Namanganda 27 mln miqdoridagi qarzni undirishga kelgan MIB xodimi pichoqlandi

Jamiyat 20:24 / 12.04.2023 19005

10 aprel kuni soat 15:40 larda 26 mln 982 ming so‘mlik bank krediti va boshqa qarzdorliklarni undirish uchun qarzdor fuqaroning yashash xonadoniga borgan davlat ijrochisi uni topolmaydi. Uyidagilari u yo‘qligini aytgach, O.Toshboyevga qo‘ng‘iroq qilib yetib kelishni so‘raydi. Qarzdor esa turli bahonalar bilan kelmasligini ma’lum qiladi.

Davlat ijrochisi qarzdorlik bartaraf etilmasa majburiy ijro harakatlariga kirishishini bildiradi. MIB axborot xizmatiga ko‘ra, bundan g‘azablangan erkak davlat ijrochisini o‘ldirishga qasd qiladi va davlat ijrochisining ko‘krak qafasiga xo‘jalik pichog‘i bilan urmoqchi bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, MIB xodimi o‘zini himoya qilgani bois qarzdor niyatiga yetolmaydi. Biroq xodim o‘ng qo‘lining kaftidan jiddiy jarohat oladi.

“Qarzdor yana davlat ijrochisini o‘ldirish maqsadida uning ortidan quvgan vaqtda, ijro harakatlarida ishtirok etayotgan boshqa davlat xizmatchilari tomonidan qo‘lidagi xo‘jalik pichog‘i olib qo‘yilishi sababli, jinoyatni oxiriga yetkaza olmaydi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Majburiy ijro byurosi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 36 yoshdagi qarzdor fuqaro muqaddam qator jinoyatlari uchun 6 marotaba sudlangan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsiddinov mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi. Ayni paytda To‘raqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: