248 kishiga avtomashina va’da qilib, ularni 12 mlrd so‘mga chuv tushirgan firibgarlarga hukm chiqarildi

O‘zbekiston 13:41 / 31.03.2023 69033

Toshkentda 248 nafar fuqaroga avtomashina olib berishni va’da qilib, 12 mlrd so‘m olgan UzAvto Premium va Avto A’lo Group MT kompaniyalari rahbarlariga nisbatan sud hukmi o‘qildi. So‘nggi sud majlisi panjara ortidagi ayblanuvchilar va jabrlanuvchilar o‘rtasidagi janjalga aylanib ketdi.

Salkam bir yil davom etgan sud jarayonida jabrlanuvchilar UzAvto Premium va Avto A’lo Group MT kompaniyalari ularga qisqa muddatda Cobalt, Nexia-3, Gentra, Malibu va Isuzu avtomobillarini yetkazib berishni va’da qilishgani, biroq oradan ikki yil o‘tsa hamki, va’dasini bajarmaganini bildirishgan.

Sud majlisidan tayyorlangan Sevimli telekanalining Zamon dasturi reportajida ayblanuvchilar va jabrlanuvchilarning sud binosidagi uchrashuvi katta janjalga aylanib ketganini ko‘rish mumkin.

Telereportajda sud jarayonida fuqarolarning aldanishiga sababchi bo‘lgan kompaniyalardan birida menejyer bo‘lib ishlagan ayblanuvchilardan biri maxsus saqlanish xonasining panjaralariga o‘zini urib, baqirgani, u hattoki o‘zini tinchlantirmoqchi bo‘lgan xodimlarga ham bo‘ysunmagani, bu vaqtda bir qancha jabrlanuvchilar unga yaqinlashishga urinishgani, ammo huquq-tartibot xodimlari bunga imkon berishmagani ko‘rinadi.

“Mashinalarimiz bor. Ikki haftada olib chiqib beramiz deb va’da berishgandi. Lekin hali hech birimiz mashina olganimiz yo‘q”, deydi jabrlanuvchilardan biri.

Qayd etilishicha, mijozlar pulni bank orqali kompaniya hisobiga o‘tkazishgan. Sudlanuvchilar pullarni kompaniyaning korporativ kartasi orqali naqdlashtirib olishgan. Aholidan kredit evaziga beriladigan avtomobillarning boshlang‘ich to‘lovi sifatida pullarni yig‘ib olgach, kompaniya vakillari dom-daraksiz g‘oyib bo‘lishadi.

Sud hukmi bilan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “a,v” bandlari, 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a,b” bandlari va 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan UzAvto Premium kompaniyasining 29 yoshli rahbari 9 yil 6 oyga, shunga o‘xshash moddalar bo‘yicha ayblangan 26 yoshli yigit 9 yilga qamaldi.

Xuddi shu moddalar hamda 277-modda (Bezorilik) 2-qismi «a,b» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan Avto A’lo Group kompaniyasining 27 yoshdagi rahbari 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

30 yoshli sudlanuvchi ayol esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “v” bandi va 228-moddasi 2-qismi “a,b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, sud ayblanuvchilardan 232 nafar jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni solidar tartibda undirish haqida ham qaror chiqardi.

Sud zalida tomosha ko‘rsatgan 5 nafar jabrlanuvchi hokimiyat vakillariga qarshilik ko‘rsatganliklari uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Ko‘proq yangiliklar: