Amerikadagi hayot - IBM'da 7 yil ishlab, AMD'ga o‘tgan vatandosh hikoyasi

Jamiyat 19:37 / 14.04.2023 33485

— Lagrenjvillda yer muammosi yo‘q. Hovlilar keng joylashgan, har bir uyga 20-25 sotixdan joy bor. Devorlar yo‘q hovlilarda, shaxsiy mulkni hurmat qilishadi. Odatda Nyu-York aholisi pensiya yoshigacha ishlab, keyin boshqa bir shtatga ko‘chib ketishadi. Bunday yerlarga gaz kelmaydi odatda, faqat elektr bor. Lekin elektrning o‘zi yetarli hammasi uchun. Isitish tizimimiz dizelda ishlaydi, yiliga o‘rtacha 4 tonna dizel yoqiladi. Elektrga esa oyiga 100-150 dollar atrofida pul to‘laymiz, umuman uzilishlar bo‘lmaydi. Chekka hudud bo‘lganimiz uchun quduqlardan suv olinib, qayta ishlanadi bizda, shahar suv tizimiga ulanmagan.

— Bu yerda yashashning yaxshi va yomon tomonlari qanday?

— Yaxshi tomoni, bu yerda tinchlik bor, havosi toza, tabiati go‘zal. Nyu-York shahrida doimiy shovqin bo‘ladi. Kechasi yulduzlar juda chiroyli ko‘rinib turadi bu yerda.

Yomon tomoni esa bu yerda o‘yin maydonchalari yo‘q bolalar uchun. Keyin, Bruklindan o‘zbek oshxonalari bor edi, bu yerda esa bunday imkoniyat yo‘q. Bu yerga ko‘chib kelganimizga 7,5 yil bo‘lgan bo‘lsa, hali biror marta o‘zbek oilasini ko‘rmadik. O‘zbeklar bilan gaplashish uchun Nyu-York shahriga boramiz.

Ko‘p uylarda qariyalarni ko‘rish mumkin. Chunki Amerikada voyaga yetgan farzandlar ota-onalari bilan kamdan kam birga yashashadi. Uylarning aksariyati yog‘ochdan quriladi, chunki arzon bu yerda. Ammo ishchi kuchi qimmat, shuning uchun ham tez bitadigan qilishadi.

— Kommunal xizmatlar uchun oylik xarajatingiz qancha bo‘ladi?

— Qish mavsumida ko‘p ketadi. Elektrga 150-200 dollargacha bo‘lsa, dizel uchun sovuq oylarda ming dollargacha borishi mumkin. Lekin yillik xarajatlarni umumiylashtirib bo‘ladigan bo‘lsak, taxminan 600-700 dollar atrofida bo‘ladi. Yer solig‘i va maktab solig‘i ham oyiga ming dollar bo‘ladi. Bu yerda maktab solig‘ini hamma to‘laydi, farzandlari bo‘lmasa ham. Xususiy maktablar ham bor, lekin qimmat.

— Umuman, AQShga kelishingiz haqida gapirib bersangiz. Qanday bo‘lgan?

— Bu yerga kelishimdan oldin TATUda o‘qib, keyin 2 yil ishlaganman. 2010 yilda kelishga imkoniyat bo‘lib qolgan. Birinchi Bruklinga kelganman, u yerda o‘zbeklar ko‘p. Bir yilcha Bruklinda ishlaganimdan keyin o‘zimning sohamda (menejment) ish qidirishni boshladim. Ish topish murakkab bo‘ldi. Chunki 2008 yildagi inqirozda ko‘pchilik ishidan ayrilgan edi. Raqobatchi ko‘p bo‘lgan.

O‘rganib chiqib, aniq fanlar bilan bog‘liq sohalarga talab katta ekanini bilganman. So‘ng 2011 yilda elektr injyenering sohasiga o‘qishga kirib, 4 yil o‘qiganman. Men kelgach, bir yil o‘tib ota-onam, ukam ham kelishdi.

Aytganimdek, bu yerda aniq fanlarga asoslangan sohalarga talab katta va yaxshi haq to‘lanadi. Bitiruvchilarga ham taklif qilinadigan oylik maosh boshqalarnikidan baland bo‘ladi.

— IBMʼga qanday ishga kirganingiz va faoliyatingiz haqida gapirib bersangiz.

— IBM haqida O‘zbekistonda maktabda o‘qib yurgan paytlarim eshitardim. Kompyuterlarda nomini ko‘rib qolardik. Birinchi serverlarga o‘rnatiladigan chip ishlab chiqaruvchi bo‘limga ishga kirganman. Bu kompaniyani Tomas Vatson tashkil qilgan 110 yil oldin. Men o‘qigan Bingemton universitetida ham uni juda hurmat qilishadi.

Universitetimizda har yili mehnat yarmarkasi bo‘lar edi. Shunda IBM kompaniyasi xodimlari bilan suhbatdan o‘tib, keyin kompaniyaning o‘ziga suhbatga borganman. Murakkab yoki oson — har xil savollar berishadi. Menga to‘rtinchi kursligimning noyabr oyida taklif berishgan, keyingi yil o‘qishni bitirib ishni boshlaganman. Asosiy protsessor-chip yig‘uvchi bo‘limda ishlaganman. U yerdagi faoliyatim 7,5 yil bo‘lgan. Ikki yildan buyon AMD kompaniyasida ishlayapman, bu yerda ham chip dizayni bilan shug‘ullanaman. Oldingi ishim bilan deyarli bir xil.

— IT sohasida bitiruvchilar va tajribali xodimlarga o‘rtacha qancha maosh to‘lanadi?

— Ish tajribasiga qaraladi. Bakalavr bo‘lsa, yiliga 60-70 ming dollar taklif qilinadi. Mashhur brend kompaniyalar 100-110 ming dollargacha berishi mumkin. Odatda 5 yillik tajribadan so‘ng oyliklar 30-40 foizga oshadi. Ya’ni 140 ming dollardan 250 ming dollargacha oylik olishadi. Yirik kompaniyalar xodimning o‘zi o‘tganidan tashqari o‘zlari ham pensiya jamg‘armasiga pul o‘tkazib turishadi. Agar xodim yiliga 5 ming dollar pul o‘tkazsa, kompaniya ham yana shuncha pul o‘tkazadi fondga. Pensiya fondidagi pul belgilangan yoshga yetmasdan olinadigan bo‘lsa, 50 foizi davlatga jarima sifatida beriladi. Bundan tashqari, tibbiy sug‘urta xizmatlari bor. Kompaniya tomonidan taklif etilgan tibbiy sug‘urta o‘zim borib tashkil qildiradigan sug‘urtadan arzon tushadi to‘lovlari. Oyiga taxminan 300-350 dollar tibbiy sug‘urtaga pul to‘layman oilam uchun. Agar kompaniya yaxshi daromad qilgan bo‘lsa, yil oxirida oylikning 10-15 foizigacha bonus berishi mumkin. Umumiy kirim-chiqim xarajatlar shunday.

Yirik kompaniyalarda bir oy mehnat ta’tili beriladi. Ba’zi kompaniyalar bir oydan ham ko‘p berishi mumkin, hammasi ishonchga bog‘liq. Qayergadir borishim kerak bo‘lib qolsa, bemalol borishim mumkin, aytib qo‘ysam bo‘ldi. O‘zbekistonga borganimizda ham bir oy emas, ikki-uch oy muljallab boramiz. Ishni onlayn qilaveraman. Bundan tashqari, ko‘p sayohatlarga borib turamiz, shunday paytlarda ishxonam ishonadi va imkoniyat yaratib beradi. Muhimi, ishlar bajarilsa bo‘ldi, istagancha ta’til olish yoki onlayn ishlash mumkin. Umuman, yirik kompaniyalarda ishlovchilarga imkoniyatlar katta bu yerda.

— Ijtimoiy masalalar qanday? Deylik, sog‘liqni saqlash, maktab, bog‘cha masalalari. Migrantlarga munosabat qanday?

— Muammo bo‘lmaydi bu borada. Amerikaning o‘zi immigrantlar mamlakati. Ajratish judayam kam Amerikada. Ikkita yosh bolamiz bo‘lgani uchun tibbiyotdan ko‘p foydalanamiz. Tibbiy sug‘urta bo‘lgani uchun xarajatlarni sug‘urta kompaniyasi qoplab beradi. Sug‘urtasiz juda qimmatga tushadi bu yerda. Shuning uchun migrantlar birinchi o‘rinda sug‘urtaga harakat qilishadi. Sug‘urtasi yo‘q odamlar ham imkoniyati yo‘qligini tushuntirsa, kasalxona fondi to‘lashi mumkin. Lekin unda ham birinchi o‘rganib chiqiladi.  

— Jarimalar, soliqlar va shu kabi davlat bilan bo‘ladigan munosabatlarda ketadigan mablag‘ topayotgan daromadingizning necha foizini tashkil etadi o‘rtacha?

— Yolg‘iz yashaydigan insonlar daromadining 40 foizi soliqlarga ketadi. Oilali insonlarga nisbatan kamroq bo‘ladi, ya’ni taxminan 20 foiz bo‘ladi. Shtatlarda, hududlarda farq qiladi soliqlar, jarimalar. Masalan, Nyu-York shahrida mashina taqiqlangan joyda qoldirilsa, 65 dollar jarima, bizning shaharchada esa 10 dollar. Kam ta’minlangan oilalar kam yoki umuman soliq to‘lamaydi, ko‘p daromad topadiganlar esa ko‘proq soliq to‘laydi.

— O‘zbekistonliklar ko‘pincha uy, mashina, yaxshi ish orzusida harakat qilishadi. Sizda bularning hammasi bor. Endi yana qanday maqsadlaringiz bor?

— Inson orzu qilishdan to‘xtamaydi hech qachon. Bir maqsadga erishgach, yana bir boshqa maqsad bo‘ladi. O‘zbekistonga kel deyishadi, lekin men farzandlarim yaxshi ta’lim olishini istayman. Bu yerda imkoniyat ko‘p. Farzandlar eng yaxshi universitetlarda ta’lim olsin, sohasi bo‘yicha professional bo‘lsin deyman. Orzu-maqsadlar hech qachon tugamaydi.

— Amerikaga kelganingizdan afsuslanish bo‘lganmi?

— Birinchi kelgan paytimda bo‘lgan afsuslanish. Chunki tizimni bilmaganman, hujjat masalalari qiynagan, pulim kam bo‘lgan. Pulim kamaygani sari depressiyaga tushib borganman. Qarz olib O‘zbekistonga qaytib ketmoqchi bo‘lganman. Ish boshlab, qo‘limga pul tusha boshlagach, xavotirlar ketgan.

— O‘zingiz va farzandlaringizning kelajagini qayerda ko‘rasiz, O‘zbekistondami yoki AQShda?

— Ochig‘ini aytsam, farzandlarim bu yerda qolishsa kerak. Lekin o‘zim kelajakda O‘zbekistonga qaytib ketmoqchiman. Bolalarim maktabga chiqib, universitetlarda o‘qimaguncha ketmayman lekin.

— Amerikaga kelmoqchi bo‘lganlarga qanday maslahat berasiz?

— STEAM sohasida kuchli o‘qishlari kerak. O‘zbekistonda tayyor mutaxassis bo‘lib kelishlarini maslahat beraman. Shunda yaxshi ish topiladi. Albatta, til bilish kerak. Va istalgan qiyin mehnatga tayyor bo‘lishlari lozim, chunki har xil vaziyat bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilik Amerikada pul topish oson deb o‘ylaydi.

Farrux Absattarov
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov

Ko‘proq yangiliklar: