab qolgan bo‘ladi.
Mallaboy bu holatdan avvaliga dovdirab qoladi, ammo barchasiga urushni aybdor qilib oilasini qaytaradi, xotinini ham kechiradi. Ammo xotini o‘zini kechirolmay, hasratda yonib-kuyib vafot etgan bo‘ladi. Mallaboyning hayot yo‘lini eshitgan Normat ham bolalari uchun ayolini kechirishga, yangi hayot boshlashga ahd qiladi. Hamma ko‘ngilsizliklarga urushni sababchi deb biladi. Buni eshitgan ammasi jazavaga tushadi. Ammo Normat ahdida sobit turadi.
Bu orada Mirzaqul raislik otidan tushgan, urushga yuboriladigan bo‘ladi. Butun umr ayollarni ermak uchun deb bilib kelgan Mirzaqulning fikrlarida o‘zgarish sodir bo‘ladi. U Anziratga bog‘lanib qolganini tushunib yetadi. Anzirat shuncha kaltaklansa-da, Mirzaqulni sotmaganini eshitib ta’sirlanadi. Anzirat ham ancha o‘ziga kelib, oyoqqa turib qoladi. Ammo qo‘ni-qo‘shni farzandlarini “buzuqning bolasi” deya turtkilashlaridan yerparchin holatga tushadi.
Mirzaqul urushga ketishidan bir kun oldin Anziratni ko‘rmoqchi, undan kechirim so‘ramoqchi bo‘ladi. Normat yo‘qligida foydalanib, kechasi Anziratning yoniga kiradi va undan kechirim so‘raydi. Uzoq suhbatdan so‘ng uydan chiqayotib Normatga duch keladi. Normat Anzirat va Mirzaqulni otib tashlaydi va o‘zi ham tog‘-u toshlardan sakrab, vafot etadi. Ikki bola yetim qoladi...
Tahlil:
Yozuvchi har bir qahramonning o‘y-fikri bilan hisoblashgan holda, o‘quvchiga har tomonning haqiqatini yetkazib bergan. Kitobxon Anziratni buzuqqa chiqarib qo‘yolmaydi. Uni chorasizlik, aldov, zo‘ravonlik shu holatga soldi. Ona farzandi uchun har narsaga tayyor zotligi, qolaversa, tovuqqa borayotganda Mirzaqulning shum niyatini xayoliga ham keltirmaganligi, soddaligi Anziratni qaysidir ma’noda oqlaydi. U ayrim ayollar singari o‘zi borib Mirzaqulning quchog‘iga otilmadi, o‘z xohishi bilan etak ko‘tarmadi...
Anziratning xarakterini eri oldida o‘zini aybdor his qilib, vijdon azobida qovrulishidan ham bilsak bo‘ladi. U vijdonli, ko‘ngli bo‘sh, irodali va ta’sirchan ayol, mehribon ona. Uning boshiga kelgan fojia esa tentak taqdirning daydi o‘qidek edi. Mirzaqul kechirim so‘rab kelganda uni ta’nasiz kechirishi holati unda insoniylik kuchli ekanini ko‘rsatadi.
Ba’zan inson insonga bo‘ri. Shunday bo‘rilardan biri Mirzaqul edi. Urush esa bunday yirtqichlarning ovi baroridan kelishi uchun qulay sharoit yaratib berdi. Anzirat uning o‘ljasiga aylandi. Mirzaqul o‘z qilmishi bilan faqat Anziratni yemadi, balki butun oilani, qolaversa o‘z boshini yedi.
Normat oriyatli inson. Tinch zamonda xotini sha’niga Mirzaqul tomonidan aytilgan noo‘rin gap uchun Mirzaqulni yer tishlatganligidan ham buni bilsa bo‘ladi. Xotinining xiyonatini og‘ir qabul qilishi ham tabiiy hodisa edi. Ammo uning fikrlarida katta burilish hosil bo‘lgani, vaziyatni to‘g‘ri baholay boshlagani, hatto xotinini kechirishga, bolalarini yetim qilmaslikka ahd qilgani uning mulohazali inson va mehribon otaligini ham ko‘rsatadi.
Biydi momo asarda xalqning an’ana va qadriyatlari, oriyati timsolida kelgan. Bu mag‘rur ayol irodasiz, bo‘shang, yengil-yelpilardan, umuman ojizlardan nafratlanadi. U o‘zini qadriyatlarni mahkam tutgan, xalqning an’analarini kelajak avlodga uchun yetkazib boradigan zanjir sifatida ko‘radi. Unga boshqa narsaning qizig‘i yo‘q. Lekin urush atalmish balo shunday irodali ayolni ham sindiradi. O‘g‘illaridan kelgan qoraxat uni bukib qo‘yadi. Biydi momo kelinlari orqali ayol zotining xarakteri ochib beriladi. Har bir ayolning o‘ziga yarasha xarakteri mavjud. Tutadigan yo‘llari ham turlichadir.
Urush rasman tugasa-da, uning sovuq nafasi qanchalab insonlarni tomirigacha quritib tashladi. Xulosa qilib aytganda, asarda odamlar juvonmarg bo‘lish uchun urushga borishi shartmasligi, urush ko‘lankasi millionlab kilometrgacha yetib borolishi va o‘z qurbonlarini topishi ko‘rsatib berilgan.