“Aql bovar qilmas arzon tovarlar” – Telegram’da firibgarlarning yangi nayrangi avj oldi 

O‘zbekiston 11:54 / 31.03.2023 31122

“Kelib qoling, olib qoling – arzon tovarlar” 

Shu kunlarda aksar telegram foydalanuvchilari “Musodara tovarlar” yoki “Uzum Market” nomli guruhlarga qo‘shilib qolyapti.  

“Musodara tovarlar” nomli guruhlar bitta emas, bir nechta. Ularning adminlari guruhga bojxonada musodara qilingan tovarlarni arzon narxlarda sotayotganini e’lon qilgan. Guruhdagi narxlar aql bovar qilmas darajada arzon. Suvtekin tovarlar, asosan, idish-tovoqlar yoki maishiy texnika kabi mahsulotlar ekanini ko‘rish mumkin.  

Foto: Kollaj: Kun.uz 

Guruhda yozish cheklangan va buyurtma uchun 50 ta odam qo‘shish kerak bo‘ladi. (ayrimlarida 80-100ta). Arzon tovarlarga uchgan odamlar guruhga kuniga yuzlab kontaktlarni qo‘shishadi. Lekin shunda ham guruhga yozib bo‘lmaydi – ellikta kontakt qo‘shasizmi, yuztami, bot yana bir nechta a’zo qo‘shishingiz kerakligi haqida xabar yuboradi. 

Guruhga yozib, buyurtma bergan taqdiringizda ham, bu tovarlar yetib kelmaydi. Chunki ularning o‘zi yo‘q.

Foto: Kollaj: Kun.uz 

Kun.uz bilan suhbatda telegram foydalanuvchisi Nuriddin Nursaidov o‘zi bilan sodir bo‘lgan holat haqida gapirib berdi. 

“Telegramga kimdir “Uzum Market” degan guruhga qo‘shdi. Tepani ko‘rib chiqdim. Qimmat tovarlar arzon narxlarda qo‘yib tashlangan. Adminlar “bankrot bo‘lgan korxonalarning tovarlarini arzon sotyapmiz” deb e’lon qo‘ygan. Guruhga yozib bo‘lmasdi. Yozishga urinsangiz, “buyurtma uchun guruhga 86ta odam qo‘shing” degan xabar chiqadi. Guruh a’zolari tinimsiz odam qo‘shayotgandi. Kuzatdim. Bir-ikki kundan keyin a’zolari 100ga yaqinlashgach, guruh nomi o‘zgargan. Yozishmalar, e’lonlar o‘chirilgan”, – deydi u.  

Foto: Kollaj: Kun.uz 

Darvoqe, firibgarlar “Uzum Market” marketpleysi nomidan foydalanishyapti. Bunday aldovlarga uchmaslik uchun rasmiy manbalarga tayanish kerak. Kompaniyaning rasmiy sayti bor, unda rasmiy telegram kanaliga havola berilgan.  

Bunday guruhlarni ochishdan maqsad unga minglab a’zolar to‘plash va uni sotish ortidan mo‘may daromad topish. Buyurtma qilingan arzon tovarlar hech qachon kelmaydi. Aksincha, nomaqbul guruhga qo‘shganingiz uchun boshqa foydalanuvchilar ustingizdan telegramga “report” (shikoyat) yuboradi va qarabsizki, bir necha kun qora ro‘yxatga tushasiz. 

“Musodara tovarlar” va “Uzum market” nomli guruhlar e’lonlari esa bir kundan keyin o‘chib ketadi. Yuz mingga yaqin a’zo yig‘ilgach, guruh nomi ham, statusi ham o‘zgaradi. 

Foto: Kollaj: Kun.uz 

Jurnalist Aziza Qurbonova shunday guruhlardan bir necha bor chiqib ketganini aytadi. 

“Ular odam yig‘ib oladi-da, ozgina vaqt o‘tgach kanal nomini o‘zgartirib, “juftakni rostlaydi”. Keyin reklamalar beriladigan oldi-qochdi kanallardan biriga aylanadi. Odamlar laqqa tushib, orzularga berilib 1 mln so‘mga avtomat kir mashina bor deb kutadi”, – deydi u. 

Katta ehtimol bilan so‘nggi paytlarda “Musodara tovarlar” va “Uzum Market” kabi feyk guruhlar ochayotgan odam yoki jamoa bitta. Chunki ular bir-biridagi e’lonlarni ulashib turadi. 

Foto: Kollaj: Kun.uz 

Musodara qilingan tovarlar qanday sotiladi? 

Holat yuzasidan Kun.uz’ga izoh bergan Bojxona qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Ikrom Samiyev haqiqatan musodara tovarlarni arzon sotish bilan aldaydigan kanallar ochilayotganini tasdiqladi. 

Qo‘mita mas’uli musodara qilingan tovarlarning sotilish tartibini tushuntirdi.

Vazirlar Mahkamasining 200-sonli qaroriga muvofiq, davlat daromadiga olib qo‘yilgan mol-mulkni olib qo‘yish, saqlash va yo‘q qilish tartibi belgilangan. Mazkur qaror bilan bojxona organlari tomonidan aniqlangan huquqbuzarlik ashyolari, musodara tovarlar “Bojxona-servis” davlat muassasasi tomonidan saqlanadi. Tovarlar sud qarori bilan davlat egaligiga o‘tkazilganidan keyin majburiy ijro byurosi “Bojxona servis”ga sotish uchun beradi. Bojxona servis sud qarorida ko‘rsatilgan narxlarda tovarlarni sotadi. 

Hozirda tashkilotning hududiy bo‘limlari faoliyat yuritadi. Bizga “Bojxona-servis”ning hududiy bo‘limlari haqiqatan ham ularning nomidan foydalanib, soxta guruhlar ochilayotganini ma’lum qildi. Ammo “Bojxona servis” hech qachon guruhlarga odam qo‘shishni talab qilib, tovar sotmaydi”, – dedi Ikrom Samiyev.

Madina Ochilova tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: