Video: Missisipidagi halokatli tornado shaharni yer bilan bitta qildi

Jahon 12:50 / 27.03.2023 23442

Missisipi shtati hukumati favqulodda holat rejimini joriy etdi, omon qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda.

Missisipi shtati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vayronalar tozalangani sari qurbonlar va jabrlanganlar soni o‘sib borishidan ogohlantirgan.

Tabiiy ofatdan kichik shaharchalar va qishloqlar eng ko‘p zarar ko‘rgan. Bunday joylarda daraxtlar qulagan, elektr uzatish liniyalari uzilgan, o‘n minglab uylar elektr ta’minotisiz qolgan.

Kuchli yog‘ingarchilik davomida Missisipining janubiy hududlariga golf to‘pi hajmida do‘l tushgan.

Sharki okrugi g‘arbida joylashgan va ikki ming kishi istiqomat qilgan Rolling-Fork shaharchasi deyarli to‘liq yer bilan bitta bo‘lgan.

«Men hayotimda bunaqasini ko‘rmaganman. Bu ajoyib kichik shaharcha edi, endi esa u yo‘q», degan CNN muxbiriga intervyusida mahalliy aholi vakili Brendi Shova.

Tornado zarbasi joylarga aniq borgan: uning atrofidagi yam-yashil dehqonchilik yerlari deyarli talafot ko‘rmagan, kuchli shamol daraxtlarni uchirib ketmagan. Ammo tornado yo‘lidan chiqqan uylar butkul yakson bo‘lgan.

Tornado yarim tunda yopirilgan - bu vaqtda odamlar uxlayotgandi va trevoga signallarini eshitishmagan. Ko‘pchilik uchun falokatning birinchi belgisi ovoz edi.

Fransisko Maknaytning so‘zlariga ko‘ra, u mo‘jiza tufayli omon qolgan. U BBC muxbiriga bergan intervyusida o‘zi uchun qandaydir g‘alati narsa ro‘y berayotganini bildirgan yagona signal shovqin bo‘lganini aytadi - u avval hech qachon shamolning bunday uvillashini eshitmagandi.

U ko‘chaga qaragan, keyin esa vannaxonaga yugurib, vanna ichiga tushib olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu harakati uni qutqarib qolgan.

Uning uyining omon qolgan qismi - vannaxonaning ikki devori bo‘lgan.

Maknaytning so‘zlariga ko‘ra, tornado 5-10 daqiqa davom etgan. Bu vaqtni u vannada o‘tirib o‘tkazgan.

Qutqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilikni xarobalar ostida olib chiqishga to‘g‘ri kelgan. Sharki okrugida navbatchilikda bo‘lgan bir necha politsiyachi bedarak ketgan.

«Biz barcha narsasidan ayrilgan odamlar uxlashi uchun boshpana, oziq-ovqat va tibbiy yordam berishga harakat qilmoqdamiz», degan Qizil Xoj jamiyatining Alabama va Missisipidagi vakili Jon Braun.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shahar ayni vaqtda harbiy harakatlar hududini eslatmoqda. «Shahar shunday ko‘rinishdaki, xuddi bu yerda bomba portlagan», degan u.

Missisipi shtati gubernatori Teyt Rivz Silver-Siti va Vaynonga tashrif buyurib, tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan aholi vakillari bilan uchrashdi. Rivz tvitterdagi sahifasida yuzaga kelgan vaziyatni fojia deb atagan.

AQSh prezidenti Jo Bayden jabrlangan hududlar aholisiga hamdardlik bildirdi. U Missisipidan yurakni ezuvchi kadrlar kelganini aytib, federal hukumat jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun barcha imkoniyatni ishga solishini ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: