2023 yilda O‘zbekistonda oyliklar va pensiyalarni ikki marotaba oshirishga qaror qilingan. Bu haqda Kun.uz'ga Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo‘jayev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yil uchun tasdiqlangan Davlat budjeti parametrlarida pensiyalarni 1 iyundan 12 foizga, ish haqini 1 oktyabrdan 10 foizga bir marotaba oshirish maqsadida 6,7 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan edi.
Jahon bozorida oltin va mis narxining prognozga nisbatan yuqori bo‘lishi (qo‘shimcha 4,5 trln so‘m) hamda bojxona tushumlarining oshishi (qo‘shimcha 3 trln so‘m) hisobiga, Davlat budjeti parametrlarida ko‘zda tutilganiga nisbatan, ish haqi, pensiya va nafaqalarni qo‘shimcha yana bir marotaba oshirishga qaror qilingan.
Xususan:
- 1-bosqichda pensiya va nafaqalar 1 apreldan, maoshlar 1 maydan – 7 foizga (qo‘shimcha xarajat 2,2 trln so‘m);
- 2-bosqichda 1 sentabrdan – 10 foizga (yana 5,6 trln so‘m) oshiriladi.
“Buning natijasida, misol uchun, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani 30-son maktabning katta sinf o‘qituvchisining oyligi 4,2 mln so‘mdan may oyida 4,5 mln so‘mgacha (sentabrdan 4,9 mln so‘mgacha), Kogon tuman tibbiyot birlashmasining shifokor-laborantining maoshi 3 mln so‘mdan 3,2 mln so‘mgacha (sentabrdan 3,6 mln so‘mgacha), Andijon shahar tibbiyot birlashmasi katta hamshirasining oyligi 2,7 mln so‘mdan 2,9 mln so‘mgacha (sentabrdan 3,2 mln so‘mgacha) oshadi.
Bunda, ish haqi va pensiyalarning birinchi bosqichda oshirilishi qo‘shimcha tushumlar hisobiga qoplanadi.
Ish haqi va pensiyalar miqdorlari ikki marotaba oshirilishi hisobiga joriy yilda ularning miqdorlarining o‘sishi 17,7 foizni tashkil etadi (avval ko‘zda tutilgan miqdor: 10-12 foiz).
Natijada, ish haqi, pensiya va nafaqalar oshishi prognoz qilinayotgan inflatsiyadan (10 foiz atrofida) ancha yuqori bo‘lishi kutilmoqda”, – dedi Umid Obidxo‘jayev.
Ma’lum qilinishicha, bu tadbirlardan 6,5 mln fuqaro manfaat ko‘radi (4,4 mln nafar pensiya va nafaqa oluvchilar hamda 2,1 mln nafar ishchilar).
Bazaviy hisoblash miqdori bosqichma-bosqich oshirilmoqda. Bu nima uchun ahamiyatli?
Bazaviy hisoblash miqdori 1 maydan 300 ming so‘mdan 330 ming so‘mgacha oshirildi. Umid Obidxo‘jayevning aytishicha, bunda bir qator jihatlar hisobga olingan.
“Bazaviy hisoblash miqdori 2021 yildan boshlab, har yili davlat budjetini shakllantirishda o‘rtacha 20-30 ming so‘mga oshirib kelinmoqda.
Shuningdek, bazaviy hisoblash miqdori hozirgi kunda 2019 yil 1 sentabrga nisbatan 1,48 baravarga oshgan bo‘lsa, ushbu davrda eng kam oylik ish haqining miqdori 1,54 baravarga oshirildi (2020 yilda bazaviy hisoblash miqdori oshirilmagan, eng kam oylik ish haqi 7 foizga oshgan).
Umuman olganda, bazaviy hisoblash miqdori oshirilishi birinchi navbatda aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga ajratiladigan budjet subsidiyalari va oylik ish haqiga qo‘shimcha to‘lovlar miqdorlari oshishiga xizmat qiladi. Masalan: 2023 yil 1 maydan boshlab, oilaviy bolalar uylariga olingan 781 nafar yetim bolalar uchun to‘lanadigan to‘lov miqdori 1,6 mln so‘mdan 1,8 mln so‘mga oshiriladi va yil yakuniga qadar ushbu xarajatlarga qo‘shimcha 1 mlrd so‘m ajratiladi.
Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi (100 mlrd so‘m), Jamoat ishlari jamg‘armasi (14 mlrd so‘m), Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi (97 mlrd so‘m), Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi (250 mlrd so‘m) hamda «Temir», «Ayollar» «Yoshlar» va «Mehr» daftarlariga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratiladigan subsidiyalar bazaviy hisoblash miqdoriga bog‘langan holda to‘lanishi hisobiga 2023 yilda 700 mlrd so‘m (qo‘shimcha xarajat 40 mlrd so‘m) aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga to‘lab beriladi”, – deya ma’lum qildi PMTI rahbari.
BHMning oshirilishi ma’muriy jarimalar va davlat bojlariga qanday ta’sir qiladi?
Joriy yil 23 martdagi “Aholiga ma’muriy jarimalarni to‘lashda qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda sohada korrupsion omillarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga asosan, 2023 yil 1 maydan boshlab, fuqarolarning 372 turdagi huquqbuzarligi uchun jarimalar ixtiyoriy ravishda to‘langanda, joriy yilning 1 aprel holatiga nisbatan 20 foizga kam to‘lanadi.
Misol uchun, transport vositalarini boshqarishda xavfsizlik kamaridan foydalanmaganlik yoki to‘xtash chizig‘ini bosganlik uchun jarima miqdori 15 kun ichida ixtiyoriy ravishda to‘langanda 105 ming so‘mdan 82 ming so‘mga tushirildi. Bunda, jarimalar ixtiyoriy ravishda to‘langanda 30 foizlik chegirma 50 foizga oshirilgan.
Qolaversa, Umid Obidxo‘jayevning qayd etishicha, jarima bu soliq turi emas, faqat qoidabuzarlarga tegishli bo‘lgan qonunbuzilishi uchun to‘lanadigan to‘lov. Qoida buzmaslik va qonunlarga rioya qilish, jarimalar muammosini istisno qiladi.
“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonuniga asosan, 2022 yil 7 dekabrdan boshlab (misol uchun “Sobalt”) avtotransport vositasini boshqa shaxsga sotishda notarial harakatlar va ichki ishlar organida ro‘yxatga qo‘yish uchun to‘lovlar 6,1 mln so‘mdan 2,6 mln so‘mga yoki 57 foizga (fuqaro ixtiyorida 3,5 mln so‘m qoladi) tushirildi. Natijada aholi ixtiyorida yillik 83 mlrd so‘m qoladi.
Shuningdek, ushbu qonunga ko‘ra uy-joylarni boshqa shaxsga sotishdagi notarial harakatlar uchun to‘lovlar qat’iy miqdorda, ya’ni Toshkent shahri va viloyat markazlarida 300 ming so‘m (avval 900 ming so‘mgacha), boshqa hududlarda 150 ming so‘m (avval 450 ming so‘mgacha) etib belgilandi. Bunda, yillik 322 mingta oldi-sotdi shartnomalari uchun aholi ixtiyorida 7,5 mlrd so‘m qoladi.
Bundan tashqari, avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi ishonchnomalarini tasdiqlash (yillik 493 mingta notarial harakat, iqtisod qilingan mablag‘ 116 mlrd so‘m), mol-mulklarni ijaraga berish shartnomalarini tasdiqlash (yillik 88 mingta notarial harakat, iqtisod qilingan mablag‘ 12 mlrd so‘m) uchun notarius harakatlar uchun to‘lovlar o‘rtacha 2 baravarga tushirildi”, – dedi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori.
Uning qo‘shimcha qilishicha, soliq stavkalari, oliy va o‘rta ta’lim kontraktlari, bog‘chalardagi to‘lovlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar to‘laydigan qat’iy belgilangan soliq, bojxona bojlari bazaviy hisoblash miqdoriga bog‘lanmagan va BHMning oshishi ularga ta’sir qilmaydi.