Zelenskiy qarshi hujum kechiktirilishini aytdi. Aslida gap nimada?

Jahon 10:01 / 26.03.2023 41010

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Yaponiyaning Yomiuri Shimbun nashriga bergan intervyusida Ukrainaning bahorgi qarshi hujumi qurollar va o‘q-dori yetishmovchiligi tufayli ortga surilayotganini ma’lum qildi. Ukraina yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, yurish bahorga mo‘ljallangandi, ammo hozirda Ukraina qurolli kuchlariga o‘q-dori va qiruvchi samolyotlari yetishmayapti.

Yaponiya nashri yozishicha, Germaniya va boshqa mamlakatlar tomonidan taqdim etilgan tanklar frontga aprel oyida yetib keladi. Zelenskiy ulardan Rossiya mudofaa liniyasini yorib o‘tishda foydalanish rejalashtirilgani haqida aytib o‘tdi: «Tanklar bizga Ukrainani deokkupatsiya qilish uchun darkor».

Ammo, Ukraina prezidenti qayd etishicha, armiyada o‘q-dorilar bilan bog‘liq vaziyat juda og‘irligicha qolmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar har kuni Ukraina qurolli kuchlariga qaraganda qariyb uch barobar ko‘proq o‘q-dori qo‘llamoqda. «Biz hamkorlarimizdan o‘q-dorilar kelishini kutmoqdamiz. Hozircha boshlay olmaymiz», dedi u va yana bir bor AQSh va Yevropadagi hamkorlarni o‘q-dorilarni yetkazib berishni tezlashtirishga chaqirdi.

U snaryadlar va raketalarsiz yurish boshlab bo‘lmasligini ta’kidlaydi: «Biz hali yurish boshlay olmaymiz. Tanklarsiz, artilleriyasiz va HIMARS tizimlarisiz jasur jangchilarimizni frontga yubora olmaymiz».

O‘tgan haftada Yevropaning 17 davlati va Norvegiya Ukraina uchun o‘q-dori ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha kelishib oldi, unga ko‘ra bir yil ichida Ukrainaga bir million snaryad yetkazib berish va’da qilingan.

Shanba kuni esa Polshadagi o‘q-dori ishlab chiqaruvchi Dezamet kompaniyasi Yevroittifoqning Ukrainani ta’minlash rejasi doirasida ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirgani haqida e’lon qildi.

Ammo bu rejalar ham yaqin kelajakda vaziyatni o‘zgartirishi dargumon – Ukrainaga G‘arb mamlakatlari armiyalarining hozirgi zaxiralarida turgan o‘q-dorilar kerak, chunki yangi snaryadlarni ishlab chiqarish ko‘p vaqt oladi.

«Armiyamiz rejalarini omma oldida muhokama qilishning hojati yo‘q»

Zelenskiyning bayonotidan keyin Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar OAV va fuqarolarni Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumga tayyorlanayotgani to‘g‘risida gapirmaslikka chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina armiyasining Xarkiv oblastidagi qarshi hujumi muvaffaqiyatli chiqishi omillaridan biri harbiy harakatlar hududiga yurish haqida kamdan kam ma’lumot beradigan harbiylardan boshqalarning kirishi to‘silgani uchun ham bo‘lgan.

Kuzda Ukraina o‘z o‘q-dorilarni ishlab chiqarishni boshlaydi. Foto: Getty Images

«Eslatib o‘tamanki, bu davlatda faqat uch kishi – Oliy bosh qo‘mondon (prezident), mudofaa vaziri va bosh qo‘mondon strategik harbiy rejalarni e’lon qilish huquqiga ega. Qolganlar – faqat iqtibos keltirishi mumkin. Efirlarda ekspertlarga qarshi hujum nima bo‘layotgani to‘g‘risida savollar berishning hojati yo‘q, bu mavzuda blog va postlar yozish kerak emas, armiyamiz harbiy rejalarini ochiq muhokama qilishning umuman hojati yo‘q», deya yozgan Malyar telegram kanalida.

«Bizda bitta strategik reja bor – barcha hududlarimizni ozod etish. Tafsilotlar esa – harbiy sir. Ularni faqat yuqorida nomlari keltirilgan uch shaxs - harbiy vazifa shunday bo‘lganida oshkor etishi mumkin. Ma’lumot ham qurol va biz ham u bilan urush olib boramiz», deya qo‘shimcha qilgan u.

BBC diplomatik muxbiri Jyeyms Lendeyl Ukraina armiyasining bahorgi qarshi hujumi haqida bir necha haftadan buyon gapirilayotganini qayd etadi. Bunday imkoniyat haqida Ukraina qurolli kuchlarining yuqori martabali zobitlari, jumladan quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy ham aytib o‘tgan.

Ayrim tahlilchilarning fikricha esa, ukrain harbiylari bo‘lajak yurish haqida ochiq muhokama qilishayotgani qisman dushmanning rejalarini puchga chiqarish niyati bilan bog‘liq. Agar RF armiyasi hujumni kutgan holda, o‘z resurslarini butun front bo‘ylab taqsimlab, asosiy kuchlarni ma’lum nuqtalarda, masalan, Baxmutda to‘plamasa, bu Ukraina qurolli kuchlari uchun foydali bo‘ladi.

Boshqa ekspertlarning hisoblashicha, Ukraina qo‘shini yaqin vaqtlar ichida chindan ham hujumga o‘tishi mumkin. Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) o‘tgan haftada Rossiyaning yurish sur’ati pasaya boshlagani, bu esa Ukrainaga «tashabbusni qo‘lga olish va frontning kritik sektorlarida qarshi hujum boshlash uchun yaxshi imkoniyat» berishini aytishgandi.

Ukraina qurolli kuchlari: rossiyaliklarning Baxmut atrofidagi yurishi to‘xtab qoldi

Rossiyada kuchlar tugayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida Kiyev haqida ham aytishgandi. Shanba kuni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy frontning eng qaynoq uchastkalaridan biri bo‘lib qolayotgan Baxmut yo‘nalishidagi murakkab vaziyat «ulkan sa’y-harakatlar» evaziga barqarorlashtirilgani haqida aytdi.

Foto: Getty Images

Buni britan razvedkasi ham tasdiqlagan. Rossiyaning Baxmutga yurishi amalda to‘xtab qolgan – va bu katta ehtimol bilan, birinchi navbatda, Rossiya kuchlari haddan ortiq holdan toyganini ko‘rsatadi, deb hisoblaydi Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi harbiy razvedkasidagilar. Sirskiy ham shu kunlarda shu haqida gapirgandi.

«Rossiya mudofaa vazirligi va Baxmut uchun janglarda faol ishtirok etayotgan «Vagner» XHK o‘rtasidagi keskinlik Moskva uchun vaziyatni og‘irlashtirdi», deya yozadi Britaniya razvedkasi. Britaniyadagilar hisoblashicha, Rossiya urg‘uni Avdiyivka yo‘nalishiga va Kreminna-Svatove liniyasiga qaratgan.

Bu yo‘nalishlarda, britan razvedkasi baholariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar front chizig‘ini barqarorlashtirishga harakat qilmoqda. Idoradagilarning fikricha, bularning bari yanvar oyida boshlangan yurish qilishga muvaffaqiyatsiz urinishlardan so‘ng Rossiya yana himoyalana boshlaganini ko‘rsatishi mumkin.

Bloomberg nashri yozishicha, endi rossiyaliklar Rossiya axborot makonida tobora ko‘proq gapirilayotgan Ukraina qarshi hujumini to‘xtatishga e’tibor qaratmoqchi.

Ko‘proq yangiliklar: