“To‘rt norasidam dunyo yuzini ko‘rolmadi” – oilasida qadr topmagan ayol haqida hayotiy hikoya

Jamiyat 11:34 / 15.04.2023 23726

Odatda oilani asrab qolish ko‘proq ayollarning vazifasidek qaraladi. Suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib yashash kerakligi yoshligidanoq qizlar qulog‘iga quyiladi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, kaltak yeb, eri urib o‘ldirgidek bo‘lsa ham ota hovlisiga qochib bormaydiganlar ko‘p, o‘lsa ham erinikida o‘lishni afzal ko‘radigan ayollar bor. “Hayotiy hikoya”larning bugungi qahramoni ham shunday ayollardan. Ajrashishni or bilib, erining kaltaklariga, qaynonasining ho‘rlashlariga chidagan ayol – Saodat opaning (ismi o‘zgartirilgan) hikoyasini uning o‘zidan eshitamiz.

“O‘zimning turmushdan baxtim chopmagan. Erim urganida suyaklarim sinib sochilib ketdi deb o‘ylardim. Bir necha bor hushimdan ketib ko‘zimni ochganimda ostonada yotganimni ko‘rganman.

Shifoxonaga olib borish qayoqda, erim va qaynonam ustimdan hatlab o‘tib-qaytaverishardi. Qiz bola suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib yashashi kerak, deb uqtirishardi bizga. Shu sababmi yoki ortimda singillarim borligi uchun ularning baxtini boylamay degan o‘y bilanmi uyga qaytmasdim.

Kaltaklar ta’sirida birinchi bolamdan ayrildim. Doktorlar endi biror yil o‘zingizni asrang deyishdi. Turmushim buzilishidan qo‘rqib asray olmadim. Yana bo‘yimda bo‘ldi. Xudoga shukur, bunisini bag‘rimga bosdim. Ammo undan keyin yana ikki farzandim tug‘ilmasdan, tepkilar sabab nobud bo‘ldi.

Aybim erimni sevishim edi. Er-xotin sal bir-birimizga yaxshi gapirganimizni yoki erim kulib qaraganini qaynonam ko‘rib qolsa janjal qilib, urdirmagunicha ko‘ngli joyiga tushmasdi. Oxirgi martasi hech esimdan chiqmaydi.

To‘rtinchi bolamga homilador edim. Biram “pechene” yegim keldi. Ishdan qaytishda, o‘sha vaqtda 15 tiyinmi esimda yo‘q, ichida o‘n dona pechene bo‘lardi, o‘shandan olib yeb keldim. Sumkamda qog‘ozi bor edi. Qaynonam shuni ko‘rib qolib uyni boshiga ko‘tardi, hali senmi yashirib narsa yeydigan, deb. Erim doimgidek kaltaklab ketdi. Tepki zarbidan yerga yiqildim. Qornimda kuchli og‘riq sezdim. Turmoqchi bo‘laman, boshim aylanib ko‘zim tinadi. Yana bir necha tepki zarbidan so‘ng o‘zimni yo‘qotdim.

Bu safar ko‘zimni ochganimda o‘zimni shifoxonada ko‘rdim. Bilishimcha ancha vaqt qon ketib hushsiz yotganman. O‘zimga kelavermagach, meni uyga olib kirib yotqizib qo‘yishgan. Ertalabgacha ham o‘zimga kelmaganimdan so‘ng meni o‘lib qoldi deb o‘ylashgan va shifoxonaga olib kelishgan. Doktor farzandim nobud bo‘lganini, nobud bo‘lgan homila bachadon devoriga yopishib qolgani sabab uni ham olib tashlashga majbur bo‘lishganini aytdi.

Homila nobud bo‘lgach ichimda ko‘p qolib ketibdi, shu sabab bachadonni ham olishdan boshqa yo‘li qolmabdi. Qaynonam endi tug‘mas kelin menga kerakmas, bolam bitta o‘g‘il bilan o‘tmaydi-ku, deb shifoxonaga qaytib kelmadi. Erim ham qorasini ko‘rsatmadi.

Balki, otam shifoxonadan to‘g‘ri uyga olib ketmaganlarida yana o‘sha hovliga qaytib borgan bo‘larmidim. Shundan so‘ng yarimjon bo‘lib qoldim. Umrimni o‘g‘limga bag‘ishladim. Agar shuncha azoblarni ichimga yutmay o‘shandayoq qaytib kelganimda yarimjon bo‘lmagan, to‘rtta bolam tug‘ilmasdan nobud bo‘lmagan bo‘larmidi, deb ko‘p o‘ylayman.

Shu sababdan ham opa-singillarimning, ularning qizlarining hayotiga ham befarq qaramayman. Azoblanib yashagandan vaqtida etagingni yig‘ishtirib olganing ma’qul derdim doim. Ammo hamma narsa ham biz ko‘rganimizdek bo‘lavermas ekan.

Singlimnikiga borsam qizi kelgan ekan. Yashamayman deydi. Onasi yashaysan deb urishadi. O‘zim kuygan emasmanmi, senga qiz kerak bo‘lmasa, menga kerak. Nega joniga jabr qilasan deb o‘zim bilan olib keldim. Uning ham bitta bolasi bor. Oldimga o‘tirg‘izib gaplashsam, bir dunyo dardi bor ekan. Mana, menikida yashayver, dedim.

Ammo uning turmushini buzayotgan eri emas, aksincha o‘zi ekan. Ishonasizmi, jiyanim ertadan kechgacha Instagram’da o‘tirib, eri ishdan kelganda janjal qilarkan. Odamlarning eri undoq qilibdi, bundoq qilibdi, deb. Mana buni qarang xola, odamlar xotiniga mashina sovg‘a qilyapti, dam olishga chet elga olib boryapti. Men ham yashab yuribman-da, umrimni o‘tkazib, deydi.

Odamlar qo‘ygan videolarni ko‘rsatib, o‘ziga o‘zi kuyunib gapirib o‘tiradi. Hatto bolasiga ovqat ham qilib bermaydi. Bu yerdagi cho‘pni u yerga olib qo‘yishni aytmay qo‘yaveray, hatto bolasining kiyimlarini yig‘ishga “vaqti yo‘q”.

Bir hafta arang chidadim. Keyin “yuzimni sidirib tashlab” gapirdim. Uyda ham shundaymisan? Seni xotin qilib olib o‘tirgan o‘sha eringga rahmat. Xolang bo‘lib men chidolmayapman, onang chidolmadi hatto, ering qanday chidayapti?

O‘zi hech qachon ikkala tomonni ham eshitmay turib xulosa chiqarmaslik kerak ekan. Qani oldimga tush-chi, deb erinikiga olib bordim. Ikkovining ham gaplarini eshitdim. Men qiyinchilik ko‘rdim degani, oilasidan noliydigan har bir ayol chindan qiynalayotganini bildirmasligini tushunib yetdim.

Baxt faqat katta sovg‘alardami? Tinchligingning o‘zi baxtingmasmi, deb uzundan uzoq nasihat qildim. Qo‘lidan telefonini olib kuyovimga tutqazdim. Xotiningizga telefon bermang. Telefon tutmasin umuman. Uydagilari bilan siznikidan gaplashsin yoki oddiy telefon olib bering.

Qachon internetdan to‘g‘ri foydalanishni o‘rganadi, ana o‘shanda qaytib berasiz, dedim. Oradan uch-to‘rt oy o‘tdi, hayoti tinch. Kuyov bola ko‘rib qolsa rahmat aytishni unutmaydi”.

Charos Mannonova suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: