Million yillik Grand kanyonlar – dunyoning eng qadimiy mo‘jizasidan fotojamlanma

Jahon 16:33 / 26.03.2023 17752

Dunyodagi eng chuqur kanyonlardan biri hisoblangan – Buyuk Kanyon (Grand Canyon) AQShning Arizona shtati Kolorado platosida joylashgan. Sayyoradagi eng noodatiy geologik obekt – yer qobig‘ining taxminan 65 million yil oldingi harakatidan so‘ng Kolorado platosi ko‘tarilgan. Platoning ko‘tarilishi – Kolorado daryosining qiyalik burchagini o‘zgartirgan, natijada daryo tezligi va yo‘lidagi tog‘ jinslarini yemirish qobiliyati ortadi. Olimlar fikriga ko‘ra, ushbu hodisalar natijasida taxminan 5-6 million oldin yil Buyuk kanyonlar yuzaga kelgan.

Kanyonning uzunligi 446 km, kengligi esa 6 kilometrdan 29 kilometrgacha cho‘ziladi. Uning umumiy pastki sathi – bir kilometrdan kamroq, lekin eng chuqur joyi 1857 metrni tashkil qiladi.

Kanyon va uning atrofidagi hududlar AQSh hukumati himoyasiga olingan va 1919 yildan umumiy maydoni qariyb 5 ming km/kv bo‘lgan Grand Canyon milliy parki tashkil qilingan. Obekt dunyoning yettita tabiiy mo‘jizalari qatorida bo‘lib, 1979 yildan beri YuNESKOning jahon merosi ro‘yxatiga ham kiritilgan.

Kanyonning shimoliy tarafida ko‘rish nuqtalari juda kam, asosiy sayyohlar tashrif buyuradigan nuqtalar kanyonning janubiy qismida, Arizona shtatida joylashgan.

Kanyon joylashgan Milliy park hududiga kirish mashinalar uchun haftasiga 35 dollar, piyodalar uchun haftasiga 20 dollarni tashkil qiladi. Park hududida mehmonxonalar, ko‘rish nuqtalari bo‘ylab avtobuslar va sayyohlar uchun barcha sharoitlar mavjud.

Park va kanyon hududiga ko‘proq yoz va kuz oylarida borish tavsiya qilinadi. Chunki hududda ayni vaqtda ham qor bor va noqulay ob-havo tufayli ba’zi ko‘rishga arziydigan joylar sayyohlar uchun yopiq.

Milliy park va kanyon hududida asl yovvoyi tabiat iloji boricha o‘z holida saqlab qolishga harakat qilingan. Kanyonning bir tarafida qalin o‘rmonzorlarni yoki u yerda aylanib yurgan kiyik va olmaxonlarni ham uchratish mumkin.

Milliy park AQSh uchun iqtisodiy jihatdan ham juda foydali. Har yili bu yerga 4 milliondan ortiq mahalliy va xorijiy sayyohlar keladi. Bu raqamlar esa mamlakatda qo‘shimcha yuz millionlab dollar va o‘n minglab ishchi o‘rnini yaratadi. 

Farrux Absattarov, Muhammadjon G‘aniyev.
25 mart, Arizona shtati, AQSh.

Ko‘proq yangiliklar: