Demokratiya uchun sammitning maqsadi nima? O‘zbekiston qachon qatnasha oladi?

O‘zbekiston 16:06 / 31.03.2023 10054

28-30 mart kunlari “Demokratiya uchun Sammit” bo‘lib o‘tdi. Sammit ishida 120 ta davlat rahbarlari onlayn ishtirok etishdi. Sammitga AQSh prezidenti Jo Bayden va davlat kotibi Entoni Blinken mezbonlik qildi.

Bu – Demokratiya uchun sammitning ikkinchi chaqirilishi hisoblanadi. Birinchi sammit 2021 yilning dekabrida bo‘lib o‘tgandi. Unga ham yuzdan ortiq davlat rahbarlari taklif qilingan edi.

Bu safargi sammitga ham Turkiya, Vengriya taklif qilinmagan. Pokiston esa, taklif qilinsa-da, ishtirok etmagan. Post-sovet hududidan bu sammitga Boltiqbo‘yi respublikalari, ya’ni Latviya, Litva, Estoniya, Kavkazdan Armaniston va Gruziya hamda Ukraina taklif qilingan. Markaziy Osiyodan, hech kim taklif qilinmagan.

Demokratiya uchun sammit – Baydenning xalqaro siyosat borasidagi eng yirik loyihalaridan biri hisoblanadi. Unga qadar, AQSh prezidentlari bo‘lmish Klinton, Bush, Obama yoki Tramplar bu kabi demokratik forumlar chaqirishmagan edi.

Baydenning pozitsiyasi shundayki, dunyoda avtoritar davlatlarning soni va ular o‘rtasidagi koalitsiyalar ko‘payib, mustahkamlanib boryapti. Shuning uchun AQSh va boshqa demokratik davlatlar dunyoda avtoritarizmga qarshi birlashgan holda kurashishlari kerak bo‘ladi.

Bu safargi Demokratiya uchun sammitda, Bayden ma’muriyati 700 million dollarga yaqin mablag‘ ajratgan. Ushbu mablag‘lar korrupsiyaga qarshi kurashish, hukumatlarni yanada demokratlashtirish, demokratik institutlar va jarayonlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sarflanishi kerak.

Xo‘sh, nima uchun sobiq SSSR va sotsialistik lager qulaganidan 30 yil o‘tib, AQSh yana demokratiya haqida gapirib boshladi? Ittifoq qulagach, AQSh va g‘arb davlatlari “tarix tugadi”, ya’ni “g‘oyalar kurashida liberal-demokratiya to‘liq g‘alaba qildi”, “demokratiyaga qarshi chiqa oladigan mafkura yoki g‘oya qolmadi” deyishdi. Xalqaro siyosatda inson huquqlari va demokratiya instrumentlashib, bosim vositasi sifatida ishlatila bordi.

Oradan uch o‘n yillik o‘tib, dunyoda yangi vaziyat shakllandi. Xitoy Xalq Respublikasining misli ko‘rilmagan darajadagi iqtisodiy o‘sishi, Pekin diplomatiyasining ancha vazminligi, “Xitoyning avtoritar modeli – ancha samarali” degan qarashlarni kuchaytirdi. Shu fonda, AQShning o‘zi ko‘plab jiddiy strategik xatolar qildi. Iroqda ommaviy qirg‘in quroli yo‘q ekan, lekin bu davlatga bostirib kirdi va vaziyatni izdan chiqardi.

Afg‘onistonga 2001 yilda kirib, o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni to‘liq bajara olmasdan, 2021 yilda chiqib ketdi. Musulmon dunyosida AQSh va demokratiyaga nisbatan ishonchsizlikning asosiy sabablaridan biri, bu – Vashington tomonidan Isroilning bir yoqlama qo‘llab-quvvatlanishi va Falastinga nisbatan tarixiy adolatsizlik bo‘ldi.

Bugun dunyodagi yirik avtoritar davlatlar o‘zaro hamkorlik ittifoqlarini tuzish jarayoni ketmoqda. XXR, Rossiya, Eron va boshqa aksilg‘arb avtoritar davlatlar o‘zaro muvofiqlashuvini oshirmoqda.

Vashington yaxshi tushunadiki, 21-asrning eng katta kurashi, bu AQSh va XXR o‘rtasida kechadi. Bu kurashning zamirida esa, oddiy va tushunarli obrazlar, g‘oyalar turadi. Shuning uchun ham Vashington xuddi sovuq urush davridagi kabi insonlar uchun universal bo‘lgan qadriyatlarga, ya’ni erkinlik, huquqiy davlatchilik, demokratiya, inson huquqlari va qadr-qimmati g‘oyalariga murojaat qilmoqda.

Demokratiya uchun sammitga Markaziy Osiyodan biron bir davlat taklif qilinmagan. Agar qachondir O‘zbekiston bu sammitga taklif qilinsa, bu rasmiy Toshkentning muhim tarixiy yutug‘i hisoblanar edi. Hozircha, mintaqadagi barcha davlatlar kabi, O‘zbekiston ham avtoritar deb tan olinadi. Aslida, ikki yirik avtoritar davlatlar bo‘lmish XXR va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida joylashgan MO mintaqasi, xususan O‘zbekiston uchun, o‘zlikni saqlab qolish, iqtisodiy rivojlanish va siyosiy mustaqillikni himoya qilish borasida, aynan demokratik mexanizmlar o‘ta zarur hisoblanadi.

MO davlatlarining qudratli davlatlar tomonidan yutilmaslik uchun ham, xalq, jamiyat va har bir insonda to‘liq erkinliklar bo‘lishi kerakki, bu erkinliklar o‘zlikni saqlashga va kuchli bo‘lishga yordam beradi.

Globallashgan dunyoda O‘zbekistonning yashovchanligini ta’minlovchi yagona yo‘l – bu kuchli vatandoshlik jamiyatiga asoslangan huquqiy, demokratik davlat bo‘lishdir. Boshqacha qilib aytganda, O‘zbekiston albatta Demokratiya uchun sammitda ishtirok etishi kerak. Qancha tez bo‘lsa, shuncha yaxshi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Ko‘proq yangiliklar: