Buxoro shahrida ko‘p qavatli uylarni qurish bilan shug‘ullanib kelgan «Humo Aziya» MChJ rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, «Humo Aziya» MChJ rahbari Jamshid Karimov tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda sodir etilgan qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 229-moddasi (o‘zboshimchalik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ayblanuvchi tomonidan Buxoro shahrining Islom Karimov hamda Sadriddin Ayniy ko‘chalarida qurilayotgan ko‘p qavatli uylarni sotib olish uchun shartnoma imzolagan va tergov organi tomonidan bugungi kunga qadar tegishli tartibda jabrlanuvchi sifatida e’tirof etilmagan fuqarolardan Buxoro shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limiga murojaat qilishlari so‘ralmoqda.
Xabarda MChJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda qanday qonunbuzilish holatlari sodir etilgani ochiqlanmagan.