Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi muammolar va hudud imkoniyatlariga to‘xtaldi

O‘zbekiston 14:32 / 30.03.2023 9952

Kegeyli tumanida bo‘lib o‘tayotgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda bog‘cha, maktab, yo‘l, suv, elektr, oziq-ovqat ta’minotidagi kamchiliklarni ma’lum qildi. Shuning barobarida hududdagi imkoniyatlarga ham to‘xtalib, muammolarga yechimlarni sanab berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Prezidentga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida:

- 4 ta mahallada bog‘cha yo‘q, 51 ta maktabda o‘quvchilar soni me’yordan 2 baravar ko‘p;
- 208 ta mahallada ichimlik suvi ta’minoti yaxshi emas, qamrov 68 foiz;
- 120 kilometr magistral hamda eng serqatnov 600 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash kerak;
- 2023 yilda 100 million kilovatt soat elektr taqchilligi kutilmoqda. Yillik ehtiyoj esa 2 milliard kilovatt.

Respublikada 168 ming tonna kartoshka, 48 ming tonna mol va parranda go‘shti, 90 million dona tuxum tanqisligi mavjud. 

Hududdagi mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib prezident: “11 ta klaster va 15 ta yirik korxonalar tomonidan 6 ming kasanachini jalb qilsa bo‘ladi. Hokim yordamchilari tayyorlagan 700 ta loyiha hisobiga, 2 ming aholini band qilish zarur. Bunga oilaviy tadbirkorlik dasturida 950 milliard so‘m imtiyozli kredit, 34 milliard so‘m subsidiya ajratiladi. 48 ta noruda konlarga, ayniqsa, Qorao‘zak, Taxtako‘pir, Bo‘zatov va Mo‘ynoqdagi 11 ta istiqbolli maydonga sanoat olib kelinadi”, dedi.

Shavkat Mirziyoyev mas’ullarga yil yakuniga qadar tumanlarda 3 tadan katta sanoat loyihasini amalga oshirish, aholiga dehqonchilik qilishga beriladigan yerlarda chorvaga ozuqa yetishtirish uchun hozirgi 2 gektarlik maydonni 5 gektargacha kengaytirish, meva-sabzavotchilik va chorvachilik loyihalariga 10 million dollar yo‘naltirish, 1 oktyabrga qadar Bo‘ston kanalini betonlash ishini yakunlab, 100 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash topshirig‘ini yukladi.
 
Shuningdek, ijtimoiy yo‘nalishlarda:

- Amudaryo, Bo‘zatov, Chimboy, Ellikqal’a, Qonliko‘l, Kegeyli, Taxiatosh, Qorao‘zak, Xo‘jaylida yil yakunigacha 1 tadan 100-150 o‘rinli bog‘cha davlat hisobidan qurib beriladi;
- barcha maktablar va shifoxonalarni ta’mirlashga, shu jumladan, issiqlik ta’minotini qilib berishga (50 milliard so‘m) qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi;
- 1 maydan “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beynov” yo‘lining Ellikqal’a, To‘rtko‘l, Beruniy hududidan o‘tgan 25 kilometrini rekonstruksiya qilish boshlanadi;
- yil yakunigacha 92 kilometrini ta’mirlash uchun loyihalash va mablag‘ jalb qilish ishlari oxiriga yetkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: