«Mashinani tez boshqarib do‘stimning bevaqt o‘limiga sababchi bo‘lganman» -haydovchi yigit nadomatlari (Hayotiy hikoya)

Jamiyat 11:11 / 19.04.2023 25966

Har yili yo‘l harakati qoidalari buzilishi oqibatida mamlakatimizda qariyb 10 mingta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ladi. Ularda minglab odam halok bo‘ladi. Boshqalari tan jarohatlari olib nogironga aylanadi.

Jumladan, IIV YHXBB ma’lumotlariga ko‘ra 2022 yilda O‘zbekistonda 9 902 ta YTH sodir bo‘lgan. Ularda 2 356 nafar inson halok bo‘lgan, 9 606 kishi turli darajada tan jarohatlari olgan.

2022 yilda sodir etilgan YTHlarning 1 577 tasi belgilangan tezlik qoidalariga amal qilmaslik oqibatida sodir bo‘lgan.

Yuqoridagi raqamlarni bejiz keltirmayapman. Elektron pochtamga kelgan navbatdagi maktub mashinani tez boshqarib do‘stining umriga zomin bo‘lgan insondan ekan.

«Mashinani katta tezlikda boshqarishni yoqtirardim. Atrofimdagi odamlar, do‘stlarim bu ishning oxiri voy bo‘lishi haqida gapirishar, biroq ular qulog‘imga kirmasdi. Qancha nasihat eshitsam ham bilganimdan qolmasdim. Oxir-oqibat dahshatli hodisa sodir bo‘ldi va men mashinani tez boshqarib yaqin do‘stimning o‘limiga sabab bo‘ldim», deb yozadi maktub muallifi.

Maktubni o‘qir ekanman, inson mashina boshqarayotganda o‘ylamasdan qilingan qoidabuzarlik tufayli o‘zi vafot etishi yoki kimnidir o‘limiga sababchi bo‘lishi mumkinligiga amin bo‘ldim.

To‘g‘ri, hech kim ko‘chaga «odam bosib o‘ldiraman deb chiqmaydi. Biroq mashina boshqarish jarayonida e’tiborsizlik qilish yoki qasddan qoidalarni buzish ayanchli tugashi ehtimoli juda yuqori.

Maktub egasi ham mashinani katta tezlikda boshqarishdan «zavq oladiganlar» toifasidan bo‘lgan va oqibatda uning bu ishi ayanchli yakun topgan.

«Ilk marta mashina boshqarganimda maktabda o‘qirdim. Qo‘shnining «Zaporojyets» mashinasini boshqarib paxsa devorga urganman. O‘sha hodisadan so‘ng qo‘shni mashina kalitini o‘zida qoldirmaydigan bo‘lgandi.

Maktabni bitirgach otamning maslahati bilan haydovchilik kursida o‘qiy boshladim.

«Hozir ayni vaqti. Haydovchilik guvohnomasi bilan armiyaga borsang qiynalmaysan. «Stroybat»ga (Qurilish batalon) tushsang ham mashina haydaysan. Bu loy qorishdan yoki g‘isht tashishdan osonroq ish», dedi u.

Otam bilib aytgan ekan. Harbiy xizmatni Rossiya shaharlaridan birida o‘tadim va ikki yil harbiy yuk mashinasini boshqardim.

Armiyadan qaytganimda usta haydovchi edim. Otam kolxozga tegishli yuk mashinalaridan birini olib berdi. O‘shani hayday boshladim.

Ishim uncha og‘ir emasdi. Ertalab dalaga ishlashga boradigan odamlarni olib borib tashlayman. Kechroq olib kelaman.

Tumanimiz salqin bo‘lgani uchun paxta ekilmasdi. Qir-adirlarda uzumzor bog‘lar, tekis joylarda tamaki ekilardi. Biz ham oilamiz bilan tamaki yetishtirardik.

O‘sha paytlarda sovetlar ilg‘or kolxozlarga har yili to‘rt-beshta yengil mashinani navbatsiz xarid qilish imkoniyatini berardi.

O‘z navbatida kolxoz rahbarlari o‘sha imtiyozni ilg‘or kolxozchilarga, ko‘p tamaki yetishtiruvchi oilalarga taqdim etardi. Aks holda yetarlicha puli bor odam yengil mashina olish uchun uch yillab navbat kutishi lozim bo‘lardi.

Armiyadan kelib kolxozning yuk mashinasini haydab yurgan kezlarimda kolxoz rahbarlari ilg‘or kolxozchi sifatida otamga ham navbatsiz mashina olish imkoniyatini berishdi.

Ko‘p o‘tmay otam ozroq yetmaganini tanishlardan qarz olib mashinani olib keldi. Yangi «Jiguli»ni ko‘rib o‘zimni qo‘ygani joy topa olmasdim.

O‘sha paytda ukalarim hali maktabni bitirmagan, faqat men va otamda haydovchilik guvohnomasi bor edi. Har holda otam mashinani mendan qizg‘anmas deb o‘ylardim va «Jiguli»ni minib turishdan umidvor edim.

O‘ylaganimday ishdan bo‘sh paytlarimda mashinani men ham mina boshladim. Avvaliga tuman hududida mingan bo‘lsam, so‘ng do‘stlarim bilan boshqa joylarga ham bora boshladik.

Men mashinani katta tezlikda haydashni yoqtirardim. Do‘stlarim bu ishimga qattiq e’tiroz bildirishar, sekinroq haydashimni so‘rashardi. Biroq tagimda yangi mashina gijinglab turganda ularning gapi qulog‘imga kirmasdi. Biroq kunlarning birida mash’um hodisa sodir bo‘ldi va barchasi tugadi.

O‘shan kunni hech unutmayman. Bahor kunlarining birida ertalab uch nafar do‘stimni olib tumanimizni qo‘shni viloyat bilan bog‘laydigan dovon tepasiga dam olishga jo‘nadik.

Yo‘lda ketar ekanmiz, odatdagiday «Jiguli»ni tez hayday boshladim. Manzilga yetib borguncha sekinroq hayda deb do‘stlarimning esi ketdi. Men esa parvo qilmasdan gaz pedalini qattiqroq bosardim.

Kuni bilan tog‘ tepasida maza qilib o‘tirdik. Hamma yoq ko‘m-ko‘k. Atrof to‘la lolaqizg‘aldoq. Kayfiyatimiz zo‘r edi. Biroq bizni nima kutayotganini bilganimizda balki o‘sha kuni tog‘dan qaytmasmidik?

Qorong‘ida qolib ketmaylik deb quyosh botmasidan ortga qaytdik. Men mashinani yana «mingga qo‘yib» boshqara boshladim. Do‘stlarim sekinroq haydashimni so‘rab yolvorishar, men esa tezlikni battar oshirardim.

Orqada o‘tirgan do‘stlarimdan ko‘ra yonimdagi do‘stim mashina tez yurayotganda vaziyatning dahshatini ko‘proq his qilayotgandi. U tinimsiz sekin yurishimni so‘rar, men esa parvo qilmasdim.

«Jo‘ra, bu o‘z oti bilan texnika. Kichik bir murvatchasi pand bersa yoki qayrilishda rul chambaragini aylantirishda santimetrga kechiksang ham bunday tezlikda barchamiz o‘lib ketamiz. Sekinroq yuraver, iltimos», derdi u.

«Jiguli»ni boshqara boshlaganimdan buyon do‘stimning bu gaplarini ehhe necha marta eshitgandim. Ammo parvo qilmasdim. Aksincha, unga hazillashib ham qo‘yardim. O‘sha kuni ham har doim gapirib yurgan hazilimni takrorladim:

«Nimadan xavotirlanyapsan, jo‘ra? Mashina ishonchli qo‘llarda. Qolaversa, sen uylangansan, mabodo nimadir bo‘lsa ortingdan «voy otamlab» qoladigan farzandlaring bor. Biz bo‘ydoqlarga qiyin, so‘raydigan odamimiz yo‘q».

Jo‘ram bu gapimdan jahli chiqar, biroq boshqaruvni mendan tortib ololmas, shuningdek, meni to‘xtatishga ham ojiz edi.

O‘shanda bu gapimga farishta omin degan ekan. Yoki mashinani tez boshqarishning oqibati baribir shu bo‘larmidi, bilmayman. Ammo do‘stim aytgan ish sodir bo‘ldi.

Uyga ancha yaqinlashib qolgandik, navbatdagi qayrilishga kelganimizda rul chambaragini aylantirayotib uni eplay olmadim. «Jiguli» yo‘l chetiga chiqib ketib, katta bir tut daraxtiga borib urildi.

Qars etgan ovoz va do‘stimning baqirganini eslayman. Ko‘zimni ochsam yo‘l chetida yotibman. Sal narida pachoq bo‘lgan mashinam turibdi. Atrofni odamlar o‘rab olgan. Ular do‘stimni chiqarib olish uchun mashinaning buklanib qolgan eshigini uzib olishga urinishayotgan edi.

Biroz o‘tib do‘stimni chiqarib olishdi. Uning tanasi majaqlanib ketgan, allaqachon jon berib bo‘lgan ekan. Orqa o‘rindiqda o‘tirgan do‘stlarimga hech narsa qilmabdi.

Hayron qolganim odatda mashina old tomoni bilan urilsa haydovchini rul chambaragi qisib qolar va eng og‘ir zarba unga tushib halok bo‘lardi. Biroq negadir meni chambarak qisib qolmadi. Miyam chayqalganini aytmaganda hech qayerim sinmadi.

O‘sha paytda xayolimdan do‘stimning ota-onasiga, bolalariga nima deb javob beraman degan o‘y o‘tdi. Xudbinlikni qarangki, butun boshli bir inson, buning ustiga yaqin do‘stimning o‘limiga sabab bo‘lib turgan joyimda ham o‘zimni o‘ylabman.

Do‘stimning jasadini uyiga olib borganimizda hammayoq dod-voy bo‘lib ketdi. Ayniqsa ota-onasining fig‘oniga chidab bo‘lmasdi. Ular mashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan do‘stlarimizdan o‘g‘illarining o‘limiga sababchi bo‘lganimni bilishgach o‘sha zahoti menga chang solishdi.

Do‘stimning otasi «bolamni topib ber, qotil, deb baqirar, onasi esa hushidan ketib qoldi. Uni zudlik bilan shifoxonaga olib ketishdi.

O‘shanda otasi bir narsa qilib qo‘ymasin deb do‘stimning janozasiga ham, undan keyin o‘tkazilgan ma’rakalariga ham bora olmadim.

Holat yuzasidan jinoyat ishi ochildi. Biroq otam o‘g‘lim qamalib ketmasin deb qanchadir pul berib ishni yopib keldi. Shu tariqa jazodan ham qutilib qoldim.

Do‘stimning o‘g‘il va qiz farzandi bor edi. Xotini boshqa er qilmadi va bolalarni qiynalib bo‘lsa ham o‘zi katta qilayapti. Men ularga yordam qilolmadim.

Bir-ikki marta hol so‘rash va uchun otlandim, biroq borolmadim. To‘g‘rirog‘i do‘stimning otasi o‘sha kuni «qaytib seni xonadonimda ko‘rsam mendan yaxshilik kutma» degandi, undan qo‘rqdim.

Gohida ko‘cha-ko‘yda do‘stimning farzandlari ro‘para kelib qolsa, hanuzgacha ularning ko‘zlariga qaray olmayman.

Shu hodisaga ham ancha yillar bo‘ldi. O‘shandan buyon vijdon azobida yashayman. Gohida tushlarimda do‘stimni ko‘raman. Gapirmaydi, faqat savol nazari bilan qaraydi.

O‘sha mash’um kundan so‘ng orada bir muddat mashina hayday olmadim – do‘stim ko‘zimga ko‘rinib sekinroq, sekinroq deganday bo‘laverardi.

Keyinroq yana mashina boshqara boshladim. Biroq o‘sha hodisa menga bir umrlik dars bo‘lgandi, umuman tez yurmadim, qoida buzmadim.

Bugun ham yoshlar orasida mashinani tez boshqaradiganlar yetarlicha topiladi. Tez-tez turli «avariya»larga ko‘zim tushadi. Shunday paytlarda inson to boshiga tushmagancha hech bir narsadan ibrat olmas, yetarli xulosa chiqarmas ekan deb o‘ylayman.

Bugun mashinasini hovliqib tez haydaydiganlarga aytar so‘zim shu: hech qachon inson taqdiri bilan o‘ynashmang. O‘zingizning va boshqalarning hayotini xavf ostiga qo‘ymang. Kimningdir qotiliga aylanib, ota-onani farzand dog‘ida kuydirmang. Bolalar tirik yetim, ayol esa tul qolishiga sababchi bo‘lmang. Sekin yursangiz ham borayotgan manzilingizga yetasiz. Biroq kimningdir o‘limiga sababchi bo‘lsangiz, uning jonini qaytarib berolmaysiz».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: