Buxoroda noqonuniy mayning ferma tashkil qilgan shaxs ushlandi

Jamiyat 08:22 / 09.04.2023 14675

Buxoro shahrida yashovchi fuqaro Y.N. xonadon yerto‘lasida noqonuniy mayning ferma tashkil qilgani aniqlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 1972 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘zi yashab kelayotgan uyning yerto‘lasida mayning qurilmalari o‘rnatib, qonunga xilof ravishda yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangan holda faoliyat ko‘rsatib kelgan.

Shahar ichki ishlar bo‘limi xodimlari va elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassislari hamkorligida o‘tkazilgan tadbir davomida jami 3 dona yaroqli va 1 dona yaroqsiz mayning qurilmasi va boshqa butlovchi elektr jihozlari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, ushbu fuqaro 2022 yil 28 mart kunidan 2023 yil 9 fevral kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida umumiy qiymati 63 522 kVt soat elektr energiyasidan noqonuniy ravishda foydalanib, shahar elektr tarmoqlari korxonasiga jami 93 million 694,6 ming so‘mlik moddiy zarar yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 185/2-moddasi (Elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Moddaning bu qismi bilan sudlangan shaxs bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ko‘proq yangiliklar: