«Bu yerga kim nima maqsadda kelsa, qidirganini topadi» – Amerikada 8 yildan buyon taksi haydayotgan Habibulloning hikoyasi

Jamiyat 16:05 / 09.04.2023 51230

— Birinchi bu yerga qanday qilib kelganingiz haqida gapirib bersangiz.

— Amerikaga kelishim tarixi juda qiziq bo‘lgan. Hech qanday tayyorgarlik ko‘rmaganman. Omadimni sinab ko‘ray deb harakat qilganman. Ingliz tilini mukammallashtirish dasturi bo‘yicha topshirib, talaba vizasi bilan kelganman. O‘sha paytda juda ko‘p Amerikadagi tanishlarim Nyu-Yorkka topshirma, viza olish imkoniyatlaring cheklangan bo‘ladi, deyishgan. Lekin baribir harakat qilib ko‘rganman. Boshida vizangiz tasdiqlandi, olib keting, deyishganida ishonmaganman, chunki doim qiyin deb eshitib kelganman. Ikki daqiqalik intervyu va vizani olganman. Bu yerga kelgunimcha Toshkentda ko‘p joyda ishlaganman, oxirgi ish joyim Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining “O‘zmarkaz impeks” kompaniyasida ishlaganman. Amerikaga birinchi kelganimda, ya’ni 2011 yilda to‘fondan keyin suv bosib tovarlarning bir qismi oqib ketgan omborda hisob-kitob bo‘yicha ishlaganman. U yerda bir oy ishlab, Manxettendagi – Central park’da turkmanistonliklarning velosiped ijaraga beradigan shirkatiga yordamchi bo‘lib ishga kirganman va bir oydan keyin menejyer lavozimiga ko‘tarilganman. 3 yil ishladim u yerda ham. Asosan «Work and travel” dasturi bo‘yicha kelgan o‘rta osiyolik yigitlarga ijaraga velosiped berardik.

U yerda ko‘tarilishim mumkin bo‘lgan yuqori daraja shu ish boshqaruvchilik edi, unga erishdim. Shuning uchun ham boshqa joyda ishlashga harakat qilib, Uber taxi'ga ishga kirganman. Men ishga kirgan paytlarda oylik maosh juda yaxshi edi. Kechki soat 17⁰⁰ da ishga chiqib, soat 01⁰⁰ gacha umumiy xarajatlar bilan 450-500 dollar topardim, sof foyda ham yaxshi bo‘lardi.

Toshkentda paytim yaxshi bo‘lgan topish-tutishim. Chunki u paytda eng yaxshi maosh to‘laydigan vazirlik edi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi. Ammo sog‘lig‘im ko‘tarmadi, ko‘zimni davolatish uchun ham topshirib ko‘rganman vizaga.

— O‘zbekistondan kelib Uber taxi'da ishlash uchun nima qilish kerak? Ishga kirish qanday bo‘ladi, talablari qanday?

— Nyu-Yorkning o‘z qonun-qoidalari bor. Imkoniyat yaratib beradi, lekin qoidalarga bo‘ysunish kerak. Hozirgi kunda birinchi navbatda AQShning haydovchilik guvohnomasini olish kerak. Birinchi olgan paytda «D» toifa beradi, 6 oydan keyin esa yollanib ishlashga ruxsat beruvchi «Ye» toifa beriladi. Keyin 24 soatlik kurs o‘qiladi, test topshiriladi. Keyin esa tibbiy ma’lumotnoma beriladi. Har yili majburiy tarzda narkotik moddalarga tekshiriladi. So‘ng 6 soatlik haydovchilik xavfsizligi bo‘yicha kurs o‘qiladi. Yana Nyu-Yorkda nogiron insonlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 2-3 soatlik kurs o‘qiladi. Bularning barchasi pulli, taxminan 800-900 dollar pul va 6 oycha vaqt ketadi.

Lisenziya olgandan keyin ham avtomobil topish muammosi bor. Har qanday mashinani olib bo‘lmaydi, maxsus raqamlanib biriktiriladi. Lekin so‘nggi yillarda taksi xizmatiga yangi avtomobillar jalb qilish to‘xtatilgan, ya’ni taksilar soni oshmaydi.

Habibullo Sa’dullayev. Foto: Shaxsiy arxivdan

Umuman, Uber taxi'da ishlash uchun nimalar kerak: birinchi navbatda hamma narsa qonuniy bo‘lishi kerak; soliq to‘lovchi raqami; Nyu-York shahri haydovchilik guvohnomasi olinganiga 6 oy o‘tgan bo‘lishi va «Ye» toifa kerak; 24 soatlik kurs olinadi; tibbiy ma’lumotnoma; narkotik va alkogol testi; 6 soatlik xavfsizlik kursi va 2 soatlik nogironlarga xizmat ko‘rsatish kursi olinadi.

Mashina olish uchun ijaraga beruvchi shirkatlar bilan kelishiladi. 3 xil mashina turi bor, xizmat narxlari ham shunga yarasha bo‘ladi. 4-5 oldin Uber taxi kompaniyasi 30-35 foiz olar edi, hozir 50 foizgacha ham oladi.

Deylik, oyiga 10 ming dollar pul topiladi. Shundan 6-7 ming dollari o‘zingizga qoladi. Buning ichidan taxminan 900 dollar benzin uchun ishlatiladi, har hafta mashinaning moyi almashtiriladi, mashina holatiga qarab ta’mirlashlar bo‘ladi. Oldingi mashinamda bir marta avtoservisga kirishim o‘rtacha ming dollar bo‘lardi. Hozirgi mashinam (Toyota) 2 yil ichida bir marta buzildi. Nyu-Yorkda 90 foiz taksilar Toyota mashinalari. Bundan tashqari, har yili 10 aprelgacha davlatga daromad solig‘i to‘lanadi. Soliqlar ham har xil: oilali odamga boshqacha, yolg‘iz odamga boshqacha, Nyu-York shtati solig‘i va federal soliq. Taxminan 30 foiz soliqqa ketadi. Yana har oy 200-300 dollar mashina sug‘urtasi to‘lanadi. Hammasini hisoblasak, 10 ming dollardan 4 ming dollari o‘zimga qoladi. 4 ming dollar yolg‘iz inson uchun yetadi, lekin oilali odamga yetishi juda qiyin.

— Odatiy sariq taksilar bilan Uber taxi'ning qanday farqi bor?

— Sariq taksilar ko‘chalardan odam oladi. Qo‘l ko‘targan odamga to‘xtashga majbur ular. Faqatgina bir kunda 3 marta to‘xtamay o‘tishi mumkin qandaydir holatda, aniq bilmayman. Uber taxi esa onlayn chaqirtiriladi. Sariq taksilarda ham, Uber taxi'da ham km va soatga qarab pul hisoblanadi maxsus dasturda.

— Uber taxi'da ishlamoqchi bo‘lganlarga qanday maslahat berasiz?

— Birinchi o‘rinda ingliz tilini bilishi kerak. O‘zbekistonning haydovchilik guvohnomasi ham kerak bo‘ladi. Nimagaki, yuqorida aytgan sug‘urta puli miqdori haydovchining tajribasiga ham bog‘liq. Haydovchilik guvohnomasi qanchalik eski bo‘lsa, sug‘urta puli ham shuncha kamayib boradi, chunki xavfsizlikka bog‘liq, tajriba hisobga olinadi.

Kelmoqchi bo‘lganlar kelaversin, lekin oila bilan kelishni maslahat bermayman. Chunki bir kishi ishlasa, juda qiynalib qoladi. Katta bosim bilan ko‘p ishlashga to‘g‘ri keladi. Lekin bemalol pul topsa bo‘ladi, qidirgan narsasini topadi kelgan odam.

— Bu yerda ekaningizdan afsuslanish bo‘ladimi?

— Ba’zida afsuslanish bo‘ladi. Ayniqsa, 2016 yildan keyin hukumat o‘zgargach, mening ham qandaydir foydam tegardi O‘zbekistonda bo‘lganimda, degan fikrlar o‘tib turadi. Birinchi 3 yil juda qiynalganman, o‘zbeklar bilan gaplashishga zor bo‘lganman. Kechqurun O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasiga telefon qilardim, u vaqtda ishlamaydi, lekin avto javob beruvchi o‘zbekcha talaffuzda «Assalomu alaykum» deyishi yuragimni ezib yuborardi. Haligacha yig‘lagim keladi eslasam. Lekin hozir inglizcha qo‘yilgan. Vatanni sog‘inmay bo‘larkanmi?

Boshida o‘zbekcha ovqatlar topish qiyin edi. Hozir bir nechta restoranlar ochildi, yaxshi o‘zbek oshpazlari keldi. Lekin haligacha Chorsu xonimini hech kim tayyorlay olmayapti. Va gumma ham yo‘q. Boshqa ovqatlarni juda yaxshi qilishadi. O‘zbek restoraniga kirganimda xuddi uyga kirganday his qilaman, onam tayyorlaydigan ovqatlar hidi kelib turadi.

— Farzandlaringiz kelajagini AQShda ko‘rasizmi yoki O‘zbekistonda?

— Xohlayman O‘zbekistonga borishini. Lekin ular allaqachon AQSh fuqarosi. Bilmadim, ko‘ramiz hali... Ammo Nyu-Yorkning o‘zidan ketish niyatim bor, bir nechta shtatlar variantini ko‘rib chiqyapman.

Yaxshi tomoni shuki, o‘zingiz qanday sharoitni istasangiz, shunday shtatlar bor. Masalan, qorli, issiq, shaharsozlik rivojlangan shtatlar yoki yashil manzarali. Nyu-Yorkdan boshqa shtatlarda daromadingiz kam, lekin yashash uchun ketadigan mablag‘ ham mutanosib shunga. Nyu-Yorkda yaxshi yashashingiz mumkin, lekin ortiqcha pul saqlab qo‘yolmaysiz orttirib.

Habibullo Sa’dullayev. Foto: Shaxsiy arxivdan

Nyu-Yorkda bir yillik o‘rtacha oylik 90-100 ming dollar, Floridada esa 24 ming dollar. Uylar ham, boshqa narsalar ham arzon shunga mutanosib tarzda. Nyu-Yorkda Uber taxi xizmatida ikkinchi ish sifatida ishlasangiz yaxshi. Talabalar uchun, yolg‘iz yashaydiganlar uchun Nyu-Yorkdan yaxshi shtat yo‘q. Nyu-Yorkdan boshqa shtatlarda hayot unchalik qaynamaydi, ko‘chada odamlar kam, kechqurun ko‘chaga chiqishmaydi, gavjum emas. Oldingi mer payti ancha xavfsiz edi Nyu-York, yangi mer bo‘lgach esa xavfli bo‘lib qoldi. Oldin uysizlarga turistlar sadaqa berardi, ularning daromadi bo‘lardi. Karantin davrida esa turistlar kelmadi, ularga daromad yo‘qoldi. Bir nechta odamlarni metro tagiga itarib yuborishdi hech qanday sababsiz. Politsiya nazorat qilyapti, lekin baribir boshqarib bo‘lmayapti. Karantin paytida osiyoliklarga yomon ko‘z bilan qarash ham bo‘ldi Xitoydan kirib keldi virus deyilgani uchun. Manxetten, Bruklin taraflar xavfsiz, lekin boshqa joylarda xavf bor. Hatto politsiya bormaydigan joylar ham bor.

— Yomon tomonlari qanday ishingizning?

— Birinchi navbatda faqat mashinada o‘tirish. Yaxshi odamlar ham, yomon odamlar ham o‘tiradi mashinaga. Xavfsizlik jihatdan tavakkal bo‘ladi, chunki yomon odam o‘tirgan bo‘lishi mumkin. Keyin taksi xizmatlari jamiyatining politsiya nazorati bor, jarimalarga tortadi, sud bo‘ladi.

Nyu-York politsiyasi zararsiz kichik qonunbuzarliklarga ko‘z yumib yuboradi. Nyu-York raqamidagi taksilarga unchalik tegishmaydi, chunki qiyin ekanini bilishadi. Boshqa shtat mashinasi shunday qoida buzsa, birdan to‘xtatishadi. Eng kam jarima 50 dollar bo‘ladi. Agar kameraga tushib qolsa, jarima to‘lanadi va muammo hal. Lekin politsiya to‘xtatsa, uning sudi bo‘ladi, muammo bo‘ladi. Qoida buzarlik bo‘yicha ham ball berib boriladi, agar 10 ballga chiqib ketsa, bir yilgacha haydovchilik guvohnomasini olib qo‘yishi mumkin. Lekin bir narsa yoqadi menga: politsiyaga qoidabuzarlikka majbur bo‘lganingiz sababini tushuntirib bersangiz, tushunishadi. Tushunmaydigan politsiyachilar ham bor.

— Vashington va Nyu-Yorkdagi O‘zbekiston vakolatxonalari o‘zbekistonliklarga yordam beradimi? Aloqalar qanday?

— 2016 yildan keyin katta o‘zgarish bo‘ldi bu borada. 2012 yilda konsullikdan ro‘yxatda turish masalasida yordam so‘raganimda, biz faqat O‘zbekistonga foydasi tegadiganlarga yordam beramiz, deyishgan. 2016 yildan boshlab turli uchrashuvlar qilishadi, bayramlar nishonlanadi. Lekin faqat telefon qilganda tushib bo‘lmaydi vakolatxonaga. Vakolatxonaning o‘ziga borilsa, qo‘ldan kelgancha yordam berishadi, bu tomoni yaxshi tashkillashtirilgan. Baribir telefon masalasida ishlashi kerak, har xil vaziyat bo‘lishi mumkin fuqarolarda. Vashingtondagi vakolatxonada go‘shakni ko‘tarishadi.

Farzandlarimiz o‘zbek tilida ham darslar o‘tishini xohlaymiz. Elchixona buni tashkillashtirsa bo‘ladi, yo‘li bor. Masalan, rus tili darslari o‘tiladigan maktablar bor. Xuddi shu narsani biz ham xohlaymiz. Bolalarning o‘zbekcha talaffuzi buzilib ketgan. O‘zbek jamiyati borgan sari kengayib boryapti, ehtiyoj ham ortyapti o‘zbek tili darslariga. Faqatgina o‘zbek jamiyati qoshida to‘garak bor. Baribir maktabda o‘rgangani boshqacha.

Farrux Absattarov
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov 

Ko‘proq yangiliklar: