Ayrim fuqarolarga 5 ta tovar xaridi uchun to‘langan QQS qaytariladi

Iqtisodiyot 10:09 / 06.04.2023 24304

“2023 yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlashni kengaytirish va qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

2023 yil 15 apreldan eksperiment tariqasida Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi huzuridagi “Agroservis operator” orqali tashabbuskorlar loyihalarni moliyalashtirishning quyidagi yangi tizimi joriy etiladi:

  • meva-sabzavotlarni saqlash, qayta ishlash, logistika quvvatlarini yaratish yo‘nalishidagi loyihalar Agentlikning tumandagi loyiha ofislariga taqdim etilib, Qishloq xo‘jaligi vazirligining yagona elektron axborot platformasi orqali “Agroservis operator”ga yetkaziladi;
  • intensiv bog‘ va tokzorlar, agrologistika obektlari hamda texnologik liniyalar, oziq-ovqat sanoatidagi liniyalar qurilib, tayyor holda tashabbuskorlarga lizing asosida topshiriladi. Bunda lizing to‘lovi 10 foizi oldindan to‘lash, 10 foizi tashabbuskorlar ulushi, 80 foizi 10 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan amalga oshiriladi.

Vazirlikning Geoaxborot tizimida 8 ta asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari (paxta, g‘alla, sholi, piyoz, sabzi, kartoshka, makkajo‘xori hamda moyli ekinlar) ekilishini, vegetatsiya davrini monitoring va tahlil qilish amaliyoti joriy etiladi. 

2023 yil 1 iyungacha paxta, g‘alla, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish jarayonlari raqamlashtiriladi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga “Agroplatforma” axborot tizimi joriy etiladi.

2023 yil 1 maydan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar ro‘yxatga muvofiq tovarlarning chakana savdo obektlarida xaridini amalga oshirganda xarid summasining 1 foizi miqdoridagi to‘lov o‘rniga, xarid summasida to‘langan QQS summasi qaytariladi.

2023 yil 1 iyundan qishloq xo‘jaligi sohasidagi barcha subsidiyalar “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga subsidiya berish” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Prezidentning tegishli qarori doirasida Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga 2023 yilda 400 milliard so‘m budjet ssudasi yillik 10 foiz stavkada ajratiladi. 

Vazirlik huzurida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini tahlil qilish markazi tashkil etiladi. 2023 yilda har bir viloyatda o‘rtacha 250-300 gektardan namunaviy bog‘-tokzorlar barpo etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvaga ozuqa yetishtirish uchun beriladigan yerlar maydoni 2 gektardan 5 gektarga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: