Shahardagi turli bog‘ va xiyobonlarga yashillik yugurgan. Bu manzara ayniqsa, Toshkentdagi anhorlar bo‘yida ko‘proq ko‘zga tashlanadi.
Manzarali daraxtlar va suv bag‘rida dam olish kayfiyatni ko‘taradi. Biroq bu yerlarga tashlab ketilgan chiqindilar dilni xira qiladi. Obodonlashtirish xodimlari har soatda aylanib, shaharni har qancha toza tutishga urinmasin, aholi tashlab ketayotgan chiqindilar tugay demaydi. Quyidagi suratlar ichki sayyohlar tabiatni qay ko‘yga solganini yaxshiroq his qilish uchun yordam beradi.
Bahor darakchilaridan bo‘lgan momaqaymoq va turli gullar ustiga irg‘itib ketilgan turli yegulik qadoqlari esa poytaxt aholisi va mehmonlarida tabiat bilan to‘g‘ri munosabat o‘rnatishda muammolar kichik emasligini ko‘rsatadi.
Shaharda daraxtlar kesilishi bilan birga, suvli hududlar ham kamaygani bor gap. Milliy bog‘ning eski hududida joylashgan sun’iy ko‘lning quritilgani bunga misol. Biroq mavjud suvli hududlarga ham yetarlicha hurmat ko‘rsatilmayapti.
Shu narsani alohida ta’kidlash kerak, shaharda tashlash uchun yetarlicha chiqindi idishlari yo‘q. Bu muammoni Kun.uz o‘zining ekologik madaniyatga bag‘ishlangan turkum maqolalarida ham yoritib keladi. So‘nggi vaqtda poytaxt bo‘ylab chiqindi idishlari ko‘paygan, lekin bu ham kerakli samarani bermayapti.
O‘tloqlarda turli yegulik chiqindilari bilan bir qatorda, bir martalik idishlar ko‘p uchraydi. Ularning aksari bir martalik choy yoki qahva yelim stakanlaridir.
Albatta, bu suratlar poytaxt aholisi va mehmonlarining barchasini madaniyatsizga chiqarib qo‘ymaydi. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmasligi ham haqiqat. So‘nggi vaqtda tabiatni asrashga undovchi ekofaollar ham ko‘paydi. Buni tabiatni asrashga targ‘ib qilingan yozuvlar ko‘payganidan ham sezish mumkin.
Yangihayot tumani O‘zar mahallasidagi ko‘p qavatli uylar
Suratlar 2023 yilning 28 mart kuni Toshkent shahrining turli tumanlaridan olingan.
Zuhra Abduhalimova, Kun.uz muxbiri