Yordam so‘radikmi, sabr qilishni ham bilaylik (hayotiy masallar)

Light 14:31 / 28.08.2018 49151
Foto: Pixabay

Bulochka

Er-xotin birgalikda o‘ttiz yil yashashdi. Turmush qurganliklarining 30 yilligi kuni xotin odatdagidek bulochka pishirdi – u har kuni ertalab bulochka pishirar, bu an'anaga aylanib qolgandi. Nonushta payti u bulochkani o‘rtasidan bo‘lar, har ikki tomoniga moy surtar va eriga yumshoqqina deb tepa qismini berardi. Ammo bu safar unday qilmadi...

«Bugun bulochkaning tepa qismini o‘zim yemoqchiman: buni 30 yildan beri orzu qilaman. Shuncha yil unga vafodor xotin bo‘ldim, o‘g‘illar tug‘ib katta qildim, uyni supurib-sidirdim, oilamiz uchun kuchim va sog‘ligimni ayamadim», o‘yladi u.

U shu qarorga kelib eriga bulochkaning pastki qattiq qismini uzatdi, qo‘li esa hayajondan qaltirardi – 30 yillik an'ana buzilayotgandi! Er esa ayoli uzatgan bulochkani olarkan, dedi:

— Bugun menga ajoyib sovg‘a berding, azizam! O‘ttiz yildan beri men bulochkaning o‘zim yoqtirgan pastki qismini yeyishni orzu qilardim, ammo sen pastki qismini yeyishni yoqtirganing uchun so‘ray olmasdim.

Lochin

Bir kuni qirolga lochin bolasini sovg‘a qilishdi. Qirolning qushboqari uni katta qildi, ammo hech uchishga o‘rgatolmadi. Lochin polaponligida o‘tirgan daraxt shoxini tark etishni aslo xohlamasdi.

Qushboqar qirolga lochin ustidan arz qilib, uni aslo uchishga o‘rgatolmayotganini, hattoki yemishni ham qush o‘tirgan shoxga qo‘yishga majbur bo‘layotganini aytdi.

Qirol jarchi orqali lochinni uchishga majbur qiladigan odam topishni e'lon qildi va ertalab qush bog‘ ustida parvoz qilib yurganini ko‘rdi.

– Bu mo‘'jizaning muallifini oldimga keltiringlar! – dedi qirol.

Uning oldiga oddiy dehqonni olib kelishdi.

– Uni uchishga qanday majbur qilding? Sehrgarmisan?– so‘radi qirol.

Dehqon qirolni xursand qila olganidan shod edi:

– Bu qiyin bo‘lmadi, zoti oliylari. Men shunchaki lochin o‘tirgan shoxni arralab tashladim va u qanotlari borligini tushunib ucha boshladi.

Xulosa: ayrim odamlar ham ana shu lochinga o‘xshaydi. Ular qanotlari borligini anglab yetmay daraxt shoxida o‘tiraverishadi. Hayot ayrimlar o‘tirgan shoxni sindiradi va shundagina ular ucha olishlarini tushunishadi. Ayrimlarning hamma narsasi borligi uchun o‘tirgan joylarini yo‘qotishdan qo‘rqib uchishni istashmaydi. Balki hayotimizda hech bo‘lmasa bir bor parvoz qilishimiz uchun kimdir biz o‘tirgan shoxni arralashi kerakdir? Ba'zan boshida yomondek tuyulgan voqea ham parvoz qilishimiz uchun imkoniyat taqdim etishi mumkin.

Foto: Pixabay

Kimsasiz orol

Kimsasiz orol sohilida kema halokatga uchradi. Faqat birgina yo‘lovchi tirik qoldi. U har kuni Xudodan uni qutqarishini so‘rab iltijo qilar, har soatda uzoqlarga tikilgancha biror yordam kelishini kutardi.

Nihoyat u quyosh, shamol, yomg‘irdan himoyalanish uchun o‘ziga chayla qurdi. Bir kuni u yemish izlab uzoqqa ketdi, qaytib kelganida esa chaylasi olov qurshovida qolgan, undan chiqayotgan tutun osmonga o‘rlardi. U Xudoga nola qildi:

– Nega bunday qilding, Xudoyim?

U o‘zini qumga tashlagancha uxlab qoldi. 

Erta tongda u orolga yaqinlashib kelayotgan kemaning ovozidan uyg‘onib ketdi. Uni qutqargani kelishgandi. U kemadagilardan so‘radi:

– Bu yerda ekanligimni qayerdan bildingiz?

– Siz yoqqan olovdan chiqqan tutunni ko‘rib shu tomonga burildik... 

Xulosa: yordam so‘radikmi, sabr qilishni ham bilaylik.

Chumchuq va tovuq

Bir kuni chumchuq bilan tovuq gaplashib qolishdi. Chumchuq chetan devor ustida o‘tirar, tovuq esa pastda don cho‘qilab yurardi.

— Menga qara, doim yer titib yurish joningga tegmadimi? — so‘radi chumchuq. — Uchishni ham unutib yuborgan bo‘lsang kerak. 

— Unaqamas! — xafa bo‘ldi tovuq.

U bor kuchi bilan qanot qoqib chetan devor ustiga chiqib oldi.

— O‘zing-chi, doim uchib yurish joningga tegmadimi? Tovuqxonada yasha. Yemishing ham naqd bo‘ladi, don qidirib uchib yurmaysan.

Shu payt kuchli shamol esdi. Tovuq devor ustida turishga qanchalik urinmasin, shamolda pastga qulab tushdi. Chumchuq esa qanotlarini yozib bir parvoz qildi-da, yana devorga qo‘ndi.

— Endi ko‘rdingmi, — dedi u, — sen gavdali va kuchlisan, ammo faqat tayyor yemishdan umid qilib yashaysan. Devor ustida ham qanotlaringga emas, devorga tayanishga harakat qilding, men esa faqat qanotlarimga tayanaman va boshqalardan umid qilmayman.

Ko‘proq yangiliklar: