1876 yilda ishlab chiqarilgan oltin tangalarni sotayotganlar Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Davlat xavfsizligi xizmati tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olingan.
Sotib yuborilishi rejalashtirilgan qimmatbaho tangalar bundan 147 yil muqaddam, ya’ni 1876 yilda ishlab chiqarilgani aytilmoqda. Tangalarning birida imperator Aleksandr III ning rafiqasi Mariya Sofiya Frederika Dagmar tasviri tushirilgan.
Tilla tangalarning umumiy og‘irligi 76,2 gramm bo‘lib, qonunbuzarlar ularni 145 ming dollarga sotishni rejalashtirgan. Ular oldi-berdi vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra har qanday ko‘rinish va holatdagi qimmatbaho metallar — oltin, kumush, platina va platina guruhiga kiruvchi metallar (palladiy, iridiy, radiy, ruteniy va osmiy), shunday metallardan yasalgan zargarlik va boshqa ro‘zg‘or buyumlari hamda ularning rezgilari bundan mustasno; xomashyo yoki ishlov berilgan holatdagi tabiiy qimmatbaho toshlarni (olmos, yoqut, zumrad, sapfir, aleksandritlar, shuningdek marvaridlar) qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish taqiqlanadi.
Yuqoridagi holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (Valuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qayd etilishicha, ayni paytda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.