To‘g‘ri-da, 21-asrda, ba’zi mutafakkirlar “insoniyat o‘smirlik pallasidan o‘tdi” deb turgan bir paytda yuz berayotgan urushlar, xunrezliklar, bombalar tagida qolayotgan yosh bolalar suratlarini ko‘rib, shunchaki yuzadagi emas – chuqurroq sabablarni izlaysan kishi.
Ongli mavjudot bo‘lmish inson qavmi yetuklik payti kelib ham o‘z-o‘zini – o‘z “etini” o‘ldirayotganini ko‘rib, inson qiyofasini yo‘qotmagan har bir kishi o‘yga toladi.
Ma’naviy ustunlar
Inson ajib mavjudot. Sababi uning... dunyoqarashi mavjud. Ya’ni u dunyoni yaxlit tasavvur eta oladi. Hamda uning – dunyoning ma’lum ma’naviy qonuniyatlar ustida qurilganini anglay oladi, amallar va narsalarni ma’naviy tarozisiga solib, “oq va qora”, “yaxshi va yomon”ga ajrata biladi. Garchi ma’naviy olamni ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmasa-da, inson uning nizomlarini his qila oladi.
Xo‘sh, Yer sayyorasida yaxshi va yomonni ajrata oladigan mavjudot hukmron ekan, qayerdan buncha mudhish, hech bir taroziga sig‘maydigan ishlar? Nega aql egasi bo‘lmish zotning ishlaridan buncha salbiy oqibatlar?
Yomonlik keltirib chiqaruvchi yaxshilik – bu qanday mumkin bo‘ladi?
Gap shundaki, avvalida yaxshi bo‘lgan ma’nolar keyinchalik salbiylashib ketishi mumkin. Qanday qilib?
Yer yuzida sodir etilgan deyarli barcha yomonliklar yaxshilik shiori ostida qilingan. Hatto Ikkinchi jahon urushiga olib kelgan, o‘ta salbiy bo‘lgan natsional-sotsializm shiorlari o‘sha paytda va o‘sha joyda odamlarning ongida yaxshilik bo‘lib gavdalangan. Boshida nemislarning madaniy birligini quvvatlash uchun shakllangan nemis millatchiligi birozdan so‘ng radikallashib, atrof-dunyoga nisbatan nafratga to‘lgan ekstremistik, irqchilik, antisemitizm, antidemokratizm, “irqiy gigiyena” – millatni “irqiy begonalar”dan va “noraso” elementlardan tozalash g‘oyasi va boshqa salbiy illatlarni o‘z ichiga olgan totalitarizm g‘oyasiga – natsizmga aylangan.
Bunaqa evrilish aynan... radikallashish evaziga sodir bo‘ladi.
Mo‘’tadillik doirasi – uning favqulodda ahamiyati haqida
Insonlarning qarashlari turlicha bo‘ladi, hatto bitta qarashning ichida ham turlanish bo‘ladi, va hatto bitta oila a’zolari ichida turlicha qarashdagi kishilar bo‘lishi mumkin, zero insonlar bir xil emas.
Shu bilan birga, turlicha qarashdagi insonlar bir jamiyatda tinch-totuv yashashlari lozim bo‘ladi, aql berilgan mavjudotlar o‘laroq...
Totuvlikka nima xalaqit qiladi? Aynan shu savolga javob topishimiz va, topgandan keyin, tegishli xulosalar chiqarishimiz bizga o‘sha totuvlikni saqlash imkonini beradi.
Qarashlarni aylana shaklida tasavvur etamiz. Uning markazi – eng mo‘’tadil qarashlar. Aylananing sirtiga yaqin joylar – keskinroq qarashlar. Ammo aylana chegarasidan nariyog‘i – o‘ta keskin, radikal qarashlar.
Jamiyatda yashovchilarning qarashlari shu aylana ichida mujassam bo‘lsa, totuvlik bo‘ladi. Muammolarni ham aynan shu aylananing ichida muvaffaqiyatli hal qilsa bo‘ladi. Aylanadan chiqishi bilan (qora rangga kirish bilan), jiddiy muammolar paydo bo‘la boshlaydi.
Radikallashish – nima degani u?
Masalan, kishining o‘z Millati va Vatani uchun qayg‘urishi, uning rivoji va ozodligini istashi bu yaxshi, har bir insonga bezak bo‘la oluvchi tuyg‘u. Biroq bunday intilish qizig‘ida inson ma’naviy me’yorlarni chekkaga surib qo‘yadigan bo‘lsa, bunda u o‘sha doiradan chiqib ketgan bo‘ladi – radikallashish asnosida ekstremizm va boshqa – jiddiy illatlarga duchor bo‘ladi.
Doiradan chiqib ketgandan keyin esa ajib bir hodisa yuz beradi – kishidagi haligi – Vatanga yaxshilikni istash istagi soyada qolib ketadi va boshqa – salbiy tuyg‘ular qorishmasi ustun keladi. Qarabsizki, kishi Vatanining rivoji uchun emas, aksincha – zarariga xizmat qila boshlaydi.
Qanday qilib?
Radikal tuyg‘ular kishini keskin amallarga yetaklaydi: radikal, ekstremistik gaplarni aytishiga, yozishiga va keskin harakatlarni qilishiga olib keladi.
Bunaqa radikalizmni ma’naviy me’yorlardan chetlanish deb oladigan bo‘lsak, kishining (guruhning, partiyaning, qatlamning) bunday harakatlari, tabiiyki, salbiy oqibatlarga olib keladi va buning zarari butun mamlakatga yetadi: aytilgan gaplar, sodir etilgan radikal, ekstremistik amallar haqidagi xabarlar tezda dunyoga tarqaladi va mamlakat haqida salbiy tasavvur shakllanadi, mamlakat bilan hamkorlik qilishni istovchilar kamayadi va hokazo.
E’tibor bering, bularni kam sonli odamlar qiladi, zararni esa butun millat ko‘radi. Anavi kishilar esa o‘zlarini “vatanparvar” deb hisoblab yuraveradilar. Shaxs o‘zini o‘zi obektiv baholay olmay qoladi.
Ammo bular hali debocha edi.
Radikallashish mikroskop ostida
Endi bu hodisani yaxshiroq o‘rganamiz, “ichiga tikilamiz”.
Inson voqelikni to‘g‘ri anglasa, bu – yaxshi. Nimasi yaxshi? Voqelikni to‘g‘ri anglash voqelik bilan to‘g‘ri munosabat qurish imkonini beradi. Aks holda, kishi atrof-dunyo bilan ziddiyatga kirishadi va bundan o‘zining ham hayoti yomonlashadi, jamiyatga ham zarar yetadi.
Voqelikni to‘g‘ri anglash – voqelik haqida to‘g‘ri ma’lumotga ega bo‘lish. Bu esa ma’lumotni to‘g‘ri talqin qilish va undan to‘g‘ri foydalanish evaziga bo‘ladi. Radikallashish, bu – ma’lum narsaga ko‘p e’tibor qaratib yuborib, qolgan narsalarni unutib qo‘yish bilan bo‘ladi. Aynan shu tarzda muhimroq qiymatliklar pastga qulab, ikkinchi darajali narsalar qiymat shkalasida tepaga chiqadi va... shu asnoda dunyoqarash buziladi.
Ya’ni bunda kishi o‘zining sub’yektiv qarash va hissiyotlari hissasini ko‘paytirib yuboradi va natijada uning... buzuq shaxsiy dunyosi hosil bo‘ladi: fikrlari radikallashgan kishining “dunyo”sida “narsalar” o‘rin almashib qoladi.
Masalan, millatparvar kishi radikallashganda shovinizm – “bir millat boshqasidan ustun”, “bir millat boshqasini diskriminatsiya qilsa bo‘ladi” degan tushunchalar... e’tiqodga aylanadi. Ya’ni radikal o‘z millati sha’nini yuksaltirish yoki tiklash uchun ma’naviy nizomlarni buzishga o‘z-o‘ziga ruxsat beradi. Yoki buni unga dohiysi ruxsat beradi.
Va aynan shu yerda ijobiy narsa salbiyga evriladi, musbat manfiyga almashadi, kechagina yorug‘ bo‘lgan hislar bugun qorayadi, asosiysi – ma’naviy nizomlarga teskari borish natijasida... kishining qalbi qorayadi.
Atrof, zurriyot
Ekstremizmga o‘tishga qarab ketadigan radikalizm – misoli virus. O‘ta xavfli, ko‘rinmas, tez yuqadigan, o‘ldiruvchi virus. Bu dardga duchor bo‘lgan ota bolasini ham hasta qiladi. Radikal o‘qituvchi shogirdiga radikallikni yuqtiradi. Shu tarzda ma’naviy nizomlarni chekkaga surib qo‘yadigan shaxslar safi kengayadi.
O‘z mohiyatiga ko‘ra, radikalizm illati kishini shijoatli qiladi. Faqat bu shijoat salbiy tomonga ishlaydi. Va o‘z kurashida bunday kishilar bu yo‘lda boshqalarga qaraganda ma’lum ustunlikka ega bo‘ladilar. Qanday ustunlikka?
Gap shundaki, mo‘’tadil e’tiqodda bo‘lganlarning harakatlari ma’naviy cheklovlar bilan cheklanadi doim. Ya’ni ular biron harakat qilayotganlarida ishlarini mudom ma’naviy taroziga soladilar. Radikal g‘oyalarga duchor bo‘lganlar esa, hali aytganimizdek, bunday cheklovlardan o‘zlariga o‘zlari “ruxsat berishgan” bo‘ladi, ya’ni qo‘llari yechilgan bo‘ladi.
Radikal kayfiyatdagi kishilar guruhlarga birlashishga, maqsadlariga erishish yo‘lida zo‘ravonlik ishlatishga, o‘zlariga qarshi chiqqanni noqonuniy yo‘llar bilan bartaraf etishga, g‘oyalarini yoyish uchun hech narsadan qaytmaslikka moyil bo‘ladilar. Aynan shunisi jamiyat uchun ulkan xatar.
Ozdan boshlanadi
Radikallashish avvalida xavfli bo‘lmaydi – ko‘rinishlari anchayin beozor bo‘ladi: shunchaki keskinroq fikrlar, biron bir o‘ziga ma’qul bo‘lmagan gap aytilganda asabiylashish kuzatiladi. Bu hali ikkilanish bosqichi. Bu bosqichda kishi radikal harakatlarga qodir bo‘lmaydi, hamda fikrlarini o‘zgartirishi, mo‘’tadillikka qaytishi mumkin bo‘ladi.
Kuchayganda esa u... e’tiqodga aylanadi – neofashizm, neonatsizm, shovinizm, ultramillatchilik va hokazolar – shular qatorida.
Radikal fikrlar e’tiqodga aylanganda kishi bemalol ma’naviy chegaralardan hatlab o‘tadi. Bir qarashda u yaxshi maqsadlar uchun kurashyapti, deylik, millat sha’nini tiklash haqida gapiryapti, adolatni tiklashni yoqlayapti, ammo harakatlari o‘sha millat manfaatlariga zid, adolat ilinjida qilinayotgan ishlari esa – adolatsizlik.
Shu uchun ham radikal-ekstremistik guruhlar deyarli barcha davlatlarda man etilgan – xalqlar ulardan olovdan qo‘rqqandek cho‘chishadi va faoliyatini qonunan taqiqlashadi.
Faqat ba’zi davlatlarda siyosatchilar va jamoatchilik tomonidan radikal guruhlarga nisbatan “ko‘z yumish”, ba’zilarida zimdan qo‘llab-quvvatlash kuzatiladi. Zero, o‘sha siyosatchilar va jamoatchilikning o‘zi radikal qarashlarda bo‘ladi, faqat buni oshkor qilmaydi.
Aynan shunday davlatlarda “olov bilan o‘ynashish” yuz beradi. Chunki bunday davlatlardagi vaziyat doim... “qil ustida” turadi.
Garovga olingan jamoatchilik
Qizig‘i shundaki, radikal guruhlarga nisbatan murosa qilgan yoki xayrixoh bo‘lgan jamoatchilik birozdan so‘ng... o‘sha radikal guruhlarning bosimi ostida qoladi. Ma’naviy cheklovlardan o‘zini ozod qilgan bunday guruhlar biroz kuchaygandan keyin maqsadiga erishish uchun jismoniy tahdidlardan qaytishmaydi, shu uchun jamoatchilikni tez fursatda qo‘rquv ostida qoldirishadi.
Ba’zida esa... radikal guruh butun mamlakatni qo‘lga oladi, hammani o‘z mafkurasiga majbur qiladi, uni davlat miqyosiga ko‘taradi. Bu o‘ta agressiv militaristik davlatlar yuzaga kelishiga, natijada urushlarga olib keladi, bu hatto jahon urushlari kelib chiqishiga olib kelgan.
Sababi esa – hali endi vujudga kela boshlagan radikal qarashlarga jamiyat yetarlicha va o‘z vaqtida qarshilik ko‘rsatmagani.
Avvalida “yuvosh” – o‘zini deyarli bildirmaydigan, biroz tomir otganda boshi ko‘rinadigan, vaqtida oldi olinmasa ulkan fojialarga olib boradigan radikal g‘oyalarning borib-borib ekstremizmga aylanishi haqida va unga qarshi qanday kurashish kerakligi haqida – keyingi maqolamizda.
Shokir Sharipov