Toshkentdagi yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarning devori zilziladan so‘ng yorilib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz hodisa joyiga borib, mutasaddilardan holat yuzasidan izoh oldi.
Yashnobod tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Izzatilla Ziyovuddinovga ko‘ra bino ikki yildan buyon shu holatda turibdi va fasad qismining ko‘chib tushishi 23 mart kuni tunda sodir bo‘lgan zilzila bilan bog‘liq emas.
“Bu loyiha Parkent Plaza-3 loyihasi bo‘lib, internetda tarqalgan videoning zilzilaga mutlaqo aloqasi yo‘q. Binoning fasadi ikki yildan beri mana shu holatda turibdi. Bino fasadidagi dekoratsiya tushib ketgani sababli uning joyini penoplast bilan yopib qo‘yishgan. Xodimlarimiz bilan uylarning ichlarini ko‘rib chiqdik, ichkarida hech qanday yoriqlar yo‘q.
Bu uylarni qurgan FDG kompaniyasi qurilish materiallarini olgan firma bilan sudlashib, sentabr oyida sudda yutib chiqishgan. Endi ular fasad o‘pirilib tushgan joylarni qaytadan to‘g‘rilab chiqishadi”, deydi Izzatilla Ziyovuddinov.
Rasmiylarning so‘zlariga ishonch hosil qilish maqsadida bir qator xonadonlarga kirib, u yerda yoriqlar bor-yo‘qligi, fasad qismining ko‘chib tushishi ichkariga ta’sir ko‘rsatgan yoki ko‘rsatmagani bilan qiziqdik.
Kuzatuvlarimiz davomida uylarning ichida hech qanday yoriqlar yoki darz ketish alomatlariga ko‘zimiz tushmadi. Qolaversa, shu yerda yashovchilar ham fasad ancha oldin o‘pirilib tushganini tasdiqlashdi.
“Xonadonimiz bus-butun. Devorlarda yoriq, darz ketishlar paydo bo‘lgani yo‘q. Ikki kun davomida ikkita kuchli zilzila bo‘ldi, ammo uyimizning tashqi fasadidagi o‘zgarishlar yer qimirlashi bilan bog‘liq emas. Ular anchadan beri shu holatda turibdi”, deydi Viktoriya Jozef.
Turar joy majmuasini qurgan FDG kompaniyasining marketing bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Qodirova binoning fasad qismida ishlatilgan qurilish materiallari sifatsiz bo‘lgani sababli ular ko‘chib tushgani, shu bois kompaniya yetkazilgan zararni qoplash maqsadida ushbu mahsulotlarni yetkazib bergan pudratchi bilan sudlashgani, sud ularning foydasiga qaror chiqarganini ma’lum qildi.
“Bu turar joy majmuasi 2017 yilda qurila boshlangandi. 2018-2019 yillarda Parkent Plaza-2 va 3 majmualaridagi barcha xonadonlar sotib bo‘lingandi. Ikki-uch yildan beri bu yerda odamlar yashab kelyapti.
Fasad ikki yildan beri shu holatda turibdi. Bu holat zilziladan keyin sodir bo‘lgani yo‘q. Binoni tashqi tarafdan dekoratsiya shaklida bezashimiz uchun bizga yetkazib berilgan g‘isht sifatsiz bo‘lib chiqdi. Pudratchi bilan sudlashib, sudda yutib chiqdik. Sentabr oyida sud qarori chiqdi. Fasadni ta’mirlash uchun yomg‘irsiz, issiq kunlar kelishini kutayotgan edik.
Uylarning ichida zilziladan keyin hech qanday yorilishlar kuzatilgani yo‘q. Bu yerda yashovchilar bino fasadi bilan bog‘liq muammo haqida bilishadi. Bugun ertalab internetda video tarqalgandan keyin bu narsa kecha yoki bugun chiqmagani, muammo anchadan beri borligi haqida telegramdagi guruhlarida ham yozishdi”, deydi Go‘zal Qodirova.
Kompaniya vakili muammo dekorativ xarakterga ega ekani, ro‘y bergan holat binoning mustahkamligiga hech qanday ta’sir o‘tkazmasligini ta’kidladi.
Holat bo‘yicha bayonot bergan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, turar joy majmuasiga STONE BRICK MChJ tomonidan sifatsiz g‘isht yetkazib berilishi natijasida mazkur holat yuzaga kelgan. Binoning fasadini ta’mirlash ishlari aprel oyida to‘liq yakunlanishi bildirilgan.
Vazirlik xabarida 1298 ishonch raqamiga so‘nggi kunlarda zilzila oqibatida vayron bo‘lgan yoki zarar yetkazilgan binolar haqida murojaat kelib tushmagani ta’kidlanadi.