«Milan» yarimfinalga qadam tashladi: Italiyaning eng yaxshi jamoasi yana mag‘lub etildi

Sport 14:06 / 13.04.2023 24758

YeChL. 1/4 final. 12 aprel
Birinchi o‘yinlar

Milan — Napoli 1:0
Gol: Binnosir (40).

Milan – Menyan, Kalabriya, Ker, Tomori, Ernandes, Krunich, Binnosir (Salemakers, 67), Dias (Rebich, 80), Tonali, Leau, Jiru.
Napoli – Meret, Di Lorenso, Rrahmani, Kim Min Chje, Ruy (Olivera, 81), Lobotka, Zelinski (Ndombele, 81), Zambo-Angissa, Elmaz, Losano (Raspadori, 69), Kvaratsxeliya (Politano, 81).
Ogohlantirishlar: Zelinski (38), Binnosir (60), Di Lorenso (70), Zambo-Angissa (70), Kim Min Chje (78).
Chetlatish: Zambo-Angissa (74).

Pasayish, inqiroz, ishtiyoqsizlik — bular «Milan»ning chempionlik mavsumidan keyingi muvaffaqiyatsizliklarini izohlash uchun ishlatilgan so‘zlar. Ammo Stefano Pioli davridagi «rossonerilar» nokdaunlardan keyin og‘riqni his qilmaydi va yana o‘rnidan turadi. Qanchalik kuchli zarba berilmasin, ular, aftidan, bundan faqat kuch oladi. Murabbiyning skudetto g‘olibligiga yo‘l «Atalanta»dan uchralgan 0:5 hisobidagi sharmandali mag‘lubiyatdan boshlangani to‘g‘risidagi so‘zlarini eslash o‘rinli.

«Milan» joriy mavsum davomida ham qaysidir pallada tubga tushdi. Superkubok uchun derbida 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi va o‘z uyida «Sassuolo»dan beshta gol o‘tkazib yubordi. Ammo keyin bir necha oyni o‘tkazib yuborgan Menyan darvozaga qaytdi, Ernandes jahon chempionatidan o‘ziga keldi, Rafael Leau yana o‘tgan mavsumdagi kabi aqlli o‘yin ko‘rsata boshladi.

O‘n kun muqaddam Neapolda kechgan o‘yinda «Milan» mavsumdagi eng yaxshi o‘yinini namoyish etib,
Luchano Spalletti jamoasini 4:0 hisobida yakson etdi. Bu natijaga qarab, milanliklar Italiyaning eng yaxshi jamoasi - A Seriya turnir jadvalida katta farq bilan ilgarilab ketgan jamoani yer bilan bitta qilganiga ishonish qiyin. Jamoa yetakchisi Xvicha Kvaratsxeliya esa o‘sha oqshomda maydonda ko‘zga tashlanmadi. Ammo bu ham hali milanliklar «San-Siro»dagi YeChL o‘yinida yana shu ishni takrorlashini kafolatlamasdi.

Spalletti bu o‘yin oldidan muhim muammoni hal qilishi talab etilardi. U jamoaning asosiy hujumchisi Osimhen ortidan Simeoneni ham lazaretga jo‘natishga majbur bo‘ldi, Raspadori — ham tibbiy sabablarga ko‘ra to‘liq o‘ynay olmasdi. Ya’ni «Napoli»da markaziy hujumchi ampluasidagi birorta futbolchi qolmagandi, murabbiy esa bu muammoni Elmasni «aldamchi to‘qqizlik» rolida tushirib hal etishga qaror qildi.

O‘yinning ilk daqiqalaridayoq – mehmonlar total ustunlikka ega bo‘lishdi. Bu 10 kun muqaddam o‘z uyida «Milan»ga yengilgan ilojsiz jamoa emasdi. Diqqatini jamlagan va tajovuzkor «Napoli» mehmonlarni kuchli pressing qilib, to‘pni tezda o‘ziga oldi va «rossonerilar»ni tezlik bobida ortda qoldirdi. Kvaratsxeliya ilk daqiqadayoq supervaziyatga ega bo‘ldi, «Milan» himoyachisi Tomori ishonchsiz harakat qilib, qulay pozitsiyada turgan raqibga to‘pni topshirib qo‘ydi. Ammo Xvichaning zarbasi Tomorining o‘ziga qarata yo‘llandi. Ko‘p o‘tmay Kvaratsxeliya angliyalik himoyachini aldab o‘tib, sherigiga vaziyat yaratib berdi. Zelinski esa jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi bilan Menyanni qahramonlik ko‘rsatishga majbur qildi, darvozabon to‘pni to‘sin ostidan chiqarib yubordi. «Milan» to‘psiz qoldirildi va himoyalanishga majbur qilindi, bunday vaziyatda «Napoli»ning goli vaqt masalasidek ko‘rinayotgandi.

«Milan»ning oldingi chiziqda to‘p uchun kurashish uchun urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi va orqada bo‘shliqlar yuzaga keltirdi. To‘pga egalik qilinayotganda tayanch yarimhimoyachisi Krunich uchinchi markaziy himoyachi pozitsiyasiga o‘tib, raqibning markaziy havbekini ham o‘zi bilan olib ketishga urindi, ammo Pioli jamoasiga o‘rta chiziqda bog‘lovchi futbolchi yetishmadi. «Rossoneri»larda birinchi vaziyat faqat 25-daqiqaga kelib yaratildi va bu faqatgina Leauning individual harakatlari evaziga bo‘ldi. Portugaliyalik futbolchi to‘pni o‘z jamoasi tomonida egallab, raqib himoyachilaridan qochib ketdi, ammo uning olis ustun tomon yo‘llagan zarbasi biroz xato ketdi. Bu vaqtga kelib «Milan» zarbalar bo‘yicha – 0:9 (darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha – 0:3) hisobida ortda qolayotgandi.

«Rossoneri»lar sabr qilishdi va o‘z imkoniyatini kutishda davom etishdi. Tanaffus yaqinlashgani sari «Napoli»ning pressingi uzilib qola boshladi. Spalletti shogirdlari yuqori intensivlik tufayli holdan toyishgandi va «Milan»da hujum qilish uchun bo‘sh hududlar ochila boshladi. 40-daqiqada Dias ham Leau qilgani kabi to‘pni maydonning yarmidan olib o‘tdi, u Leau va Binnosir bilan uyushtirgan kombinatsiya jazoirlik havbek yaqin burchakni aniq nishonga olishi bilan yakunlandi. Mehmonlar jarima maydoni atrofida uchga uch nisbatiga chiqib borishdi. Mezbonlarning birinchi bo‘limda darvoza sohasiga aniq yo‘llagan yagona zarbasi golga aylandi. Neapolliklar o‘ziga kelishga urinayotganida hisob 2:0 ko‘rinishiga kelishi ham mumkin edi, ammo bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Kerning zarbasi to‘sindan qaytdi.

«Napoli» ikkinchi bo‘limni ham birinchisi kabi kuchli boshladi. A Seriya yetakchisi makimal tezlikni yoqdi, «Milan» esa sabr qilib, o‘z ustunligini saqlab qolish uchun o‘ynadi. Kvaratsxeliya to‘p so‘radi va epizodlarni hal qilishga urindi, ammo gurjistonlik vingerga jarima maydonida Osimhen yetishmadi. Elmas markaziy forvard emasligi ko‘rinib qoldi. Makedoniyalik futbolchi «rossoneri»lar darvozasi tomon ilk zarbasini faqat tanaffusdan keyin yo‘llay oldi, ammo bu epizodda Menyan to‘sin ostiga borayotgan to‘pni nazorat qilib turgandi. 60-daqiqada esa Xvicha Kerni aldab o‘tib, penalti ishlashga urindi – hakam Kovach esa «Napoli» driblyoriga ishonmadi.

Spalletti jamoasi o‘yinning 60 foizdan ortiq qismida to‘pga egalik qildi, bosim uyushtirdi, zarbalar bo‘yicha ham (15-12), darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar soni (5-2) va burchak zarbalari bo‘yicha ham (10-3) ustunlik qildi. Ammo tablodagi raqamlar o‘zgarmadi. Janubliklar murabbiyi zayavkadagi so‘nggi forvardi – Raspadorini maydonga tashladi. Elmasa ham maydonda qolib, qanotga ko‘chdi. Luchano bu o‘zgartirish bilan Raspadorining ushbu turnirdagi omadiga umid qilgan bo‘lishi ham mumkin: yozda xarid qilingan bu futbolchi A Seriyada birgina gol urgan, Chempionlar ligasida – to‘rtta! Lekin Spallettining barcha rejalarini Angissaning maydondan chetlatilishi barbod qildi, u to‘rt daqiqa ichida ikki sariq kartochka oldi.

«Napoli» o‘n kishi bo‘lib qolgach, Kvaratsxeliya ham almashtirildi. Spalletti uni keyingi o‘yin uchun asrashi va bu o‘yinda hisob yiriklashib ketmasligi uchun yangi kuchlar bilan harakat qilishi kerak edi. Xvicha «San-Siro»da to‘p bilan 54 bor muomala qildi, ikki zarba berdi, ikki bor zarba uchun pas uzatdi, raqiblarni olti marta aldab o‘tdi (sakkiz urinishda) va 20 bor yakkakurashdan 10 tasida ustun keldi. Ushbu vinger aslida yomon o‘yin o‘tkazmadi, ammo futbolchi gol yoki golli pas muallifi bo‘la olmadi va jamoasi natijaga erishmadi.

«San-Siro»da o‘n kishi bo‘lib qolgan «Napoli» himoyachilarining sa’y-harakatlari bilan o‘yin oxirida durangga erishishi ham mumkin edi. Ammo Menyan Di Lorensoning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini qaytardi, Oliveraning zarbasi esa biroz yuqoridan ketdi. Golga yaqin kelindi, ammo ayni vaqtda yarimfinalda Milan derbisi bo‘lishi ehtimoli ham yaqin.

Ko‘proq yangiliklar: