Xavfsiz va arzon – ikki ko‘hna shaharni bog‘lab turgan O‘zbekistonning so‘nggi trolleybuslari haqida reportaj

Jamiyat 14:37 / 06.04.2023 23307

Bugun atrofimizdagi oddiy narsalar kelajakda biz uchun shirin xotira, yoqimli qo‘msash yoki achinishga sabab bo‘lishi hech gap emas. Bunga O‘zbekiston trolleybuslarini misol qilish mumkin. Xalq tilida “shoxli avtobus” nomi bilan atalgan bu transportlar kechagina hammamiz uchun shunchaki uzoqni yaqin qilish vositalaridan biri edi. O‘qish, ish, yumushga shoshilarkanmiz, trolleybuslarning “shoxlari” elektr simlaridan chiqib ketib, ko‘pchiligimizni kuttirib, xunob qilgan holatlar ham bo‘lgan, agar eslasangiz... 

Foto: Tashtrans.uz

60 yildan ortiq muddatda respublikamizning o‘nlab shaharlarida xizmat qilgan bu transportlar haqida internet ma’lumotlari shu qadar ozki, qo‘msaganda ovunish chanqog‘i bosilmaydi kishining. Lekin bizda hali imkon bor ekan, O‘zbekiston trolleybuslarining so‘nggi avlodi va respublikada saqlanib qolgan ushbu yagona jamoat transporti haqida lavha tayyorlashga qaror qildik. 

Eng arzon transport 

Xorazm viloyatining Urganch shahridan tarixiy va sayyohlik shahri Xivaga bormoqchi bo‘lsangiz, transport tanlashda shoshilmang. Ikki shaharni bir-biriga bog‘lovchi “shoxli avtobus”lar sizni eng arzon narx bilan manzilingizga eltib qo‘yadi. Bu jamoat transportini nafaqat arzon, balki, sizning trolleybuslar bilan bog‘liq eng qimmatli xotiralaringizni esga soluvchi “vaqt mashinasi” ham deyish mumkin. 

1998 yilda Xiva shahrining 2500 yillik yubileyi munosabati bilan Urganch-Xiva yo‘nalishida yo‘lga qo‘yilgan trolleybuslar xizmati uchun yo‘lkira narxi atigi 3000 so‘m. Yo‘nalishdagi yaqinroq masofalar uchun esa 1000-2000 so‘m ham to‘lash mumkin. 

Bu trolleybuslarda pul teruvchi xodimlar yo‘q. Yo‘lovchilarning o‘zlari tartib bilan haydovchiga yo‘l haqini topshirib, tushib ketaverishadi. Guvohi bo‘ldikki, arzon va xavfsiz bu transportdan  o‘quvchilar eng ko‘p foydalanar ekan.

Haydovchining iltimosi

10 yildan beri trolleybus boshqarish bo‘yicha malakam bor, - deydi haydovchi Sardor Satipov, - Xivadan Urganchgacha bo‘lgan 37-38 km masofaga 50-55 daqiqada yetib boramiz. Trolleybuslarga xorijiy sayyohlar ham chiqishadi. Yo‘llarda tirbandliklar uchrab turadi. Haydovchilardan trolleybus yo‘llarini to‘sib qo‘ymasliklarini, avtomobillarini to‘xtash uchun maxsus belgilangan joylarga qo‘yishlarini iltimos qilib qolamiz”.

Hozirda harakatlanayotgan Shkoda 24Tr rusumli bu elektr avtobuslar 2013 yilda yo‘nalishga qo‘yilgan. Unga qadar esa 1998 yilda keltirilgan Shkoda 14Tr rusumli eski trolleybuslar harakatlangan.

Foto: Tashtrans.uz
Foto: Tashtrans.uz

O‘zbekiston trolleybuslari tarixi

Mamlakatimizda ilk trolleybuslar 1947 yilda Toshkent shahri ko‘chalarida yura boshlagan. Dastlabki yo‘nalish transportlari poytaxtimizning temiryo‘l vokzali va Chorsu bozori o‘rtasida qatnagan. Yildan yilga Toshkent, Samarqand, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Olmaliq, Nukus, Buxoro, Urganch va Xiva shaharlarida ham shu turdagi elektrotransportlar harakati yo‘lga qo‘yilgan.

Va hatto 1999 yilda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2005 yilgacha Qo‘qon, Qarshi, Navoiy, Termiz va Guliston shaharlarida ham trolleybuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish reja qilingan. (Hujjat 2022 yilning iyul oyida o‘z kuchini yo‘qotgan.)

Lekin negadir bu rejalar amalga oshmay, qaytanga deyarli barcha shaharlarda “shoxdor avtobuslar”ning faoliyatiga nuqta qo‘yilgan. Xorazmnikidan tashqari mavjud shaharlardagi trolleybuslar 2011 yilga  kelib, harakatlanishdan butunlay to‘xtadi.

Foto: Tashtrans.uz

Ularning o‘rnini esa ayni paytda ommabop va yo‘lovchilar uchun noqulay bo‘lgan Damas avtomashinalari hamda Isuzu avtobuslari to‘ldirdi. Bu ulovlar ham qachondir tarixga aylanar, lekin trolleybuslardek qo‘msashni uyg‘ota olmasa kerak.

“Trolleybus uchun bajonidil erta uyg‘onaman”

Hayotimda hech bir ishga tonggi soat 4 dan turmayman. Lekin trolleybus uchun bajonidil uyg‘onaman”, degan edi 2010 yilda bergan intervyusida trolleybus konduktorlaridan biri.

Foto: Tashtrans.uz

Trolleybus boshqaruvchisi esa: “Bizda doim shunday, avvaliga hamma narsani juda tez buzib tashlashadi. Va keyin vaqti kelganda, kimdir ertalab uyg‘onadi va savol beradi: “Trolleybus qayerga ketdi? Bor edi-ku?! Qani, darhol qaytaring!” Afsuslanarlisi esa u paytda biz haydovchilar bo‘lmaymiz”, degandi.

Foto: Tashtrans.uz

Umid yo‘q emas 

Lekin Xorazmda trolleybuslar kelajagidan umid qilish mumkin. Buni quyidagi misollar bilan ifodalaymiz:

Urganch shahri bo‘ylab yangi trolleybus halqa yo‘li quriladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yilda xorazmlik saylovchilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilgan edi

Transport vazirligi Avtomobil va daryo transportini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Ruslan Ro‘zmetovning o‘tgan yili Gazeta.uzʼga bergan intervyusiga ko‘ra, 1997 yilda Urganchda uzunligi 11 km bo‘lgan trolleybus halqa yo‘nalishi ishlab chiqilgan. Shuning 6 kilometriga kontakt tarmog‘i o‘rnatilgan.

Foto: Mintrans.uz

1997 yilda Urganch uchun loyiha doirasida yana ko‘plab trolleybuslarni bosqichma-bosqich xarid qilish rejalashtirilgan. Depo uchun joy kamida 60 ta avtomashinani saqlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatishni hisobga olgan holda ajratilgan. Sotib olingan 9 ta trolleybus esa viloyatda to‘xtab qolgan loyihaning birinchi bosqichi bo‘lgan xolos.

Nima bo‘lganda ham, bugungi kunimiz ertaga tarixga aylanishi bor. Shunday ekan, Xorazmga kelsangiz, esdalik va xotirada qolishi uchun, albatta, O‘zbekistondagi yagona trolleybuslar xizmatidan foydalaning.

Foto: Tashtrans.uz

Sardorbek Usmoniy

Ko‘proq yangiliklar: