“Erkin akaning otasi Cho‘yanbek Vohidov Oltiariq tumanida tug‘ilib voyaga yetgan. Onasi Roziyaxon Vohidova toshkentlik bo‘lgan.
Roziyaxon opaning akasi Oltiariqda advokat bo‘lib ish boshlagan. Akasi bilan birga Oltiariqqa kelgan singlisini Cho‘yanbek Vohidov ko‘rib sevib qoladi. Ular turmush qurishadi. Turmushlaridan 3 nafar farzand tug‘iladi. Keyinchalik ikki bola nobud bo‘lib, faqat Erkin aka qolgan.
Erkin akaning buvisi (mening ham buvim) Oydinxon aya nevaralari orasida Erkin akani o‘zgacha ko‘rgan ekan.
Erkin akaning otasi Cho‘yanbek Vohidov harbiy xizmatdan miyasidan jarohat bilan kelib, ancha azob chekkan. Boshidagi o‘qni olish mumkin bo‘lmagan. Davolanish uchun oila Toshkentga borgan. Erkin Vohidov o‘sha paytda 9 yashar bola edi. Jarohat tufayli Cho‘yanbek Vohidov Toshkentda vafot etgan. Oradan bir yil o‘tib onasi Roziyaxon Vohidova ham olamdan o‘tadi.
Erkin Vohidov Toshkentdagi tog‘asi Karimboy Sohiboyev qo‘lida tarbiya topib, uylanib bola-chaqali bo‘ldi. Tog‘asi yaxshi tarbiya bergani uchun ham shu darajaga yetib kelgan.
1967 yilda Toshkentga borib o‘qishga kirdim. O‘z o‘qituvchimdan sovchi keldi. Meni turmushga uzatishda, hayotda o‘z yo‘limni topishda Erkin Vohidovning hissasi katta bo‘ldi. To‘yimda o‘zi bosh-qosh bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda meni doim qo‘llab-quvvatlab turdi.
Bu xonadonga yozuvchi va shiorlar ko‘p kelishardi. Xonadonimizda O‘lmas Umarbekov, Said Ahmad, E’tibor Oxunova, Gulchehra Jo‘rayeva, Oxunjon Hakimov, Yo‘ldosh Sulaymon kabi ko‘plab taniqli insonlar kelib mehmon bo‘lib ketishgan. Ular kelsa xonadonimizda to‘y bo‘lib ketardi.
Erkin akaning otasi bilan mening otam aka-uka bo‘lishgan. 1939 yilda otam, 1941yilda esa Erkin akaning otasi Cho‘yanbek Vohidov xizmatga ketgan. Aka-ukalar boshqa bir-birlarini ko‘rishmagan. Otam xizmatdan qaytganida akasi vafot etgan edi. Og‘ir paytlar bo‘lgan. Erkin akaning 3 qiz va 1 o‘g‘ili bor”, – deydi Ra’no Vohidova.
Erkin Vohidov ToshDU filologiya fakultetida tahsil olgan. «Yosh gvardiya» va G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, bosh muharrir, direktor, «Yoshlik» jurnali bosh muharriri bo‘lib ishlagan.
Gyotening «Faust» asarini, S.Yeseninning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, alohida kitob holida nashr ettirgan.
Erkin Vohidov dramaturg sifatida «Istanbul fojiasi», «Oltin devor», asarlari muallifidir. Shoirning bir qancha asarlari rus, fransuz, nemis, ingliz, urdu, hind hamda arab tillarida nashr etilgan.
Erkin Vohidov O‘zbekiston Oliy Kengashi deputati, 1995 yildan Oliy Majlisi deputati va Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi bo‘lgan.
Shoir 2016 yil 30 may kuni 80 yoshida og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etgan.
Sarvar Ziyayev,
Jahongir Aliboyev