7 aprel kuni ushbu seriallar rejissyori, prodyuseri, turkiyalik mashhur rejissyor Mehmet Bo‘zdog‘ O‘zbekistonga qisqa tashrif bilan keldi.
O‘zbekiston madaniyat va turizm vazirligi tashrifdan foydalanib, OAV uchun rejissyor bilan matbuot anjumani tashkil qildi. Tadbirda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan qator savollar bilan Mehmet Bo‘zdog‘ga murojaat qilishdi.
Shohira Hamro, jurnalist:
— «Mendirman Jaloliddin» seriali yakuniga yetyapti. Serialdan qanchalik ko‘nglingiz to‘ldi va keyingi mavsumini kutishimiz mumkinmi?
— Xorazmshoh Jaloliddin tarixi o‘rganilsa, u hech qachon birovga bosh egmagan va taslim bo‘lmagan shaxs. Dunyodagi bir nechta hukmdorning hayotini ko‘rsatib berishga muvaffaq bo‘ldim, ularning hayotini o‘rganib chiqdim. Ular ichida Jaloliddin eng muhim tarixiy ahamiyatga egasi. Biz mana shu olingan ikki mavsumda Jaloliddinning ruhiy dunyosini ochib berishga harakat qildik. Uning yoshlik yillarini, katta bo‘lgan muhitini, boshqa aka-ukalaridan farqli tomonlarini yoritishga harakat qildik. Agar Jaloliddinga atrofidagilari xiyonat qilmaganda, ular Jaloliddin atrofida birlasha olganda, Chingizxon butun dunyoga hukmron bo‘lolmasdi. Ba’zida hamma narsa birgina kuchli hukmdorga bog‘liq bo‘lmaydi, uning atrofidagilar muhim o‘rin tutadi. Agar uning atrofidagilar ham yaxshi bo‘lganda edi, davlat oyoqqa turardi. Biz shunday xulosaga keldik. Serial boshqa davlatlarda ham efirga ketadi.
Loyiha davomida O‘zbekiston prezidenti, uning qizi Saida Mirziyoyeva va madaniyat vaziri katta ish qilishdi. O‘zbekistonlik aktyorlar serialning yaxshi chiqishi uchun juda katta mehnat qildilar. Birinchi mavsum pandemiyada juda og‘ir o‘tdi. O‘zbek aktyorlari 8 oy mehmonxonada yotishga majbur bo‘lishib, katta sabr va intizom ko‘rsatishdi. Ikkinchi mavsum ancha bemalol bo‘ldi. Endi oldimizda uchinchi mavsum turibdi. Reja bo‘yicha 3-mavsum bo‘lishi nazarda tutilgan hozircha.
Hozir Amir Temur haqidagi film to‘g‘risida o‘ylayapmiz. Mening universitetdagi diplom ishim ham Amir Temur hayotiga bag‘ishlangan edi.
Ilyos Safarov, Kun.uz muxbiri:
— Siz olayotgan seriallar qanchalik muvaffaqiyatga erishmasin, ularda tarixiylikdan, faktlardan qochish kuchli ekani tanqid qilinadi. Bunday tanqidlarni hatto Turkiyada ham eshitamiz. Nima, busiz kino qiziqarli chiqmaydimi?
— Biz tarixdan uzoqlashmadik. Faqat muayyan tarixiy voqealardan tashqari kundalik voqealarni ko‘rsatib berdik. Tarix kitoblarida batafsil yozilmaydi jarayonlar. Tarixiy filmda o‘sha davrdagi siyosiy muhitni ochib berish muhim. Agar faqat tarixiy shaxslarning kitoblarda keltirilgan qarorlarini, farmonlarini ko‘rsatsak, nima bo‘ladi? Unda biz qahramonlarning kechinmalarini bilmaymiz, oilasi bilan munosabatini bilmaymiz, saroydagi xizmatchilar haqida bilmay qolamiz. Urush bo‘layotgan bo‘lsa, uning ortida nima bo‘layotganini bilmaymiz. Biz mana shu narsalarni tasavvur bilan ochib berishga harakat qilamiz. Ba’zi tarixchilar bunaqa bo‘lmaydi deb e’tiroz bildirishadi. Bo‘lmagani haqida hujjati yo‘q. Aslida, o‘sha filmlarning yaxshi ko‘rib ko‘rilishiga sabab ham mana shu tasavvurlar natijasi. Masalan, bizga ma’lum bo‘lgani faqat Jaloliddin Chingizxon bilan urushgani. Drama qarama-qarshiliklardan iborat bo‘ladi, shuning uchun ham Jaloliddin va Chingizxonni uchrashtirdik filmda. Agar bunday bo‘lmaganda, serial yaxshi chiqmas edi.
Shohira Hamro:
— “Mendirman Jaloliddin” seriali yana qaysi davlatlarda namoyish etiladi? Tarixiy seriallarga qo‘l urilayotganda siz uchun birinchi o‘rinda nima turadi, tarixiy shaxs ekanimi yoki film sotilishimi? Yulduz Rajabova jonlantirgan obraz tarixda bo‘lmagan, degan e’tirozlar ham bor.
— Yulduz Rajabova gavdalantirgan obraz haqida tarixchilar ikki xil fikr aytadi, biri bor, biri esa yo‘q deydi. Biz esa birini tanlashga majburmiz. Hech bir hukmdor xotinsiz o‘tmagan, u bo‘lmasa, boshqa bir obraz bo‘lardi baribir. Bunday e’tirozlardan esa ma’no ko‘rmayman. Men uchun markazda turgani – tarixiy shaxsning shaxsiyati, kechinmalari. Tarixiy voqelikka tayanilmasa, uni marketing qilib bo‘lmaydi. Bunday bahslar bo‘lishi biz uchun yaxshi. Balki, biz ham xato qilishimiz mumkin, bu — tabiiy.
Yoshlar Jaloliddin tarixini o‘qiydi, tarixga ko‘proq yondashadi. Oilalardagi suhbatlarda, o‘qish joylardagi suhbatlarda yoki ayollar suhbatida Jaloliddin haqida gaplashiladi. Eng muhimi ham shu.
Sharofiddin To‘laganov, jurnalist:
— Tomoshabinlarda serialdagi Jaloliddinning Chingizxon huzuriga elchi bo‘lib borishi sahnasiga e’tiroz bo‘ldi. Va nima uchun birinchi o‘zbek-turk tarixiy seriali Jaloliddin Manguberdidan boshlandi? Masalan, Alp Er To‘ngadan (Afrosiyob) boshlasa to‘g‘ri bo‘lmasmidi?
— Jaloliddin haqida serial olish to‘g‘risidagi fikr O‘zbekiston tomonidan berilgan. Elchi bo‘lib borish masalasiga keladigan bo‘lsak, Jaloliddinning keskin qarorlar qabul qila oladigan odam ekanini ochib berish uchun ham shu sahna bo‘lgan. Yuqorida aytganimdek, dramada qahramonlarni ziddiyatlarga olib kirish kerak, odamlarni qiziqtirish kerak. Josus qizning qo‘shilishi, ma’lumotlar yetkazishi ham shunday. Doimiy tarzda dushman tahlikasi sezilib turishi kerak, drama shunday bo‘ladi. Agar bunday bo‘lmaganda, filmning ta’sirchanligi yo‘qolar edi. Nasib etsa, boshqa davlatlarga efirga ketganda, barcha shu narsalar ortidan yaxshi ko‘radi filmni. “Ertug‘rul”da ham shunday bo‘lgan. Ertug‘rul dushman qo‘liga tushgan ayolni qutqarib oladi. Kim mazlumga yordam bersa, butun dunyoda shu odam qahramon sifatida qabul qilinadi, bu — universal qoida.
Ilyos Safarov:
— Bugun turk kino sanoati o‘zining rivoji bilan butun dunyoni hayratga solyapti. Turkiyada bu sohaning shu darajaga erishishi asosi nimada, qanday erishildi?
— Men bu savolga faqat o‘z kompaniyamiz doirasida javob bera olaman. Bilasiz, Turkiya davlati tez rivojlandi. Telekanallar ko‘paydi, reklama budjetlari oshdi. Shundan keyin biz uzoq muddatli loyihalar, seriallar qila boshladik. Har qanday soha rivojlanishi uchun avval iqtisod rivojlanishi kerak. Aynan kino san’ati juda qimmat soha. Masalan, bizning kompaniyada 3 ming kishi ishlaydi. Oddiy misol, kompaniyaning 70 ta o‘z oti bor. Biz dunyo darajasidagi kompaniya bo‘lganmiz.
Ilyos Safarov:
— Bugun Turkiya kino sa’nati va sanoati butun dunyoni lol qoldirishda davom etmoqda. Ayting-chi, bunga qanday erishildi?
— Xitoyda ishlangan Chingizxon haqidagi serial ssenariysida Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” asaridan unumli foydalanilgan manba sifatida. Sizlar-chi, bu kitobdan foydalandingizmi?
— Biz ham bu kitobni o‘qidik, ma’lumotlar oldik. Umuman, filmni boshlamasdan oldin o‘zbek tarixini, bundan tashqari, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubovlarning tarixiy romanlarini o‘qib chiqdim. Bugun mana shunday serial olingani O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanayotganidan darak. Turkiyada ham, butun dunyoda ham O‘zbekistonga qiziqish ortgan. Xiva, Qo‘qon, Samarqand, Buxoro kabi shaharlar yo‘q dunyoda.
Ro‘zivoy Qo‘ldoshev, jurnalist:
— Turkiyadagi turizmga tarixiy seriallarning ta’siri qanday?
Agar Amir Temur haqida film suratga olinsa, O‘zbekistondagi qaysi ijodkorlar bilan hamkorlik qilmoqchisiz? Temur va Boyazid o‘rtasidagi jang qanday yoritiladi?
— Bilasizmi, “Ertug‘rul” seriali olinguncha uning qabriga har yili 10 ming kishi ziyoratga borar edi. Hozir esa 1,5 mln ziyoratchi bormoqda. Umuman, seriallardan so‘ng Turkiyaga sayyohlar tashrifi 55 mlnga chiqdi. O‘zbekistonda ham shunday qilmoqchimiz. Ozodbek Nazarbekov bilan bu masalada muzokaralar qilyapmiz.
Amir Temur haqidagi filmga juda ko‘plab o‘zbek aktyorlarini jalb qilmoqchimiz. Temur obrazini o‘zbek aktyori o‘ynaydi. Ssenariy yozishda romanlardan foydalanmoqchimiz. Temur haqida ma’lumotlar juda ko‘p bo‘lgani uchun xatolar bo‘lmaydi deb umid qilaman. Temur va Boyazid o‘rtasidagi jangning sabablarini to‘g‘ri tahlil qilib berishimiz kerak tomoshabinga. Ba’zan qardoshlar o‘rtasida ham shunday janglar bo‘lib turadi.
Ilyos Safarov:
— Turkiyada tomoshabin saviyasi bilan qanday ishlanadi? Uning saviyasiga qarab filmlar olinadimi yoki uning saviyasini kino saviyasiga ko‘tarishga harakat qilinadimi?
— O‘rinli va yaxshi savol bo‘ldi. Bu narsa doim meni o‘ylantiradi. Yaxshi asar yaratib, tomoshabin saviyasini ko‘tarish muhim. To‘g‘ri yo‘l ham shu. Ammo reyting degan narsa ham bor. Asar qanchalik yaxshi bo‘lmasin, lekin tomoshabin tushunmasa, boshqa kanalga o‘tib ketaveradi. Shuning uchun muvozanatni ushlab turish kerak.
Shohira Hamro:
— Dunyoda Amir Temur shaxsiyati bahsli. Bir taraf uni qahramon sifatida ko‘rsa, bir tomon bosqinchi sifatida biladi. Sizning fikringiz qanday bu borada?
— Amir Temur men uchun qahramon. Chunki o‘rta asr liderlari butun dunyoda qattiqqo‘l bo‘lgan. Davr shuni talab qilgan. Lekin dunyoda ustozining oyog‘i ostiga yotgan birgina hukmdor — Amir Temur. Shuning uchun ham qahramon.
Ilyos Safarov:
— Ushbu serialga sarflangan mablag‘ o‘zbek ijodkorlariga berilganda ham shunday kino chiqarishar edi, degan gaplar bor. Siz nima deb o‘ylaysiz, bizdagi kamchilik faqat mablag‘mi? O‘zbek kino ijodkorlarining imkoniyatini qanday baholaysiz?
— Kino bu — alohida sanoat. Unda dekoratsiya, libos kabi masalalar bor. Bizda bu narsa jahon darajasiga chiqqan. Masala faqatgina rejissyor va boshqa ijodkorlarda emas. Film suratga olishdagi maydonlar, kameralar, chiroqlar, otlar kabi imkoniyatlar bizda bor. Turkiyada ham faqat bizning kompaniyada bor bu imkoniyatlar. Juda katta kompleks ishlaydi. Biz 3 oyda qiladigan ishlarni boshqa kompaniyalar 3 yilda qilishi mumkin. Chunki bizda katta tajriba bor.
Shohira Hamro:
— «Mendirman Jaloliddin» seriali boshqa davlatlarga ham sotiladi, deyilyapti. Agar sotilsa, undan tushgan daromad sherikchilikdami yoki boshqacharoq bo‘ladimi?
— Filmni biz ishlagan bo‘lsak-da, asosiy rolda O‘zbekiston turadi. Tijoriy sirlarni esa oshkor etmaymiz.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.