Bugun nazarimda birovning haqidan qo‘rqmaslik juda avj olgan zamonlarda yashayapmiz. O‘g‘irlik, haromdan hazar qilmaslik, o‘zaro oldi-berdida lafzdan tonish, qarzni qaytarishdan bo‘yin tovlash, firibgarlik qilib odamlarning pullarini o‘zlashtirish ko‘paydi.
Ayniqsa internet rivojlangach ijtimoiy tarmoqlar orqali firibgarlik qilib, odamlarni chuv tushirish ham birmuncha urchidi. Shuningdek, ayrim mutasaddilar tomonidan davlatning, budjetning mablag‘larini turli yo‘llar bilan o‘zlashtirish holatlari ham afsuski uchrayapti.
Biroq hamma narsaning javobi bor. Xalqniki bo‘ladimi yoki birovning pullarimi noqonuniy o‘zlashtirilsa, nafaqat qonun bilan chora ko‘riladi, balki hayotning o‘zi ham bu ishni qilayotganlarni «jazolab qo‘yadi». Oxiratdagi jazoga esa shak yo‘q.
Yaqinda elektron pochtamga yuborilgan maktubda muallif boshidan o‘tkazgan hodisa misolida birovning haqi boshqaga yuqmasligini eslatib o‘tibdi.
«Bir paytlar birovning haqidan hazar qilmay, kichik sinovga duch kelganman. O‘shanda bu ishni o‘zimga berilgan ogohlantirish deb tushundim. Minba’d birovning haqiga ko‘z olaytirmayman, begonalarning narsasiga tegmayman deb o‘zimga so‘z berdim. O‘sha so‘zimda turibman. Xudo xohlasa bundan keyin ham turaman», deb yozadi maktub sohibi.
U hikoya qilib bergan hodisa kimlar uchundir arzimagan tuyulishi mumkin. Biroq «o‘g‘irlikning kattasi ham, kichigi ham o‘g‘irlik» deyilganday, birovning haqini yeyishning ko‘p yoki ozi yo‘q. Bu ish noto‘g‘ri, barchasi qonunbuzarlik va gunoh.
«Ushbu maktubimda boshimdan o‘tkazgan bir voqeani bayon qilmoqchiman. O‘sha voqea sababli men haromdan hazar qiladigan va zinhor birovning haqiga ko‘z olaytirmaydigan bo‘ldim.
Otam xususiy mulk taqiqlangan sovet davrida ham savdo bilan shug‘ullangan. OBXSSdan qochib, yashirinib Rossiyaning turli shaharlariga tomorqamizda yetishtirilgan quruq mevalarni sotib kelardi.
Mustaqillikning ilk yillarida otam Rossiyaga bormay qo‘ydi va iqtisodiy ahvolimiz ancha nochorlashdi. Shunda maktabni bitirganimdan so‘ng ota-onamga harna yordam bo‘lsin deb savdoga chiqib ketdim.
Hamqishloqlarim bilan poytaxtdagi bozorlardan biriga borib joylashganimda yoshim o‘n sakkizda edi. Qishda quruq meva sotardim. Bahordan kuzgacha uyda dehqonchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lardim.
O‘sha paytlarda Toshkentda yurish osonmas, temiryo‘l vokzali, avtovokzal va bozorlar jinoiy guruh a’zolari bo‘lgan o‘g‘ri hamda kisavurlar bilan to‘la edi. Ular yoningizda pulingiz borligini bilsa har qanday yo‘l bilan uni olardi.
Qappaygan cho‘ntakni yoki sumkani ko‘rsa, albatta kesardi. Yoki panaroqqa o‘tkazib zo‘rlik bilan tortib olishdan ham qaytmas edi. Shu sababli bozordan chiqishdan avval pullarni qiyiqchaga o‘rab belimizga tugib olardik. Harholda shu xavfsizroq edi.
Bozorga chiqa boshlaganimga 4-5 yil bo‘lib qolgan kezlar edi. Kuzda hosillarni yig‘ishtirib yana poytaxtga jo‘nadim. O‘zim savdo qilib kelgan bozorga borib bo‘sh joylardan biriga joylashdim.
Qarasam peshtaxta ostida bir necha qop turibdi. Bir chetini ochib ko‘rsam quritilgan olxo‘ri ekan. Yonimdagilardan so‘rasam hech kim meniki demadi, egasi chiqmadi. Shundan so‘ng qoplarga ortiq e’tibor bermadim. Bahorgacha olxo‘rilarning egasi kelmadi.
Shu orada xayolimga bir ikki marta «Baribir egasi chiqmayapti. Kim bo‘lsa ham sota olmay tashlab ketgan, olib sotib yuborsam-chi?!» degan o‘y ham keldi. Biroq birovning narsasi kerakmas deb bu ishdan o‘zimni tiydim.
Kunlardan bir kun ikki nafar hamqishlog‘im bilan mening joyimda gaplashib o‘tirganimizda ulardan biri peshtaxta ostidagi qoplarni ko‘rsatib savol berib qoldi:
«Anchadan buyon kuzataman, shu qoplarni chiqarmaysan, undagi narsani sotmaysan. Ularda nima bor?».
Unga qoplarda quritilgan olxo‘ri borligini, ular meniki emasligini, kuzdan buyon turganini va hech kim so‘rab kelmaganini aytdim. Shunda u olxo‘rini sotib pulini bo‘lib olish taklifini bildirdi. Men rad etdim.
Shundan so‘ng hamqishloqlarim qoplarni peshtaxta ostida tashqariga chiqarishdi. Ularni ochib olxo‘rilarni ko‘rishdi. So‘ng meni avray boshlashdi:
«Olxo‘rilarni kuzdan buyon hech kim so‘rab kelmadi deyapsan. Egasi ularni sotolmay tashlab ketgan. Aks holda shu paytgacha kelib olardi. Qara, hozir biz tegmasak shu holida qurtlaydi. Keyin chiqindiga tashlanadimi? Undan ko‘ra sotib foydalanaylik».
Ular u deyishdi, bu deyishdi, oxiri meni sheriklikka ko‘ndirishdi. Shu joyda o‘zimni oqlamayman, «qurtlab ketsa chiqindiga tashlanadimi deyishgan chog‘dayoq ularga sherik bo‘lishga moyillik uyg‘ongandi. O‘sha kuni tunda olxo‘rini tozalab yuvib, yangi qoplarga soldik.
Ertasi kuni unga ko‘tara oladigan odam xaridor bo‘ldi, hammasini sotib yubordik. 100 kilogramm atrofida chiqdi. Esimda o‘sha paytda har birimizga 50 dollar qiymatiga teng pul tegdi.
O‘shanda pulni olar ekanman «olxo‘rining egasi so‘rab kelsa nima deb javob beramiz» degan o‘y xayolimga kelmadi.
Olxo‘rini sotib yuborgan kunimizdan bir necha kun o‘tib hamqishloqlarimdan biri xafa holda keldi. Tinchlikmi deb so‘rasam indamaydi. Biroz o‘tgach «yorildi». Aytishicha, tunda qimmat ust kiyimlarini ijaraga yashaydigan uyining hovlisiga quritish uchun ilib qo‘ygan ekan, kimdir o‘g‘irlab ketibdi.
«Bilasan, ijara uyimiz «obshiy dvor». U yerda 4-5 ta oila yashaydi. Ular orasida alkash ham bor, nashavand ham bor. O‘g‘irlikni qay biridan ko‘rishni bilmayapman. Tekshirib chiqay desam, mabodo topa olmasam keyin bizni o‘g‘rilikda gumon qilding deb menga tinchlik berishmaydi. Shu uchun dardim ichimda kelyapman», dedi u.
Hamqishlog‘imni yupatganday bo‘ldim. O‘sha payda qo‘limda mijozlarimdan biri qarz evaziga tashlab ketgan qimmat uzuk bor edi. Uni yo‘qotib qo‘ymay deb ipga o‘tkazib olib yurgandim.
Hamqishlog‘im hasrat qilayotganda uzukni ipidan aylantirib turgandim, shu payt u beixtiyor qo‘limdan chiqib ketdi va qayergadir borib tushdi. Na men, na yonimdagilar uning tushgan joyini ko‘rolmay qoldik.
Shundan so‘ng tushgacha atrofni obdon qidirdik, biroq uzuk topilmadi. Shu tariqa 300 dollar pul evaziga garovda turgan uzuk yo‘qoldi.
Eng qizig‘i, tushdan so‘ng uchinchi sherigimiz ham xafahol keldi. Aytishicha, avvalgi kun kechki payt bozordan chiqib ketishda pul o‘ralgan qiyiqchani beliga bog‘lagan. Biroq ijara uyga borganda qarasa belida qiyiqcha yo‘q emish.
«Bozordan chiqishda belimga bog‘laganim esimda, ijaraga uyga yetib borsam yo‘q. Avtobus tiqilinchroq edi, balki o‘sha yerda bog‘ich yechilib ketganmikan? Yoki kisavur kesib oldimi, bilmayman. Avtobusda ham, keyin ijara uyga kirib borguncha ham hech narsa sezmadim. Mabodo yo‘lda tushib qolganmikan deb kechasi bilan bekatdan ijara uygacha bir necha marta borib keldim, topolmadim», dedi u.
Undan qiyiqchada qancha pul borligini so‘rasak 500 dollarga teng pul bo‘lganini aytdi.
O‘shanda biz bilan sodir bo‘lgan ishni eshitib boshqalar hayron bo‘lishdi. Bir-birimizga qaraymiz-u, nima ish qilganimizni oshkor qila olmaymiz. O‘shanda men va sheriklarim birovning olxo‘risini olish noto‘g‘ri ish bo‘ldi, uning puli bizga harom edi, shu sababli «teshib chiqdi» degan xulosaga keldik.
Uchalamiz o‘zimizga tekkan pulni o‘rtaga qaytarib tashladik va undan qutulish uchun tilanib yurgan ayolga berib yubordik. Shundan so‘ng yelkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi.
O‘shanda ushbu voqea men uchun juda katta dars bo‘ldi. Undan bir umrlik saboq oldim va yerga tushib yotgan bo‘lsa ham birovning narsasiga tegmaydigan bo‘ldim».
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.