“O‘zbekistondagi eng zo‘r jarayonlardan biri” - iqtisodchi “Tashabbusli budjet” haqida

Jamiyat 16:41 / 31.03.2023 26465

Men uchun bu loyiha haligacha O‘zbekistonda oxirgi yillarda sodir bo‘lgan eng zo‘r jarayonlardan biri. Bu haqda avvalroq bir necha marotaba yozganman.

Birinchidan, “o‘zbekistonliklar o‘z soliqlari taqsimlanishida, mahalliy saylovlarda va fuqarolik jamiyati qurishga qiziqish bildirmaydilar, biz boshqachamiz, biz unga va bunga tayyor emasmiz” mazmunidagi shablon gaplarni ba’zida eshitamiz. Shu gaplar to‘g‘ri emasligiga dalilni aynan “Tashabbusli budjet” loyihasi ko‘rsatib bermoqda desam ham bo‘ladi. Biroz bo‘lsa ham fuqarolik jamiyati paydo bo‘layotgani, fuqarolar o‘z soliqlari taqsimotida faollashib borayotganlari faqat va faqat yaxshi emasmi?

Ikkinchidan, aslida “Open budget” parlament qilishi kerak bo‘lgan ishni qilyapti. Budjet, soliq to‘lovchilarning pullari taqsimoti aslida, parlamentda xalq vakillari orqali bo‘lishi kerak edi. “Open budget” atrofidagi hozirgi faollik bizga shu jarayon keyingi bosqichda chinakamiga parlamentga ko‘chishiga, tuman, hududlardan saylangan deputatlar o‘z ovoz beruvchilariga nima kerakligini boshqa xalq vakillari oldida bahslashib kelishishlariga, va nihoyat parlament degan institut to‘liq tashkil topishiga umid beradi.

Uchinchidan, erkinlik va rivojlanishning garovi o‘sha oddiy savollarda va unga javob izlashda yotadi: “Soliqlarim qayerga ketyapti, nimalarga sarflanyapti? Nima uchun mening soliqlarim taqsimoti mensiz bo‘lyapti?” Bu savollar sizni o‘ylantirishi kerak, uni berishingiz, javob izlashingiz kerak.

“Tashabbusli budjet”ga qarshi tanqidiy fikrda bo‘lganlar aytadi: “Bu narsa uchun davlat bor-ku, bu loyihalarning barchasi o‘zi qilinishi kerak bo‘lgan ishlar-ku. Biz soliqlarni to‘lab qo‘yganmiz-ku, vazifamizni bajarib qo‘yganmiz-ku, endi davlat o‘z ishini qilsin, axir ular maosh oladilar, ular bunga majbur”. Ha, balki, lekin davlat ota emas, u bizga hamma narsani muhayyo qilib beradigan kuch ham emas. Davlat bu odamlardan alohida tekislikda faoliyat olib boradigan idora, mavhum mashina ham emas, balki shu odamlarning o‘zi tomonidan vaqtincha tayinlangan boshqaruv instituti. U samarali ishlashi uchun unga “checks and balances” kerak, uning kuchi tiyilib, faoliyati nazoratda bo‘lishi lozim. Soliq to‘lovchi o‘z soliqlarini vakillari orqali boshqa soliq to‘lovchining vakillari bilan kelishib-bahslashib taqsimlashlari, uning ijrosi ustidan nazoratda bo‘lishi kerakligini qayta-qayta eslab turishimiz lozim.

To‘rtinchidan, meni quvontirayotgan kuzatuvlardan biri insonlarda “bu bizning pulimiz, davlatniki emas, davlat bizning tumanga, qishloqqa qachon pul ajratarkan, qachon asfalt qilar ekan deb kutib o‘tirguncha, o‘zimiz shuni faolroq bo‘lib qilsak bo‘lar ekan”, degan tushunchalar ko‘paymoqda. Oddiygina raqamlarga ko‘ra, bu mavsumgi loyihada shu damda qariyb 13,4 million o‘zbekistonliklar ovoz beribdi. Juda katta raqam-ku bu.

Endi ovoz berish jarayoniga kelsak.

To‘g‘ri, u mukammal emas, ba’zi texnik muammolari balki bordir, shubhasiz bularni bartaraf etish va jarayonni takomillashtirish kerak. “Open budget”ni tanqid qilayotganlar aynan ovoz berish jarayonidagi muammolar yoki tabiiy vaziyatlarga urg‘u berishyapti.

Birinchi masala, bu bir ovoz uchun moddiy rag‘bat, tovar berish qanchalik o‘rinli? Qarang, o‘tgan yili bir ovoz uchun 1 litr suv taklif qilinayotgan edi, bu yil esa ovoz qiymati ancha oshibdi. Chunki odamlar bilishmoqda, har bir ovozning qiymatini. Lekin ovoz berish vositasi bo‘yicha men unchalik katta xavotirda emasman, istalgan saylovlarda ovoz beruvchining ovozini olish uchun qandaydir ma’naviy rag‘bat, va’da yoki moddiy narsa beriladi, uni qanday qilib bo‘lsa ham qiziqtirish kerak. Istalgan saylovlar shunday o‘tadi. Kimdir mashhur artistlarning Instagram’i orqali, kimdir blogerning kanali orqali, kimdir ko‘chada, bekatlarning yonida ovoz olish kampaniyasini olib bormoqda. Eng muhimi, ovoz beruvchida kimgadir ovoz berish imkoniyati paydo bo‘lyapti. Menda bitta ovoz bor, shartli asfalt qilishga ovoz beraymi, yoki maktab tomini yopishgami degan yaxshi dilemma paydo bo‘lmoqda. Parlamentda ham mana shunday dilemma turadi aslida.

Ikkinchi masala, shartli bir mahalladagi faollar 1 milliardlik loyihani yutib olish uchun aytaylik 100 million pul xarajat qilishdi deylik. Bu xarajat ovoz olishga o‘sha 1 litr suv, yoki boshqa moddiy marketingga ketdi. Ba’zilar “bu narsa g‘irt xato-ku, nima uchun ular avvalambor soliqlarini to‘lab, undan keyin mahallaga asfalt qilish imkoniyatini yutib olish uchun cho‘ntaklardan yana 100 million ishlatishmoqda?” degan savolni berishadi. Gap shundaki, bu mahalladoshlar aynan ratsional va puxta hisob-kitob qilgan holda harakatlanishmoqda deb aytish mumkin. Qarang, mikro darajada odamlar yig‘ilib “cost-benefit” analiz qilib, “break-even point”ni aniqlagan holda loyihaga qo‘l urishgan.

Uchinchi masala bu ovoz yig‘ish jarayonida maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilari va boshqa budjet ishchilari majburiy-ixtiyoriy ravishda qatnashayotgani aytilishi, ko‘chada o‘qituvchilar ovoz olish uchun “yalinib” yurishlari qanchalik to‘g‘ri degan o‘rinli savol berilishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, muammo bu yerda “Open budget”da emas, balki aksincha, “Open budget” boshqa muammoga ishora qilyapti xolos, menimcha. U ham bo‘lsa, o‘sha eski muammo – joylarda majburiy mehnat, buyruqbozlik alomatlari. “Open budget”parlamentning barometri bo‘lgani kabi, boshqa mavjud bo‘lgan muammolarni ham yuzaga chiqarib beryapti.

Mana shu va boshqa ovoz berishdagi ba’zi logistik kamchiliklarni deb fuqarolar o‘z soliqlarining bevosita taqsimlanishida qatnashishni boshlaganliklarini bekor qilishimiz menimcha xato bo‘ladi. Aytaylik, “Open budget” tanqidchilarga yoqmadi va uni bekor qilish kerak deyishmoqda. Alternativa qanday? Status-kvoni qoldirish kerakmi? Hech kim soliqlar taqsimotida qatnashmasin, bunday imkoniyatdan mahrum etilsin va joylarda qayerni asfalt qilish, qayerga ichimlik suv o‘tqazish va qaysi maktab tomini yopishni faqat va faqat davlat qilib berishi kerak edi-ku deb, yillar davomida kutish kerakmi?

Botir Qobilov,
iqtisodchi, Harvard universiteti doktoranti

Ko‘proq yangiliklar: