3 aprel kuni project.gov.uz portalida Madaniyat va ma’rifat telekanalini «Karvon» telekanaliga aylantirish haqidagi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.
Loyihaga ko‘ra, MTRK tarkibidagi «Madaniyat va ma’rifat» telekanali «Karvon» nomi bilan qayta nomlanib, Madaniyat va turizm vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishi belgilangan.
Shuningdek, unda vazirlik tasarrufiga o‘tadigan telekanalning MTRK moddiy-texnik bazasidan foydalanish imkoniyatini ham o‘zida to‘liq saqlab qolishi ko‘rsatilgan.
Bu loyiha ziyolilar va boshqa faollar tomonidan norozilik bilan kutib olindi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab foydalanuvchilar o‘z e’tirozlarini yozib qoldirishmoqda.
Kun.uz faollar bildirayotgan fikrlarni qisqartirgan holda jamladi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq «nomida madaniyat so‘zi ishtirok etgan telekanalni yo‘qotish Madaniyat va turizm vazirligiga obro‘ olib kelmasligi»ni aytadi.
«Biz «Karvon»ga qarshi emasmiz (garchi uning asosiy vazifalarida adabiy hayotni yoritish belgilanmagan bo‘lsa ham), lekin u «Madaniyat va ma’rifat» karvoni o‘rniga yo‘lga tushmasin. Qolaversa, nomida «madaniyat» so‘zi ishtirok etgan telekanalni yo‘qotish Madaniyat va turizm vazirligiga obro‘ olib kelmasa kerak, deb o‘ylaymiz», – deb yozdi shoir o‘z feysbuk sahifasida.
Shoir Shodmonqul Salom «yangi kanal ochish kerak bo‘lsa, nega u odamlar saviyasini tushirayotgan boshqa turli kanallar o‘rnida emas, aynan Madaniyat va ma’rifat o‘rnida tashkil etilishi kerak», deya savol qo‘ygan.
«Karvon» telekanalini tashkil etish zarur bo‘lsa, nega «Madaniyat va ma’rifat» telekanalini qurbon qilish evaziga bu hodisa sodir bo‘lishi kerakligi meni ajablantirdi. Agar shunday qilish lozim bo‘lsa, yangi telekanal ochish yoki saviyasizlik va madaniyatimizni yerga urishgagina xizmat qilayotgan boshqa kanallar hisobiga buni amalga oshirish mumkin. Ha, rostdan ham shunday qilish hukumat uchun juda oson va xalq uchun foydaliroq», – deb yozgan u.
Bloger Shahnoza Soatova ham bu xabarga munosabat bildirib, kanalni tugatish loyihasini «katta xato va adabiyotning kuchidan qo‘rqish» deya izohladi.
«Adabiyotdan qo‘rqishyaptimi? Tirik adabiyot qilgan ishni tirik kino, tirik teatr, tirik musiqa ham qila oladi. Qila boshlashi mumkin ham. Shunda umuman madaniyat mavzusini olib tashlasharmikan konsepsiyalaridan? Mazmun yo‘qoladi (hozir ham u ko‘p emas o‘zi). Bu xatoni qilmaslikka aql yetadi deb umid qilaman — men shunaqa optimistman, ha!» – deydi Soatova.
Telekanal faoliyati tugatilib, uning o‘rnida boshqa bir kanal ish boshlashi haqidagi yangilikka shoira Mehrinoz Abbosova ham o‘z munosabatini bildirdi. Abbosovaga ko‘ra, «Madaniyat va ma’rifat» telekanali yopilishi ayni damda ma’rifatga har qachongidan tashna bo‘lib turgan xalqimizga nisbatan nohaqlikdir.
«Bu dunyoga tobora yopilib borayotganimiz, orqaga qarab ketayotganimizni ochiqchasiga tan olish bo‘ladi.
Karvon ko‘p, rizqi bo‘lak. «Karvon» kanaliyam o‘zining rizqi va o‘rnini topar. Juda shunaqa kanal ochgilari kelayotgan bo‘lsa, ochaverishsin. Lekin, bu odamlarning tafakkurini uyg‘otishga urinayotgan eng yaxshi telekanalning «chopilishi» evaziga bo‘lmasligi kerak», – dedi u.
Loyiha muhokamasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev ham chetda qolmadi. Jumladan, u tarmoqlardagi sahifalarida telekanal yopilishiga qat’iyan qarshi ekanini bildirib post yozdi.
«Qisqa qilib aytganda, xalqimizga «Madaniyat va ma’rifat» telekanali kerak. Bu boradagi qaror loyihasi keng jamoatchilik, ziyolilar tomonidan tanqidga uchradi.
Men ham bir ziyoli, o‘zbek xalqining oddiy bir vakili sifatida ruhoniyatimizni to‘yintirib turgan telekanalning «yopilishi»ga qat’iyan qarshiman.
Eng chatoq tomoni, har bir vazirlikka bitta telekanal, degan tamoyilni o‘ylab topmanglar, baraka topgurlar!» – dedi deputat.
Telekanal yopilishi borasidagi qaror loyihasi yuzasidan kanal direktori Vohid Luqmon 8 aprel kuni o‘z munosabatini e’lon qildi. U kanal jamoasi telekanal faoliyatiga oid hujjat loyihasi ishlab chiqilayotganidan xabardor bo‘lganini aytadi. Bunda telekanal faoliyatini har tomonlama (g‘oyaviy-badiiy, moliyaviy-iqtisodiy, texnik-texnologik jihatdan) rivojlantirish, telekanalni yanada ko‘rimli qilish bo‘yicha o‘zimizning aniq takliflar ham berilgan. Ammo, jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan hujjat loyihasida bu takliflar inobatga olinmagan.
«Bu hujjat hali loyiha. Ishonamizki, bu loyiha qizg‘in muhokama jarayonidan o‘tib, hammaning fikr-mulohazalari, taklif va g‘oyalari inobatga olingan holda, keng jamoatchilik kutayotgan qarorga aylanadi.
O‘z navbatida, milliy o‘zligimiz, ma’naviyatimiz va madaniyatimizga, o‘zbek ziyolilari, san’at va madaniyat fidoyilari minbari bo‘lgan – Madaniyat va ma’rifat telekanali taqdiriga befarq bo‘lmasdan o‘zlarining konstruktiv munosabatlarini bildirayotgan barchaga minnatdorlik bildiramiz», – deyiladi munosabatda.
Mavzu muhokamasi ijtimoiy tarmoqlarda shu kabi fikrlar bilan kengayishi ortidan madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov video chiqish qildi.
«Madaniyat va ma’rifat telekanali o‘rnida «Karvon» nomli ko‘ngilochar kanal ish boshlarkan, degan xavotirli fikrlar yangrashni boshladi. Jarayonga befarq bo‘lmagani uchun ziyoli qatlamdan xursandman. Men ularni bu kuyinishlari ortidan do‘stona hamkorlikka ham chaqiraman. Bu shunchaki oddiy bir muhokamami yoki haqiqatda telekanal taqdiri o‘ylantirayotgan insonlar fikrimi?
Agar ularni telekanal faoliyati o‘ylantirayotgan bo‘lsa, marhamat, biz bilan hamkorlikka kirishing. Biz har qanday taklif va mulohazalarni eshitish, qabul qilishga tayyormiz. Maqsadimiz xalqimizga ma’rifat ulashib turgan telekanalni yanada boyitib, xalqimizga tom ma’noda kengroq, sifatliroq xizmat ko‘rsatish», – dedi vazir.
«Madaniyat va ma’rifat» telekanali yopilishi va uning o‘rnida «Karvon» nomli kanal ish boshlashi haqidagi yangilikdan keyin ijtimoiy tarmoqlarda #Madaniyat va maʼrifat telekanali yopilishiga qarshiman! heshtegi ham ommalashmoqda.
Ilyos Safarov tayyorladi.