Qanday holatlarda naqd pullar to‘lovga yaroqsiz hisoblanadi?

Iqtisodiyot 19:20 / 03.04.2023 33414

Doimiy muomalada bo‘luvchi qog‘oz pullar ma’lum muddat o‘tib, yaroqsiz holatga kelib qolishi mumkin. Ana shunday vaziyatda ko‘pchilik nima qilishni, qayerga murojaat etishni bilmaydi. Aslida esa buning qonuniy chora-tadbirlari belgilangan. O‘zi qanday holatdagi banknotlar to‘lovga yaroqli yoki yaroqsiz sifatida tavsiflanadi? Markaziy bank mutaxassislari bu borada e’tiborga olinishi lozim bo‘lgan jihatlar haqida ma’lumot berdi.

Qanday pullar to‘lovga yaroqli bo‘ladi?

Quyidagi holatdagi banknotlarni moneliksiz to‘lovga qabul qilish lozimligi va tushum puli sifatida banklarga topshirish mumkinligi belgilangan. Xususan, bular:

  • har qanday qismida teshik yoki yirtilish bo‘lgan, qog‘ozi siyqalangan (ishqalanish oqibatida yupqalashib, yumshoq qog‘oz ko‘rinishiga kelib qolgan) hamda dog‘lari bo‘lgan va turli rasm va (yoki) yozuvlar yozilgan banknotlar;
  • yirtilib bo‘laklarga ajralgan va yelimlangan pullar - agar pulning qismlari shubhasiz bitta banknotga tegishli bo‘lsa;
  • bo‘yoq moddalari yoki kislota to‘kilgan, tabiiy rangi o‘zgargan, kuygan, bo‘yalgan yoki chizilgan pullar;
  • banknotning ayrim qismiga (yoki qismlariga) yozilgan yozuvlar yoki bo‘yalgan (bo‘yoq to‘kilgan) joyi banknot umumiy hajmining 5 foizidan oshmaydigan banknotlar;
  • banknotning yirtilgan, teshilgan joyining diametri yoki yirtilib tushgan burchagi (qismi) 1 smdan oshmaydigan banknotlar;
  • rangi keskin tarzda o‘zgarmagan banknotlar;
  • shikastlanish turi va joylashishidan qat’i nazar, banknot to‘liq hajmining 55 foizidan kam bo‘lmagan qismi saqlanib qolingan pullar.

Qanday pullar to‘lovga qabul qilinmaydi?

Banknota quyidagi hollarda to‘lovga yaroqsiz hisoblanadi:

  • banknot umumiy hajmining 55 foizidan kam qismi saqlanib qolgan bo‘lsa;
  • tegishli himoya belgilariga ega bo‘lmagan banknotlar ya’ni qalbaki pullar;
  • banknotdagi uning nominal qiymatini aks ettiruvchi yozuv va raqamlarni o‘zgartirish orqali hosil qilingan soxta pullar ham to‘lovga yaroqsiz hisoblanadi.

Yelimlangan banknot qismlari bitta banknotga tegishli bo‘lsa, ya’ni seriya, raqamlari bir xil bo‘lganda “yaroqli pul” sifatida to‘lovga qabul qilinishi lozim. Ayrim hollarda, bir xil nominaldagi, biroq 2 ta banknotning qismlarining bir-biriga yelimlanganini uchratish mumkin. Ya’ni banknot qismlaridagi seriya, raqamlar turlicha bo‘ladi. Ushbu banknotlarning har ikki qismi alohida olinganda, banknot umumiy yuzasi 55 foizidan kam bo‘lsa “to‘lovga yaroqsiz” deb topiladi. Aksincha bo‘lsa, qabul qilinadi.

Eskirgan, yirtilgan pullarni banklarda almashtirib olish mumkinmi?

Agar banknot yuqorida aytib o‘tilgan “to‘lovga yaroqsiz” pul toifasiga mansub bo‘lmasa, ularni banklarda hech qanday muammosiz almashtirib olish mumkin. Bunda banklar kassalari orqali shikastlangan, eskirgan banknotlar qabul qilinib, ularning umumiy summasiga teng bo‘lgan miqdorda yaroqli banknotlar bilan almashtirib beriladi.

“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi qonunda ham banklar shikastlangan pul belgilarini Markaziy bank tomonidan belgilangan qoidalarga muvofiq cheklovlarsiz almashtirib berishi qayd etilgan. Eskirgan pullar banklarda qabul qilingach, ular qayta muomalaga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Pul suv toshishi, yong‘in yo boshqa baxtsiz hodisalar oqibatida jiddiy shikastlangan bo‘lsa, ularning haqiqiyligi va to‘lovga yaroqli ekanligiga bank kassirlari to‘liq ishonch hosil qilgach, almashtirib berilishi mumkin.

Bank kassalarida shikastlangan, lekin to‘lovga yaroqli ekanligi shubha uyg‘otmaydigan banknotlar va tangalar almashtirib berilishi, hech qanday kassa hujjatlari rasmiylashtirilmagan holda amalga oshiriladi.

Ushbu shikastlangan pullar bank tomonidan saralash jarayonida “eskirgan” toifasiga o‘tkaziladi va qayta muomalaga chiqarilmaydi hamda Markaziy bankka yuboriladi.

Naqd pullarning haqiqiyligini tekshirish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?

Pullarning haqiqiyligini ushbu himoya elementlari orqali aniqlash mumkin:

  • himoya ipidan. Misol uchun, 100 000 so‘mliklarda «3D» effektli himoya ipi o‘tkazilgan;
  • barmoq uchlari bilan ushlab ko‘rilganda seziladigan bo‘rtib turuvchi tasvirlardan;
  • ma’lum qiyalik burchagi ostida qaralganda, rangini o‘zgartiruvchi tasvirlardan (naqsh yoki raqam ko‘rinishida) payqaladi.

Agar qo‘lingizga shubhali yoki soxta bo‘lgan pullar kelib tushganda ularni haqiqatda qalbaki ekanligini aniqlash hamda qonuniy baho berish maqsadida tijorat banklariga topshirish tavsiya etiladi. 

Ko‘proq yangiliklar: