Ukrainani sotib olib bo‘ladimi: Simonyanning taklifi ortida nima turibdi?

Jahon 16:30 / 30.03.2023 38308

Propagandachi Vladimir Solovyovning navbatdagi shousida Margarita Simonyan ayni paytda g‘arb davlatlari tomonidan muzlatib qo‘yilgan 300 mlrd dollardan ziyod pul evaziga Rossiya ayni damda bosib olgan Ukraina hududlarini «sotib olish» g‘oyasini ilgari surdi. Bu, albatta, aqlga sig‘maydigan ish. O‘ziga tegishli bo‘lmagan pulga (buni Simonyanning o‘zi ham tan oldi: «pullarni endi bizga hech qachon qaytarib berishmaydi baribir») nimanidir sotib olishni taklif qilishning o‘zi asburd. Buni Putin elitasining yana bir kollektiv telbaligi namunasi deyish ham mumkin edi, lekin bu holatda gap boshqa yerda, deb yozadi jurnalist, tarixchi, siyosatshunoslik fanlari nomzodi Aleksandr Jyelenin.

Rossiyaning asosiy davlat propaganda telekanallari rahbari «maxsus harbiy amaliyot» mavzusida davlatning eng asosiy ikki telekanalidan birida o‘zining bevosita rahbari Vladimir Putindan ruxsat so‘ramasdan, hech qachon o‘zicha churq eta olmaydi. Tabiiyki, ichki auditoriya uchun bu g‘oya «Rossiyada yashashni istayotgan rus kishilari» haqida qayg‘urayotgan Simonyanning shaxsiy tashabbusi sifatida singdiriladi. Aslida, bu Ukrainada bunday istiqbolga qiziqish bildirilishi mumkinligini sinab ko‘rish maqsadida informatsion «suyak itqitish»dir. Tabiiyki, bu ish sodir bo‘lmaydi.

Birinchidan, 300 mlrd dollar shundoq ham Kiyevning cho‘ntagida. Ikkinchidan, Ukraina o‘z kuchiga, o‘z haqiqatiga ishonadi. Uning haqiqati oddiy va ravshan: unga hujum qilishdi, o‘n minglab fuqarolarini o‘ldirishdi, yuzlab shahar, qishloq, sanoat va fuqarolik infratuzilma obektlarini vayron qilishdi. Endi nima bo‘ladi? Ukrainlarning qoni to‘kilgan bu tuproqlar shundoq berib yuborilaveradimi? Nimaning evaziga? Shundoq ham Ukraina iqtisodiyoti va infratuzilmasini tiklash uchun ishlatiladigan pullar evazigami?

Vatan uchun jang qilayotgan Ukraina qurolli kuchlarining yuz minglab askarlari uchun bunday qadam sotqinlik bilan teng bo‘lardi. Tabiiyki, ularning bosh qo‘mondoni, bir yil ozodlik urushi davrida milliy yetakchilikning eng yaxshi sifatlari — qattiqqo‘lllik, qat’iyatlilik, jasurlikni namoyish etgan prezident Volodimir Zelenskiy Ukraina armiyasining hal qiluvchi qarshi hujumi tayyorlanayotgan bir pallada shu narsaga rozi bo‘larmidi? Aslo!

Solovyov, Simonyan, Skabeyeva kabilarning turli shoularini yutoqib tomosha qiladigan Rossiya TV auditoriyasi fikrlab ko‘rishi kerakki, agar Rossiya normal faoliyat ko‘rsata oladigan hukumatga ega bo‘lganida 300 mlrd dollarlik ulkan mablag‘, bunga qo‘shimcha o‘nlab trillion rubl o‘limlik pullari Rossiya fuqarolarining farovonligi va salomatligi uchun ishlatilgan bo‘lardi. O‘lim va vayrongarchiliklar uchun emas. Biroq, tarixdan ko‘plab misollar ko‘rsatib turibdiki, o‘rtacha odamlar uchun eng ravshan va yuzada turgan xulosalarni ham hazm qilish og‘ir kechadi. Aqldan ozdirar darajadagi fitna nazariyalari, tumtaraqay ssenariylarga ishonish ular uchun osonroq.

Simonyan tomonidan tilga olingan «ezgu niyat qadamlari»ga qaytilsa, u Putin tomonidan Ukrainadagi urushda g‘alaba qozonib bo‘lmasligi fakti tan olinganini ko‘rsatuvchi yaqqol dalildir.

Putin, allaqachon Ilya Ilf va Yevgeniy Petrovning mashhur qahramoni Panikovskiyni eslatadi. Panikovskiy o‘z gumashtasi Shura Balaganovni xufiyona millioner Koreykoning bir pudli polvontoshlarini «ular oltindan yasalgan» deya kallasiga quyib, o‘g‘irlashga undaydi. Panikovskiy o‘z xatosini birinchi bo‘lib anglab yetadi, o‘zini nimalar kutayotganini tushunib, qo‘lidagi temir arra bilan polvontoshni arralashda davom etib, Balaganovga ham dalda beradi: «arralang, Shura, arralang, ular oltindan yasalgan…»

Putin ham hozir juda ko‘p narsalarni inersiya bo‘yicha qilmoqda — yuzlab, minglab yangi askarlarini frontga tashlamoqda, Ukraina shaharlariga qasos ilinjida va bema’nilarcha raketalar yog‘dirmoqda: balkim o‘xshab qolar, degan istiqboli noaniq ishonch bilan. Lekin u bir yildan so‘ng 2024 yilning aprelida o‘zining umrbod hukmronligini yana bir bor cho‘zdirib olishi kerakligini unutmagan. Yurist ma’lumotiga ega bo‘lgan Putin formal legitimlikka katta e’tibor beradi.

Buning uchun unga g‘alaba suv va havodek, imkon qadar tezroq kerak. G‘alabaning bahosi uchun u bahslashib ham o‘tirmaydi. Albatta, u yuz minglab rus askarlari murdasi bilan Ukraina xandaqlarini to‘ldirishda davom etishga tayyor, bunga shak-shubha bo‘lmasligi kerak. Biroq, u hozir bu ishni cheksiz qila olmasligini anglab yetgan. Unda chegara bor — Rossiya jamiyatida ham bunday chegara mavjud. Sanksiyalar va urush tufayli iqtisodiy samarani ham unutmaslik kerak. 2023 yilning dastlabki ikki oyida Rossiya Federatsiyasi budjeti taqchilligi allaqachon rejalangan yillik ko‘rsatkichga yetgan. Uning tizimining mustahkamlik chegarasi tez orada va kutilmaganda yetib kelishi mumkin. Aytaylik, prezidentlik saylovlaridan ancha oldin yoki saylovdan keyinoq.

Shu sababli, Putin Simonyanning og‘zi bilan Ukrainaga o‘ziga tegishli bo‘lmagan pul ko‘rinishidagi beo‘xshov va maza-matrasiz «shirinkulcha» taklif qilmoqda. Simonyan (ya’ni Putin) bir paytlar Rossiyaga tegishli bo‘lgan bu yuzlab milliard dollar pullarni «reparatsiya» deb atashiga ham rozi, garchi yaqindagina bu so‘z ularni quyushqondan chiqarar edi.

Tabiiyki, Putinning «qamchi»si ham doim tayyor va odatdagidek, u «shirinkulcha» bilan bir vaqtda ishlatilishi ham mumkin. Ukraina shaharlariga raketa zarbalaridan tashqari, Putin «qamchi»si Belarusda joylashtirilgan yadroviy qurolni ham nazarda tutadi. Ukrainaga Belarus hududidan turib yadroviy zarba berish — Kreml tomonidan jiddiy o‘ylab ko‘rilayotgan variant bo‘lib turibdi. Lekin, Putin bu ishdan so‘ng uning uchun ortga yo‘l qolmasligini anglab turganiga shak-shubha yo‘q. Shuning uchun mana shunday axboriy «suyak itqitishlar» bilan u o‘zi uchun u yoki bu darajada maqbul chekinish yo‘llarini qidirmoqda.

Ukrainaning bosib olingan hududlarini «sotib olish» taklifi «maxsus harbiy amaliyot» bilan bog‘liq kechmishni ortga qaytarish, urushni nima qilib bo‘lsa-da yakunlash, Rossiya OAVidan harbiy mavzuni olib tashlash, tinchgina «legitim» saylovlarni o‘tkazib olish va yana imkon qadar uzoqroq va bir necha yil baxtiyorlik bilan hukmronlik qilishga urinishdan boshqa narsa emas.

Ko‘proq yangiliklar: