​​​​​​​Qizlar xonasiga o‘rnatilgan yashirin kamera: Bu kimga va nega kerak bo‘ldi?

Jamiyat 13:55 / 08.04.2023 62310

Qo‘qon davlat pedagogika instituti yotoqxonasida yashovchi talaba qizlar xonasiga yashirin kamera o‘rnatilganini sezib qolishadi. Bu ish fosh bo‘lib, tarmoqlarda shov-shuv ko‘tarilgach prorektor ishdan ketdi. Ammo bu ish nima maqsadda qilingani va nima sababdan xonada yashovchi qizlardan yashirilgani mavhumligicha qolmoqda. Kun.uz muxbiri institutda bo‘lib, voqea tafsilotlarini o‘rgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Kun.uz’da e’lon qilingan maqoladan keyin Qo‘qon shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov hamda mas’ul idora xodimlari talabalar bilan suhbat o‘tkazishib, holat sinchkovlik bilan o‘rganilishiga va’da berilgan.

Foto: Kun.uz

Qizlar yotoqxonasiga yashirin kamera o‘rnatish kimga va nima uchun kerak bo‘lib qoldi? QDPI bergan bayonotda rektorning buyrug‘i asosida talabalarning psixologik muammolari bilan ishlash uchun maxsus xona tashkil qilinayotgani va shu munosabat bilan kamera o‘rnatilgani ma’lum qilindi.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Talaba qizlarning fikricha, bu bayonot shov-shuvli maqola ortidan mushkul vaziyatdan chiqib ketish uchun institut ma’muriyati tomonidan tezkorlik bilan o‘ylab topilgan “choradan” boshqa narsa emas.

Xonasiga yashirin kamera o‘rnatilgan talabaning ta’kidlashicha, mas’ullarning harakati boshidanoq shubha uyg‘otgan. Kamera o‘rnatilish jarayonida talaba qizlar xonadan tashqariga chiqib turishlari so‘ralgan. O‘rnatilgan uskuna yashirin kamera ekani fosh bo‘lgach yotoqxonaning 1-qavatidagi prorektor Oybek Bozorov xonasidagi barcha jihoz va kerakli ma’lumotlar shubhali tarzda noma’lum tomonga tezkorlik bilan olib chiqib ketilgan.

Foto: Kun.uz
Prorektorning ma’naviyat xonasiga aylantirilgan eski xonasi
Foto: Kun.uz

Uning xizmat xonasi esa ma’naviyat xonasiga aylantirilgan. Yana bir qiziq jihati yashirin kamera 3- va 4-qavatdagi ikki kishilik xonalarga o‘rnatilgan.

Yashirin kamera o‘rnatilgan xonalardan yana biri
Foto: Kun.uz

Yaqinlarim yotoqxonada ortiq yashamasligimni xohlashyapti”

“Institut yotoqxonasida ikki yildan beri yashayman. 1 aprel kuni tadbirda edik. Komendantimiz Muhabbat opa bizga qo‘ng‘iroq qilib, xonamizdagi wi fi tarmog‘i yaxshi ishlamayotgani, nosozlik aniqlanishi kerakligini aytdi. Xonadoshimga qo‘ng‘iroq qilib kalitni yotoqxonaga olib borish kerakligini aytdim.

Foto: Kun.uz

Kalit olib borib berilgandan keyin xonamizga qanday uskuna o‘rnatilayotgani haqida so‘radik. Institutning yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Oybek Bozorov bu ish boshida turgani ma’lum bo‘ldi. Komendant Ravshan Mahkamov vay-fay qurilmasida uzilish bo‘layotgani, boshqa xonalarda ham muammo borligi, aynan biz yashayotgan xonada uzilish mavjudligini, ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘qligi, xonaga maxsus qurilma o‘rnatilsa nosozlik bartaraf bo‘lishini aytdi. Xonamizga kirgan mas’ullar rozetkaga kuchlanishli jihoz qo‘yilgan-qo‘yilmagani haqida so‘rashdi.

Uskuna o‘rnatishayotgan paytda har ehtimolga qarshi biz ularni fotoga oldik.

Yashirin kamera o‘rnatilish jarayoni
Foto: Kun.uz

Chunki ular o‘zaro pichir-pichir qilishib bizda shubha uyg‘otishdi. Eng qizig‘i, uskuna o‘rnatilgunicha tashqariga chiqib turishimizni xohlashdi. Bu holatdan shubhamiz yana ortdi.

Uskuna o‘rnatilgan kun haftaning shanbasi bo‘lgani uchun uyimizga ketishimiz kerak edi. Tabiiyki uyimizga kech yetib bordik. Buning sababini so‘rashganida xonamizga vay-fay qurilmasi o‘rnatilguncha kutib turganimizni aytdik. Holatdan ota-onamiz ham shubhalanishdi.

Foto: Kun.uz

2 aprel kuni soat 16:00 larda yotoqxonaga kelib o‘rnatilgan uskunani tekshirishga qaror qildik. Undan avval xona eshigini ochib narsalarni joylab kiyimlarimizni almashtirdik. Keyin bilsak, yechinib kiyim almashtirayotgan holatimizni ham kamera ovozimiz bilan birga tasvirga olgan ekan.

O‘rnatib ketilgan moslamaning tashqi tomonida 3 ta shurup va biri kamera ko‘zi ekanini payqab oldik.

Foto: Kun.uz

Yashirin kamerani yechib olish jarayonini qo‘l telefonimiz kamerasiga yozib oldik. O‘rnatilgan moslama ichini ochib flesh-disk borligini aniqladik.

Foto: Kun.uz

Ularni olib mutaxassisga ko‘rsatib tekshirtirganimizda moslama yashirin kamera ekani, ichida ovozimizni yozib olish uchun diktofon bo‘lgani ham ayon bo‘ldi. 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib vaziyat haqida aytdik.

Ichki ishlar xodimlariga tushuntirish xati va ariza topshirganimizdan keyin prorektor Oybek Bozorov xonamizga chiqib nima uchun IIBga ariza berganimizni aytib ustimizdan kulgandek bo‘ldi. Prorektorga yashirin kamera kiyinib yechinganimizni ham tasvirga olgani haqida aytsak-da pinagini buzmadi.

Avvaliga prorektor Oybek Bozorov kamera o‘rnatish o‘zidan chiqqan tashabbus ekanini yashirgan bo‘lsa-da yotoqxona qorovuli o‘zi bilmagan holda barcha sirlarni ochib qo‘ydi. Prorektor kamera o‘rnatishdan avval qorovulga qo‘ng‘iroq qilib 4-qavatdagi xonani ochib berishini va bu haqda hech kim bilmasligi kerakligini aytgan.

Yashirin kamera
Foto: Kun.uz

Masala yuzasidan rektorga uchrashdik. Rektor salomimizga alik ham olmadi. Hatto yuzimizga qarab qo‘ymadi. Rektorga ko‘zimda yosh bilan xonamizga yashirin kamera qo‘yilganini aytdim. U moslama kamera ekanini qayerdan bildingiz dedi. Men esa uni ochib ko‘rib bilganimizni aytdim. Rektor bu gapimdan keyin nima haqingiz bor institut mulkiga teginishga deb koyib ketdi. Rektor kamerani ochganingizni kimdir guvohi bo‘ldimi dedi. Yakshanba kuni bo‘lgani uchun yonimizda hech kim bo‘lmaganini aytdim. Bu gapimdan keyin ayb o‘zimizga yuklandi. Rahbar ayol xonaga kamerani o‘zimiz o‘rnatib olganga chiqardi.

Shundan so‘ng Kun.uz’ga murojaat qildim. Holat bo‘yicha maqola e’lon qilingandan so‘ng yotoqxona ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi. Yotoqxonaning 1-qavatidagi Oybek Bozorovning xonasidagi barcha narsalarni tashqariga tashiy boshlashdi. Bu juda shubhali edi. Prorektor xonasi bo‘shab qoldi.

Bir ozdan so‘ng yonimizga Qo‘qon shahri hokimi, prokuror va mas’ul shaxslar kelishib majlis o‘tkazishdi. Oybek Bozorov barchaning yonida bizdan kechirim so‘radi. Yashirin kamerani prokuratura xodimlariga topshirdik.

Bunday kamera ikki kishilik boshqa xonalarga ham qo‘yilgan. Yonimizdagi xonaga ham kamera o‘rnatishga urinish bo‘lgan. Akfa eshik qulfi buzib kirilib u yerga ham kabel tortilgan. To‘polon ko‘targanimizdan keyin shu xonadagi yashirin kamera jihozlari yo‘q bo‘lib qoldi.

3-va 4-qavatdagi ayrim xonalarga kamera qo‘yilgan. Rektorning buyrug‘i asosida talabalarning psixologik muammolari bilan ishlash uchun maxsus xona tashkil qilinayotgani aytildi. Bu bayonot juda kulgili. Bizning yechinib-kiyinishimizni tomosha qilish kimga kerak bo‘lib qoldi?

Eng qizig‘i Kun.uz’dagi maqoladan keyin ish uchastkavoydan olinib prokuraturaga topshirildi. Avvaliga mensimagan rektor xonasiga chaqirib institutni muammosiz bitirib olishimiz, bizga nisbatan ortiqcha bosim bo‘lmasligini aytdi.

Bo‘lib o‘tgan voqeadan xabardor bo‘lgan yaqinlarim shokka tushishdi. Hatto institutdagi o‘qishni to‘xtatishimizni aytishdi. Boshqa talabalarning ota-onalari ham qo‘rqib qolishdi. Yotoqxonada turish qo‘rqinchli bo‘lib qoldi. Yaqinlarim yotoqxonadan chiqish ketishimni xohlashyapti.

Talabalar yotoqxonasi
Foto: Kun.uz

Rektorni yashirin kamera qo‘yilishidan xabari bo‘lmaganini ta’kidlashyapti. Lekin biz shunga amin bo‘ldikki, u avvaldan kamera qo‘yilishini bilgan. Yotoqxonadagi 4 nafar talaba qiz ham xonalariga kamera qo‘yilgani haqida bizga so‘zlab berishdi”, – deydi talaba.

Surishtiruv davomida institut rektori Dilnoza Xo‘jayeva hamda kamera o‘rnatish ishlarida bosh-qosh bo‘lgan prorektor Oybek Bozorovdan holat bo‘yicha izoh olmoqchi bo‘ldik. Lekin ular ish joyida yo‘qligi sabab buning iloji bo‘lmadi.

Foto: Kun.uz

Pedagogika institutining moliya-iqtisodiyot ishlari bo‘yicha prorektori Jasurbek A’zamovdan holat bo‘yicha savollarimizga javob oldik.

Jasurbek A’zamov
Foto: Kun.uz

“Qonunchilik bo‘yicha ko‘radigan bo‘lsak shaxsiy telefon so‘zlarini eshitish, xonaga beruxsat kamera o‘rnatish prokurorning maxsus ruxsati bilan bo‘ladigan jarayon. Holat bo‘yicha belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilyapti.

Kamera qo‘yilishidan avval qizlar ogohlantirilishi kerak edi. Muammo va xatolik shu yerda. Qizlar yotoqxonasini yashirin tasvirga olish qonunchilikka ham, dinimizga ham to‘g‘ri kelmaydi.

Foto: Kun.uz

Prorektor Oybek Bozorovning talabalarning psixologik holatini o‘rganish, ularga amaliy yordam berish maqsadida ijobiy loyihasi bor edi. Shu loyihani amalga oshirish maqsadida har bir yotoqxonada talabalar ruhiyatida o‘zgarish bo‘lsa muammolarini bartaraf qilish maqsadida psixologik yordam ko‘rsatish markazlari tashkil qilingan. Strescga uchragan talabalar bilan maxsus xonada shug‘ullanish bo‘yicha ko‘rsatma bo‘lgan edi. Ana shunday xonani tayyorlash jarayonida bizga noma’lum bo‘lgan sabablarga ko‘ra kamera qo‘yilgan. Talaba qizlar shanba kuni uyga ketib yakshanbada yotoqxonaga qaytganida ham ular xonaga kamera qo‘yilganidan ogohlantirilmagan. Institutning bu borada aybi bor albatta.

Nima uchun psixologik muammolari bilan ishlash uchun maxsus xona institutning boshqa binosiga emas aynan yotoqxonaga o‘rnatildi?

  • Talaba ko‘p vaqtini yotoqxonada o‘tkazadi. Talabalar bilan ishlash uchun yotoqxona qulay joy. Shu maqsadda kamera ham o‘sha xonaga o‘rnatildi. Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektorga markaz tuzish bo‘yicha aniq ko‘rsatma kelgan deb o‘ylayman. Agar topshiriq bo‘lmaganida u maxsus xona tashkil qilmagan bo‘lar edi.

Kamera qo‘yish bo‘yicha rektor tomonidan ko‘rsatma bo‘lmagan. Yashirin kamera fosh bo‘lib muammo yuzaga chiqqanidan keyin rektor bundan xabar topgan. Hozirda holat bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, – deydi prorektor Jasurbek A’zamov.

Ismi sir bo‘lib qolish sharti bilan intervyu berishga rozi bo‘lgan talabalarga ko‘ra, yashirin kamera o‘rnatilishi bilan bog‘liq voqeadan keyin yotoqxonada yashayotgan talabalar qo‘rqib qolishgan. Yotoqxona ichida turli gumon va hadiksirash holatlari ko‘paygan. Talabalarning ota-onalari ham vaziyatdan sarosimaga tushgan.

Ma’lum bo‘lishicha, shov-shuvli voqea ortidan yotoqxonaning tarbiyachi-pedagogi Yayra Alimova, talabalarni turar joy bilan ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Ravshan Mahkamov, Axborot xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Akmal Madumarov, tarmoqlarni boshqarish bo‘limi boshlig‘i Bunyod Otajonov hamda yashirin kamera o‘rnatish ishlariga bevosita bosh-qosh bo‘lgani aytilayotgan prorektor Oybek Bozorov lavozimlaridan ozod etilgan.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Garchi kamera o‘rnatish jarayonida bevosita qatnashgan xodimlar ishdan olingan bo‘lsa-da savollar ochiqligicha qolmoqda. Yashirin kamera orqali qizlarni kuzatish kimga va nima uchun kerak bo‘lib qoldi? Nima uchun qizlar kamera o‘rnatilishidan avval ogohlantirilmadi? Surishtiruv davomida bu savollarga biror bir mas’uldan jo‘yali javob ola olmadik.

Hozirda holat bo‘yicha prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Sarvar Ziyayev,
Jahongir Aliboyev

Ko‘proq yangiliklar: