Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga tayanib, ro‘zadorlar uchun sog‘lom ovqatlanish yuzasidan ishlab chiqilgan tavsiyalarni taqdim qildi.
Qayd qilinishicha, tavsiyalarga amal qilib, ortiqcha vazndan xalos bo‘lish, qon bosimi va organizmdagi xolesterin miqdorini pasaytirishga erishish mumkin.
Xususan, ro‘zadorlarga kunduzi havo harorati yuqori bo‘lgan paytda salqin va soya joylarda qolish hamda quyoshda uzoq yurmaslik tavsiya etiladi.
Iftorlik va saharlik oralig‘ida ko‘p miqdorda suv ichish maqsadga muvofiq, chunki kunduzi havo harorati yuqori bo‘lishi ko‘p ter ajralishiga sabab bo‘ladi. Shu bois kun davomida yo‘qotilgan suyuqlik o‘rnini qoplash ehtiyoji yuzaga keladi. Buning uchun esa kamida 10 stakan suv ichish tavsiya etiladi.
Sersuv mahsulotlar tanovul qilish orqali ham bu me’yorni qisman qoplash mumkin. Masalan, saharlik paytida yoki iftorlikdan keyin desert sifatida ho‘l mevalarni yeyish foydali. «Achiq-chuchuk» salati tarkibidagi bodring va pomidor ham sersuv ne’matlar hisoblanadi.
Sho‘rva yoki sabzavotli salatlar singari suvga boy taomlarni ham iste’mol qilish mumkin.
Tarkibida kofein mavjud bo‘lgan kofe, choy, kola kabi ichimliklardan voz kechib turgan ma’qul. Chunki bu modda inson organizmida suv miqdori kamayishiga (degidratsiya) olib keladi. Shuningdek, gazlangan shakarli ichimliklar kaloriyaga boy bo‘lishini esdan chiqarmaslik zarur.
Kun davomida juda ko‘p harakat qilish organizmning ko‘p miqdorda suv yo‘qotishiga olib keladi. Qisqa muddatli sayr yoki chigalyozdi mashqlar bilan tanani tonusda ushlab turishi mumkin. Ammo kun bo‘yi harakatsiz o‘tirish ham tavsiya qilinmaydi.