Italiya janubidagi Palermo qirg‘oqlariga yopirilgan tornado natijasida Bayesian superyaxtasi halokatga uchradi. Hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘ldi va yana olti kishi bedarak yo‘qoldi, deb xabar beradi Sky News.
Qayd etilishicha, halokatga uchragan superyaxtadan 15 kishi qutqarib olingan — ular orasida kema komandiri hamda bir yoshli qiz va uning onasi ham bor.
Dastlab Portichello portidagi prichalga bog‘langan kema 18 avgust kuni dengizga suzib ketgan va sohil yaqiniga langarni tashlagan. Britaniya bayrog‘i ostida suzgan yaxtada Yangi Zelandiya, Shri-Lanka, Buyuk Britaniya, Fransiya va Irlandiya fuqarolari bo‘lgan. Yaxtaga egalik qilgan Camper & Nicholsons kompaniyasining aniqlik kiritishicha, kema bortida 12 nafar mehmon hamda 10 nafar ekipaj a’zosi bilan suzib ketgan.
Bayesian yaxtasi — Perini Navi kompaniyasi tomonidan qurilgan va 2008 yilda o‘z egasiga topshirilgan. Kemaning uzunligi 56 metrni tashkil etib, u oltita lyuks kayutaga 12 nafar mehmonni sig‘dira oladi. Shuningdek, 10 nafargacha ekipaj a’zosi xizmat ko‘rsatadi.
Bayesian uzunligi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadigan va alyuminiydan yasalgan eng katta machtaga ega. Kema 8 silindrli dvigatel yordamida harakatlanadi, tezligi esa 15 uzelga qadar yeta oladi.
Kuchli shamol oqibatida yaxta cho‘kib ketgan. Niderlandiyaning Sir Robert nomli yelkanli kemasi ekipaji tomonidan 15 kishi qutqarilgan. Halok bo‘lgan shaxsning jinsi va fuqaroligi hozircha oshkor etilmayapti. Tornado oqibatida Palermo sohilidagi hududlar, jumladan, mahalliy portdagi qayiqlarga ham shikast yetgan.
Italiya sohil xavfsizligi xizmati xodimlari bedarak yo‘qolganlarni qidirish bilan shug‘ullanmoqda. Operatsiyalarga jalb etilgan g‘avvoslar yaxta cho‘kkan joyda 57 metr chuqurlikka qadar sho‘ng‘igan. ANSA agentligining yozishicha, bedarak yo‘qolganlar kayutalarida bo‘lgan va u yerga qamalib qolgan bo‘lishi mumkin.