O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha uchta davlat bilan muzokaralarni yakunladi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining JST bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Amirbek Muhamedov ma’lum qildi.
“JSTga a’zo bo‘lish – juda ham uzoq va qiyin jarayon. Tashkilotga hamma a’zo davlatlarning roziligi olinganidan keyin qo‘shilish mumkin. 164ta davlatning hammasi bilan muzokara olib bormasak-da, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ishchi guruhi tarkibiga jami 47 ta davlat kirgan.
JSTga qo‘shilishning aniq sanasini aytish qiyin, chunki bu muzokaralar ikki tomonlama bo‘lib, chet el tomoniga ham bog‘liq. Masalan, tashkilotga kirish uchun Qozog‘istonga 13 yil, Rossiyaga 10 yil kerak bo‘ldi. Hozirgi kunda O‘zbekistonning umumiy savdo tizimi bo‘yicha muhokamalar ketyapti. Oltinchi yig‘ilish mart oyida o‘tkazilgandi. Ushbu yig‘ilish yakunlari bo‘yicha bizga yuklatiladigan majburiyatlar endi kelib tushadi”, – dedi Muhamedov 31 mart kungi matbuot anjumanida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, 47 ta davlatning barchasi tovar va xizmatlar bozoriga kirish bo‘yicha O‘zbekiston bilan muzokaralar olib borish istagini bildirgan. Hozirda 31 davlat bilan muzokaralar olib borilmoqda.
“Ulardan uchta davlat bilan muzokaralarni yakunladik yoki yakunlash bosqichidamiz, deb aytishimiz mumkin – bu Gruziya, biz hozir Mo‘g‘uliston va Turkiya bilan yakuniy bosqichdamiz”, – dedi u.
Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil yakunlari bo‘yicha parlamentga qilgan murojaatnomasida 2023 yilda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha asosiy muzokaralar oxiriga yetkazilishi kutilayotganini aytib o‘tgandi.
Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev raisligida JST bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiyaning yanvar oyidagi yig‘ilishida ham tashkilotga a’zo bo‘lishga oid barcha asosiy muzokaralarni 2023 yil oxirigacha yakunlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangandi.
JST haqida
Jahon savdo tashkiloti – xalqaro savdoni liberallashtirish, savdo va siyosiy munosabatlarni tartibga solish bilan shug‘ullanadigan hukumatlararo tashkilot bo‘lib, 1995 yil 1 yanvarda imzolangan kelishuv asosida faoliyat ko‘rsatadi. Bugungi kunda dunyodagi eng yirik xalqaro iqtisodiy tashkilotga 164 davlat a’zo va ushbu mamlakatlar hissasiga global savdo va jahon yalpi ichki mahsulotining 98 foizi to‘g‘ri keladi.
JST 1947 yilda tuzilgan xalqaro bitim – GATT'ning davomchisi hisoblanadi. Tashkilotga a’zo va ishtirokchi mamlakatlar uchun majburiy bo‘lgan tamoyillar va qoidalar belgilangan.
JSTning asosiy vazifasi – global iqtisodiyotni kuzatish orqali xalqaro savdo izchilligi va shaffofligini ta’minlashdir. Shuningdek, tashkilotning yana bir ustuvor yo‘nalishi rivojlanayotgan, kam rivojlangan va kam daromadli mamlakatlar bilan hamkorlik qilish orqali JSTning qoida va intizomlariga moslashishga yordam berish hisoblanadi.
Nega O‘zbekiston tashkilotga shu paytga qadar a’zo bo‘lmagan?
JSTga a’zo bo‘lish jarayoni har bir murojaat etuvchi mamlakat uchun alohida o‘rganib chiqiladi va a’zo bo‘lish shartlari mamlakatning iqtisodiy rivojlanish bosqichiga va amaldagi savdo rejimiga bog‘liq tarzda amalga oshiriladi. Jarayon o‘rtacha 5 yil davom etishi, ammo mamlakat tashkilot talablariga to‘la javob bermasa yoki siyosiy muammolar xalaqit beradigan bo‘lsa, u uzoqroq muddatga cho‘zilishi mumkinligi ko‘zda tutilgan. JSTga a’zo bo‘lish uchun eng qisqa muddatli muzokaralar Qirg‘iziston bilan (2 yil-u 10 oy), eng uzoq muzokaralar esa Rossiya bilan (19 yil-u 2 oy) amalga oshirilgan.
O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun 1994 yil 21 dekabrda ariza topshirgan va ishchi guruh tuzilgan. Ba’zi ekspertlar ta’kidlashicha, 90-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab O‘zbekiston tashqi savdo siyosatida proteksionizm ustuvor ahamiyat kasb eta boshlaydi. Bu, asosan, mamlakatning asosiy eksport mahsulotlari narxi jahon bozorida pasayishi bilan izohlanadi. Hukumat esa valuta nazorati orqali importga qarshi kurasha boshlaydi. 1998 yilda Osiyo mamlakatlarida yuz bergan iqtisodiy inqiroz proteksionizmga bo‘lgan munosabatini yanada kuchaytiradi.
2003 yilda valuta ayirboshlash cheklovlari olib tashlanadi va savdoni erkinlashtirish tomon qadam tashlanadi. Islohotlar natijasida savdo va umuman iqtisodiyot sezilarli darajada o‘sadi. Biroq 2008 yildagi jahon iqtisodiy inqirozidan keyin hukumat xorijiy valuta ustidan qayta nazorat o‘rnatadi va yana savdo proteksionizmiga qaytadi. Rasmiy kurs va norasmiy bozor kursi o‘rtasida katta tafovut yuzaga kela boshlaydi. Aynan cheklangan valuta konvertatsiyasi ko‘p yillar davomida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi asosiy to‘siq bo‘lib keladi. Bojxona to‘siqlari va davlatning iqtisodiyotga yuqori darajadagi aralashuvi yillar davomida saqlanib qoladi.
Umuman olganda, 2005 yilda ishchi guruhning uchinchi yig‘ilishi o‘tkaziladi va shundan so‘ng muzokara jarayonlari to‘xtab qoladi. Bu 2005 yil may oyidagi Andijon voqealari sabab O‘zbekiston va xalqaro moliya institutlari o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashib ketishi bilan bog‘lanadi.
Ishchi guruh faoliyati qayta tiklanishi
O‘zbekistonda 2017 yil sentabr oyidan valuta kursini talab va taklifga asosan erkin belgilash tartibi joriy etildi. Shundan keyin JSTga a’zo bo‘lish masalasi yana kun tartibiga qaytdi. 2019 yil boshiga kelib, ishchi guruh faoliyati hukumat tomonidan jonlantiriladi. 2020 yil 7 iyulda 15 yillik tanaffusdan keyin O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh yig‘ilishlari qayta tiklanadi.
Ushbu ishchi guruhning 6-yig‘ilishi Shveytsariyaning Jyeneva shahrida joriy yil 14−15 mart kunlari o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishini jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
JSTga qo‘shilish O‘zbekistonga nima beradi?
JSTning asosiy tamoyili – erkin, ochiq va shaffof raqobat hisoblanadi. Agar O‘zbekiston tashkilotga a’zo sifatida qabul qilinsa, global savdo “o‘yin qoidalari”ga amal qilgan holda, bosqichma-bosqich proteksionizmdan voz kechadi.
Bu birinchi navbatda, bojxona tariflari kamayishi hisobiga iste’molchilarga arzon va sifatli tovarlar hamda xizmatlardan foydalanish imkoniyatini taqdim qiladi. Xomashyo narxi pasayishi hisobiga mahalliy mahsulotlar narxi ham arzonlashadi va xalqaro bozordagi raqobatbardoshligi ortadi. Logistika bilan bog‘liq xarajatlar sezilarli darajada kamayadi.
Chetdan olib kirilayotgan xomashyo narxi qancha arzon bo‘lsa, mamlakat ichida ishlab chiqarilgan tayyor mahsulot narxi ham shuncha past bo‘ladi. Raqobatbardoshlik oshadi. Bu dastlabki davrda milliy ishlab chiqarishga salbiy ta’sir o‘tkazsa-da, uzoq muddatli istiqbolda raqobat muhitini vujudga keltirishda ijobiy omil hisoblanadi.
Mamlakat ichidagi ayrim monopol kompaniyalarning ichki bozordagi ustun mavqeyiga chek qo‘yiladi va erkin raqobat muhiti yaratiladi. Hozirgi sharoitda O‘zbekistondagi import proteksionizmi darajasi ancha baland hisoblanadi.
Shuningdek, investorlarning O‘zbekiston bozoriga kirishi ko‘payadi. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratilishiga imkoniyat taqdim qiladi. Bundan tashqari, o‘rta muddatli istiqbolda tashkilotga a’zolik inflatsiya pasayishiga zamin yaratadi.
Doston Ahrorov