Xitoy - xorijda davlatlar tomonidan yadro quroli joylashtirilishiga qarshi

Jahon 14:32 / 01.04.2023 10299

Yadro quroliga ega davlatlar ularni xorijda joylashtirmasligi kerak, dedi Xitoyning BMTdagi vakili o‘rinbosari. Avvalroq Rossiya prezidenti Rossiya Federatsiyasining Belarusda taktik yadro qurolini joylashtirish niyati borligini ma’lum qilgandi.

Xitoy yadro quroliga ega bo‘lgan barcha davlatlar ularni chet elda joylashtirmasliklari, agar mavjud bo‘lsa, yadroviy qurollarini boshqa davlatlardan olib chiqib ketishlari lozimligi tarafdori. Bu haqda 31 mart, juma kuni butunjahon tashkiloti Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Xitoyning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Geng Shuang ma’lum qildi

Xitoy barcha yadroviy davlatlarni 2022 yil yanvar deklaratsiyasi tamoyillariga amal qilishga, yadro urushi xavfini kamaytirish choralarini ko‘rishga va yadro quroliga ega davlatlar o‘rtasida har qanday qurolli mojaroning oldini olishga chaqirdi. Gap beshta yadroviy davlat – Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSh va Fransiya rahbarlarining qo‘shma bayonoti haqida bormoqda. Hujjatni imzolagan davlatlar «yadro urushida g‘olib bo‘lishi mumkin emas va unga hech qachon yo‘l qo‘yilishi kerak emas», deb ta’kidlagan, shuningdek, bu ommaviy qirg‘in qurollarini bir-biriga yoki boshqa davlatga qaratmasliklarini tasdiqlagan.

Shu bilan birga, Xitoy tomoni Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini yadroviy tahdid kontekstida izohladi. Pekin pozitsiyasiga atom elektr stansiyalariga qurolli hujumlarga qarshi turish ham kiradi, dedi Geng Shuang. Barcha tomonlar oqillik va vazminlikni saqlashi, xalqaro hamjamiyat esa muzokaralarni tezroq qayta boshlash uchun sharoit yaratishi kerak, dedi Xitoyning BMTdagi vakili o‘rinbosari. 

25 mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasining o‘z taktik yadro qurolini Belarus hududida joylashtirish niyati haqida ma’lum qildi. Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko belarus xalqi va parlamentiga murojaatida, agar kerak bo‘lsa, respublikada strategik yadro qurollari joylashtirilishi mumkinligini inkor etmadi. 

Bundan oldin AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyaning Belarusda taktik yadro qurolini joylashtirish rejalaridan xavotirda ekani xabar qilingandi. 

«Ular buni hali qilmadi. Lekin, albatta, men bundan xavotirdaman», dedi u Vashingtonda jurnalistlarga. 

Bayden Vladimir Putinning tegishli bayonotini «xavfli gaplar» deb atadi.

25 mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Belarusda rus taktik yadro qurollarini joylashtirish uchun maxsus ombor qurilishi 1 iyulda yakunlanishi kerakligini ma’lum qildi. O‘nta samolyot ushbu turdagi qurollardan foydalanishga tayyor, «Iskander» tashuvchi kompleksi topshirildi, dedi Putin. Unga ko‘ra, ekipaj mashg‘ulotlari 3 apreldan boshlanadi. 

Ko‘proq yangiliklar: